O‘zbekistonda jarima ballari 12 tadan oshgan haydovchilar soni 8-may holatiga ko‘ra 49 nafarga yetdi.
YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevning “Daryo” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, ularning yarmidan ko‘pi poytaxtda qayd etilgan:
Toshkent shahri — 29;
Farg‘ona viloyati — 8;
Buxoro viloyati — 3;
Andijon viloyati — 2;
Toshkent viloyati — 2;
Namangan viloyati — 1;
Surxondaryo viloyati —1;
Samarqand viloyati — 1;
Xorazm viloyati —1;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1.
Ushbu haydovchilar olgan jarima ballari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sud organlariga yuborilgan. Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida hozircha jarima balli 12 ballga yetgan haydovchilar yo‘q.
“Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilganlar yana bu huquqni qaytarib olish uchun avvalgiday faqat imtihon topshirmaydi, nazariy va amaliy bilimlar bo‘yicha avtomaktablarda o‘qishi ham talab etiladi. Bunda nazariy imtihonda avvalgidek 20 savoldan 18 tasiga emas, 50 ta savoldan 46 tasiga to‘g‘ri javob berishi lozim bo‘ladi”, dedi Zoyir Yo‘ldoshev.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga ko‘ra, bir yil ichida jarima ballari 12 ballga yetgan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
“Bilasiz, jarima balli olingandan so‘ng uni boshqa haydovchiga qaratish, ko‘chirish yoki boshqa uslublarda o‘chirishning umuman imkoni mavjud emas. Yagona tartib va qoida esa yo‘l harakat qoidalariga rioya qilishdir”, dedi YHXX vakili.
2025-yil 1-iyundan YPX xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12 ta moddasi asosida yozilgan bayonnomalar asosida, 2026-yilning 1-aprelidan esa qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi qurilmalar tomonidan aniqlangan to‘rt turdagi qoidabuzarliklar, ya’ni svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagida harakatlanish va tezlik qoidalariga amal qilmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi belgilangan.