Davlatimiz rahbari Rustam Qosimjonovga alohida murojaat qildi. Uning jahon chempionligi o‘zbek shaxmatida yangi davrni boshlab bergani, bugun esa orttirgan tajribasi yangi avlodga o‘tayotgani qayd etildi.
– Ustozning eng katta g‘alabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir! – dedi Prezidentimiz hamda bugun o‘zbek shaxmatida ana shunday avlodlar davomiyligi yaqqol ko‘rinayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan "Eng yaxshi federatsiya" deb e’tirof etildi. Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylandi.
Davlatimiz rahbari bu e’tiroflarni O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida jahondagi nufuzi yuksalayotganining yana bir dalili sifatida baholadi.