Tadbirda bank tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida erishgan natijalar hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bank tizimiga oid islohotlar iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan bir qatorda aholi uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz moliyaviy xizmatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bugun banklar fuqarolarning kundalik hayotida muhim o‘rin egallagan, raqamli texnologiyalar orqali tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatuvchi institutga aylanyapti.

Tadbirda dastlab “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB)ning asosiy ko‘rsatkichlari sarhisob qilindi. Ta’kidlanganidek, bank aktivlari 108,5 trln so‘mga, kapitali esa 13 trln so‘mga yetdi. Sof foyda 1,1 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,7 foizga oshdi. Jami daromadlar hajmi esa 16 trln so‘mga yetdi.

Chakana bank xizmatlari yo‘nalishida ham salmoqli natijalar qayd etilib, kredit portfeli 10,3 trln so‘mdan oshdi.

– Bank kredit portfelida aholining ijtimoiy ehtiyojlariga xizmat qiluvchi mahsulotlar muhim o‘rin tutadi, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Biznes bosh direktori Temur Norov. – Ipoteka kreditlari chakana kreditlar portfelining qariyb 70 foizini, ta’lim kreditlari bo‘yicha bozor ulushimiz esa 8 foizni tashkil etdi. Eng yuqori o‘sish avtokreditlar segmentida kuzatildi: portfel yil boshidan 51 foizga o‘sdi, «UzAuto Motors» bilan hamkorlikda joriy etilgan yangi mahsulot hisobidan ajratilgan mablag‘lar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 barobarga oshdi. Yarim yilda qariyb 40 ming nafar fuqaroga 2,5 trln so‘mlik kredit ajratildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,3 foizga ko‘proqdir. Uy-joy xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birlamchi va ikkilamchi bozordan tayyor uy-joy, yangi qurilgan xonadon hamda qurilish bosqichidagi ko‘p kvartirali uylardan ulush asosida xonadon sotib olish uchun alohida ipoteka mahsulotlari joriy etildi. Mazkur kreditlar mahsulot turi va hududga qarab 1,5 mlrd so‘mgacha, 20 yilgacha muddatga taqdim etiladi.

Raqamli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilgani ta’kidlandi. Xususan, bugungi kunda «SQB Mobile» ilovasidan 3,2 milliondan ortiq mijoz foydalanmoqda. Yarim yilda ilova orqali 19,8 million operatsiya amalga oshirilib, to‘lovlar hajmi 12 trln so‘mdan oshdi. Davlat xizmatlari uchun to‘lovlar hajmi qariyb 7 baravar, kommunal to‘lovlar ikki barobar, onlayn mikroqarzlar hajmi esa 70 foizga oshdi. Bu raqamli xizmatlar aholi kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.

T. Norov so‘zida davom etar ekan, sun’iy intellekt yo‘nalishiga oid ishlarni ham keltirib o‘tdi:

– Sun’iy intellektni bank transformatsiyasining strategik yo‘nalishi deb bilamiz. Bu borada yagona AI platformasi shakllantirilmoqda, mijozlarga giperpersonalizatsiyalangan xizmatlar taklif etilmoqda. Yangi mahsulotlarni ishlab chiqish jarayonlari tezlashtirilib, Future Banker» dasturi orqali xodimlarning AI ko‘nikmalari rivojlantirilayotir. Barcha AI yechimlari axborot xavfsizligi, ma’lumotlar maxfiyligi va raqamli suverenitet talablari asosida tatbiq etilyapti.

Matbuot anjumanida, shuningdek, raqamli xizmatlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, jumladan, «SQB Mobile» ilovasida firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan yangi himoya mexanizmlari hamda “Premium Banking” yo‘nalishida joriy etilgan yangi xizmatlar namoyish etildi. Aloqa markazi faoliyati doirasida esa mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va masofaviy sotuv kanallarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Umuman olganda, ishtirokchilar ushbu tadbirdan «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning mamlakatimiz bank tizimida o‘z o‘rniyu ahamiyati borligiga yana bir bor amin bo‘lib qaytdi, deyishimiz mumkin.

Jasur LAPASOV,

“Yuz.uz” muxbiri