Dunyoning qaysi burchagiga bormang, qaysi sivilizatsiyaning tarixini varaqlamang, barchasida bir haqiqat mushtarak: jamiyat va davlatning kuch-qudrati oiladan boshlanadi. Shu moʻjazgina makonda ulkan bunyodkorlik gʻoyalari tugʻiladi, kelajak egalari kamol topadi. Demakki, mamlakatning ertangi kuni shu kichik qoʻrgʻon sohibu sohibalariga chambarchas bogʻliq.

Oila — avlodlar orasida mustahkam koʻprik, qadriyatlar asraluvchi oltin qoʻrgʻon, muhim ijtimoiy institut. Shu bois, hech qaysi davlat bu asriy tuzilmaga beeʼtibor qaray olmaydi. Yangi Oʻzbekistonda esa bu masalada aniq va ­izchil siyosat yuritilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida ­xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, pirovardida oilalar farovonligiga koʻmaklashish yangi Oʻzbekiston islohotlarining ustuvor yoʻnalishiga aylangani taʼkidlanib, oila institutini tadqiq etish boʻyicha ilmiy muassasalar tarmogʻini shakllantirish, shuningdek, eng ilgʻor tajribalarni oʻzaro almashish kutilgan samarani berajagiga ishonch bildirdi.

Har yili may oyi butun jonajon vatanimiz uchun yana bir yangi maʼno kasb etadi:
15-may — xalqaro oila kuni. Aynan shu sana munosabati bilan mamlakatimizda “Oilamiz — kelajagimiz” oyligi eʼlon qilingan. Oylikning maqsadi chuqur, mohiyati keng: farovon va barqaror oilalarning tajribasini ommalashtirish, yoshlarning oilaviy hayotga masʼuliyatini oshirish hamda oila institutini yanada yuksaltirish.

Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining tegishli majlisi bayoni bilan belgilangan ushbu oylik oila institutiga strategik yondashuv oʻlaroq, Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi, amaldagi qonunchilik va ­ijtimoiy siyosatni ham oʻzida mujassam etadi.

Oʻzgarish va islohotlar, olinayotgan baland marralar bugun 10 milliondan ortiq oilaning barida oʻz aksini koʻrsatmoqda. Yil sayin oilaviy korxonalar soni ortayotgani, tadbirkor, omilkor oilalar safi kengayayotgani, dunyoning manaman degan yetakchi dorilfununlarida oʻqib, ilm urfonida choʻqqilarni zabt etayotgan maʼrifati yuksak farzandlarimiz ziyoli oilalarda voyaga yetayotgani fikrimizni yana bir karra dalillaydi.

“Oilamiz — kelajagimiz” oyligi doirasida ibratli oilalarni izlab topish, ragʻbatlantirish hamda boy hayotiy tajribasini ommalashtirish maqsad qilingan. Uzoq yillar davomida ahil-inoq yashab, farzandlarini vatanparvar va maʼrifatli insonlar etib tarbiyalagan oilalar — davlatning eng katta boyligi. Ularning hayot yoʻli yosh avlodga yoʻlchiroq vazifasini oʻtaydi.

Shu bois, “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasi” koʻrik-tanlovi hududlarda katta ishtiyoq va shukuh bilan oʻtkazilmoqda. Tanlov kitobxonlik, hunarmandlik, tadbirkorlik, sogʻlom turmush tarzi, tomorqadan unumli foydalanish, eng muhimi, farzand tarbiyasiga masʼuliyat kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi. Bu yoʻnalishlarning har birida yurtimiz rivoji uchun dolzarb hisoblagan ­ijtimoiy masalalar oʻrin olgan. Tanlov doirasida oila­larning hayotiy tajribasi, farzand tarbiyasiga yondashuvi, oiladagi maʼnaviy muhit, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat anʼanalariga ­eʼtibor qaratiladi.

