Davlatimiz rahbari bir yil avval Kumushkonda Boʻstonliq va Zomindagi turistik zonalardan qolishmaydigan yirik majmua barpo etish vazifasi qoʻyilganini esladi. “Avvalo, oʻzimiznikilarga imkoniyat beraylik, ular nimalarga qodirligini koʻrsatsin” degan yondashuv asosida mahalliy loyihachilar va quruvchilar 47 gektar maydonda “Oltin bel” majmuasini bunyod etdi.

Majmuada toʻrtta mehmonxona, ikkita restoran, 51 ta shale, akvapark, amfiteatr va koʻngilochar inshootlar tashkil qilingan. Bir vaqtning oʻzida 6 ming nafarga xizmat koʻrsatish va 600 ta ish oʻrni yaratish imkoniyati mavjud.

Xalqaro turizm akademiyasi tomonidan bu yerda tashkil etilgan kurslarda 300 nafar mutaxassis tayyorlandi. Qurilish va jihozlashda mahsulotlarning 95 foizi mahalliy korxonalardan olingani loyiha tannarxini 20 foizga arzonlashtirdi.

Ushbu tajriba asosida Nanay, Xonobod, Chimyonsoy, Muzbuloq, Urgut, Ellikqalʼa va boshqa hududlarda ham turizm maskanlari barpo etish boʻyicha takliflar bildirildi.

Prezidentimiz qurilish industriyasi va turizm bir-birini toʻldiradigan, oʻzaro yangi imkoniyatlar ochadigan sohalarga aylanishi zarurligini taʼkidladi.