Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 11 avgust kuni qonunchilikda qo‘llanadigan ayrim xorijiy atamalarni o‘zbekcha muqobillari bilan almashtirishni nazarda tutuvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qildi. Hujjat Senatga yuboriladi.

Qonun bilan «avans» so‘zini «bо‘nak», «markirovka»ni «tamğalash», «marshrut»ni «yo‘nalish», «svetofor»ni «yo‘lchiroq», «kovorking»ni «ish markazi», «parol»ni «o‘ron», «progressiv»ni esa «ilg‘or» so‘ziga almashtirish belgilamoqda.

Deputat Barno Berdievaning ta’kidlashicha, qonun loyihasi matniga qator o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, amaldagi qonun hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, Soliq kodeksi, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida», «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida», «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi qonunlarda qo‘llangan «markirovka» atamasi «tamğalash» so‘ziga almashtirilgan.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 776-moddasidagi «parol» atamasi «o‘ron» so‘zi bilan almashtirilmoqda.

Qonun loyihasida huquqiy normalar mazmunini aniqroq ifodalash maqsadida tahririy o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan. Masalan, Soliq kodeksining 483-moddasi 69-qismidagi «markirovkani» so‘zi «tamğalash belgilarini» jumlasiga o‘zgartirilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi «marshrut» atamasi ham «yo‘nalish» so‘ziga almashtiriladi. Shu munosabat bilan «yo‘nalish taksilarining» emas, «yo‘nalishli taksilar» iborasi qo‘llanadi. Bunda amaldagi qonunchilikda «yo‘nalishli transport vositasi» va «yo‘nalishli taksilar» atamalari ishlatilishi asos qilib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur o‘zgarishlar qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarni birxillashtirish, ularni qo‘llashdagi noaniqliklarni bartaraf etishga qaratilgan.