Harbiy xizmatchilar oilalarida sogʻlom maʼnaviy muhit, vatanparvarlik, sadoqat va oilaviy birdamlikni keng targʻib qilish maqsadida “Yangi Oʻzbekistonning ibratli harbiy oilalari” koʻrik-tanlovini tashkil etish belgilangan. Ushbu tashabbus vatan himoyachilari oilalaridagi fidoyilik, sabr-­matonat va ibratli tarbiya muhitini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oylik doirasida sadoqat, oʻzaro hurmat, farzand tarbiyasida masʼuliyat, mahalla va jamoat ishlarida faollik, milliy qadriyatlarga sodiqlik kabi fazilatlari bilan ­namuna boʻlayotgan oilalarni “Ibratli oila” koʻk­rak nishoni bilan taqdirlash marosimini yuqori saviyada tashkil etish nazarda tutilgan.

Oʻtgan yili koʻkrak nishoniga munosib koʻrilgan ikki mingta fayzli xonadonning darvozasini ushbu nishon bezab turibdi. Ibratli oilalar koʻchasidan oʻtib-qaytgan kishi borki, nishonga havas bilan qaraydi, oʻzining oilasi ham bu sharafga loyiq boʻlishi uchun yangi qadamlar tashlaydi. Joriy yilda ham ikki mingta oila mazkur yuksak nishon bilan taqdirlanadi.

Bugun oilani asrab-avaylovchi, barcha kattayu kichikni oʻz atrofida birlashtiruvchi ayollar mehnati ham munosib baholanmoqda. Joriy yilda taʼlim, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik va ijtimoiy sohalarda fidoyilik bilan xizmat qilgan 351 xotin-qizga “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni topshirildi. Markaziy shaharlardan tortib, chekka qishloq va ovullargacha — oila va jamiyat barqarorligiga munosib hissa qoʻshayotgan bu fidoyi ayollar safida mahallaning vijdoni, oilalarning totuvlik timsoli boʻlgan opa-singillarimiz bor. Prezidentimizning “Maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib boʻlmaydi!” degan gʻoyasi aynan shu nishonning mohiyatida mujassam. Mukofotlangan har bir ayol siymosida oilaning, mahallaning, yurtning iftixorini koʻrgandek boʻlamiz.

Endigina tetapoya boʻlib kelayotgan, oldiga ulkan marralarni qoʻyib kechagina yangi hayot boshlagan yosh oilalar chetda qolgan emas. Bunday oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularda sogʻlom oilaviy muhit, masʼuliyatli ota-onalik, oʻzaro ishonch va mehr-oqibat tamoyillarini mustahkamlash maqsadida “Eng namunali yosh oila” tanlovi oʻtkaziladi. Bu tanlov esa munosiblarni jamiyatda faol, maʼnaviyatli, vatanparvar va farzand tarbiyasiga ­masʼuliyat bilan yondashuvchi oila sifatida namoyon etishga xizmat qiladi.

Har qanday islohotlarning kishilar hayot tarziga taʼsiri, yutuqlari, kamchiliklari va istiqbolini baholaydigan oʻz barometrlari boʻladi. Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-­amaliy konferensiya oʻtkaziladi. Anjumanda oila ins­titutini mustahkamlash, zamonaviy oila modelini shakllantirish, milliy qadriyatlar va ­ilmiy yondashuvlar ­uygʻunligini ­taʼminlash, ­shuningdek, oilaviy ­munosabatlarda barqarorlik va farovonlikni oshirish masalalari muhokama qilinadi.

Bugun zamonaviy jamiyatlarda oilaviy ajrashishlar, yoshlar orasida nikohga loqaydlik, farzand tarbiyasidagi boʻshliqlar kabi masalalar har qachongidan ham dolzarb. Chunki ular mintaqaviy emas, global muammolarga aylanib ulgurdi. Ularni bartaraf etishda milliy va jahon tajribasi uygʻunlashuvi shart.

Anjuman aynan shunday platforma vazifasini oʻtaydi: olim va amaliyotchilar, siyosatchi va tarbiyachilar, mahalla xotin-qizlar faollari va nuroniylar bir davra boʻlib, mavjud holatni tahlil qiladi, eng muqobil takliflarni ilgari suradi.

