Qoraqalpogʻistondagi 2 ming tadbirkor uch yilda 2 trillion 145 milliard soʻm kreditni vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylangan. “Mijozni oʻstirish” modeli asosida yana kamida 30-40 ming odamni ishli va daromadli qilish imkoniyati bor.
Hududga masʼul bank ishonchli mijozlar uchun 16 foiz stavkada 300 milliard soʻmlik kredit liniyasini ochmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4 foizlik qismini qoplab berishi hisobiga tadbirkor uchun stavka 12 foizga tushadi.
Qolgan 8 ta bankka ham bir oyda shunday qulay mahsulotlarni ishlab chiqish topshirildi.
Qoraqalpogʻistonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi.
Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi “drayver” loyihalarga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish vazifasi qoʻyildi.
Ikki yilda biznes infratuzilmasiga 370 milliard soʻm ajratilgani hisobiga 2 ming 200 ta savdo-servis obyekti ishga tushib, 10 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida 60 oʻrinli bogʻcha, futbol va vorkaut maydonchalari tashkil etilgani mahallaga yangicha kayfiyat olib kirgani taʼkidlandi.
Tuman hokimlariga shu yil iqtisodiy oʻsish va bandlikka turtki beradigan yana ikkitadan loyiha qilib, 10 ming odamni daromadli qilish topshirildi. Buning uchun 100 milliard soʻm ajratilib, bir haftada moliyalashtirish ochiladi.