“Saodatli oilalar sayli” kabi sayillarda bir necha avlod vakillari birga istiqomat qilayotgan xonadonlar, koʻp yillik oilaviy hayot tajribasiga ega nuroniylar, ibratli kelin-kuyovlar, yosh oilalar hamda mahalla faol­lari ishtirokida samimiy muloqotlar tashkil etiladi. Ularda oilaviy totuvlik, sabr-­qanoat, oʻzaro tushunish, farzand tarbiya­si, kelin-qaynona munosabatlari, oilada maʼnaviy muhitni sogʻlom saqlash kabi mavzular hayotiy misollar asosida yoritiladi.

Tadbirlar doirasida “Oila — muqaddas qoʻrgʻon”, “Oilaviy anʼanalar — maʼnaviy meros”, “Ota va ona — oila tayanchi”, “Farzand tarbiyasi — kelajak poydevori”, ­“Oilada sogʻlom muhit va oʻzaro hurmat” kabi mavzularda uchrashuvlar, davra suhbatlari va maʼnaviy-maʼrifiy muloqotlar oʻtkazilishi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, taʼlim muassasalarida yoshlar bilan oilaga tayyorgarlik, masʼuliyatli nikoh, oilada oʻzaro ishonch va hurmat, ota-onalik burchi, milliy qadriyatlar va zamonaviy hayot uygʻunligi haqida ochiq muloqotlar tashkil etilishi maqsadga muvofiq.

Mahallalarda esa “Ahil oila kunlari” doi­rasida oilaviy ajrashish bilan bogʻliq muam­molarni barvaqt aniqlash, nizoli oilalar bilan individual ishlash, huquqiy, psixologik, tibbiy va pedagogik maslahatlar berish, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tadbirlar oʻtkaziladi. Bu — profilaktik yondashuv. Oiladagi munosabatlar darz ketishidan oldin erta aniqlash va muqobil yechimlarni topish oqil va odil yoʻldir.

Xotin-qizlar va onalarning maʼnaviy-maʼrifiy faolligini oshirish maqsad qilingan “Kitobxon onalar kuni” loyihasi doirasida kitobxonlik tadbirlari, oilaviy mutolaa kechalari, onalar va qizlar ishtirokida adabiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Ota-ona va farzandlarni bir kitob atrofida jamlaydigan bunday tadbirlar oilada maʼnaviy muhitni boyitishga xizmat qiladi. Zero, kitobxon oilada maʼrifatli farzandlar ­voyaga yetadi. Maʼrifatli avlod esa millatning istiqboli, ertasidir.

Oilaviy munosabatlarni sogʻlomlashtirishga qaratilgan “Oila kvesti”, “Sevgan ovqatni birgalikda tayyorlash”, “Oila davrasida koʻramiz”, “Borligingiz uchun rahmat!” kabi maʼrifiy tadbirlar ham alohida ahamiyatga ega. Ushbu tashabbuslar oila aʼzolari oʻrtasida mehr-muhabbatni kuchaytirish, bir-birini qadrlash, ota-onaga hurmat va farzandlarga eʼtiborni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat asosi. Qayd etish kerak, ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Ayollar sport olimpiadasi”, bir-biridan qiziqarli sport tadbirlari, oilaviy yurishlar, marafonlar, stol tennisi, shaxmat, shashka va yengil atletika boʻyicha musobaqalar oʻz atrofida yuzlab, minglab xotin-qizlarni birlashtira oldi. Momolarimiz topib aytgan: sogʻlom onadan sogʻlom farzand dunyoga keladi. Demakki, har qanday taraqqiyot avvalida tan sihatligi ustuvor. Shu bois, ushbu musobaqalar onalar, oilalar oʻrtasida ham sportni ommalashtirish, muntazamlikni taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Bu ezgu tashabbuslar poydevorini mus­tahkamlash va oila institutini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining uzoq muddatli yoʻnalishlarini belgilash maqsadida “2026-2036-yillarda Oʻzbekistonda oila farovonligi” konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyihani oilani jamiyatning birlamchi boʻgʻini, qadriyatlar, ijtimoiy normalar va inson kapitalini shakllantiruvchi bosh institut sifatida eʼtirof etuvchi, davlatimizning istiqboldagi oʻn yilga moʻljallangan strategik xaritasi, deyish mumkin.

Konsepsiyaning mohiyati teran va keng qamrovli. Unga koʻra, 2036-yilga borib, jamiyatimizda nikohga kirishish boʻyicha madaniyat qaror topishi, ajrimlar koeffitsiyenti barqaror pasayib, oilaviy birdamlik yanada mustahkamlanishi koʻzda tutilmoqda. Oiladagi zoʻravonlikning har qanday koʻrinishining tizimli oldi olinib, jabrlanuvchilar uchun manzilli, tezkor va oʻz vaqtidagi himoya mexanizmi toʻliq ishga tushiriladi. Oila tarkibidan qatʼi nazar — toʻliqmi yoki notoʻliq — bolalar xavfsiz va rivojlantiruvchi muhitda voyaga yetadi.

Oilalar barqaror daromad manbalariga ega boʻlib, ehtiyojmand xonadonlarga koʻrsatilayotgan yordam ularni iqtisodiy jihatdan mustaqil subyektga aylantirishga yoʻnaltiriladi. Har bir oila aʼzosiga tibbiy va psixologik yordam olish imkoniyati yaratiladi, ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolganlar esa oʻz mahallasida yoxud eng yaqin xizmat nuqtasida kompleks koʻmak oladi.

Yana bir muhim jihat shundaki, konsepsiyada bolalar farovonligi, xavfsizligi, jismoniy va intellektual kamoloti ustuvor. Zamonning yangi global masalalari — mehnat migratsiyasi, raqamli makondagi xatarlar, raqamli zoʻravonlik, tanishuv platformalarining tartibsizligi kabi dolzarb masalalarga ham aniq yechimlar taklif etilmoqda.

Jumladan, transchegaraviy huquqiy va psixologik koʻmak koʻrsatuvchi koʻp tarmoqli “ishonch telefoni” hamda onlayn konsultatsiya tizimi, masofaviy mediatsiya xizmatlari, shuningdek, “Oilaga doʻstona ish beruvchi” standarti asosida shaxsiy hayot va mehnat muvozanatini himoya qilish mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Ayni vaqtda konsepsiya oilani iqtisodiy yoki ijtimoiy birlik emas, avvalo, xalqimizning maʼnaviy-axloqiy, madaniy va tarixiy qadriyatlarini asrab-avaylovchi muqaddas dargoh sifatida eʼtirof etadi. Zotan, farovon oila moddiy barqaror boʻlishi bilan birga vatanga muhabbat, avlodlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, ona tiliga sadoqat, milliy oʻzlikni anglash kabi fazilatlarni farzandlariga tabiiy singdira oladigan maskandir. Aynan oila qadriyatlar avloddan avlodga uzluksiz oʻtkaziladigan, oʻrni boshqa biror institut bilan toʻldirib boʻlmaydigan yagona makondir.

“Farovon oila” modeli muammolardan mutlaqo xoli ideal tuzilmani emas, balki yuzaga kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik qiyinchiliklarni mustaqil yengib oʻta oladigan, yetarli ichki resurslar va tizimli qoʻllab-quvvatlovga tayangan oilani koʻzda tutadi. Davlat bu oʻrinda oila oʻrnini bosmaydi, uning ichki masʼuliyatini zimmasiga olmaydi, balki oila oʻz qadriyatlarini mustahkamlab, keyingi avlodlarga munosib meros qoldirishi uchun zarur shart-sharoitni yaratib beradi. Muhimi, ushbu konsepsiya BMTning tegishli konvensiyalari, Barqaror rivojlanish maqsadlari va xalqaro mehnat standartlari bilan uygʻun tarzda amalga oshiriladi. Bu esa yurtimiz oila siyosatining ham milliy, qolaversa, global talablar darajasida ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.

Bugun yurtimizdagi har bir ijtimoiy-siyo­siy islohot markazida inson va uning qadri turibdi. Inson oilada ulgʻayadi, oilada kamol topadi. Oila qancha mustahkam boʻlsa, jamiyat shuncha barqaror boʻladi. Oilamiz bizning ertamiz, kelajagimiz. Kelajak bugundan bosh­lanar ekan, demak, bugun oilalar baxtli, saodatli yashashi kerak. Oʻz oilamizni asrash va mustahkamlash esa har birimiz uchun ham masʼuliyatli, ham sharafli burchdir.

Zulayho MAHKAMOVA,

Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi