Bu haqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Joʻqorgʻi Kengesning Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligidagi Qoraqalpogʻiston delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida amaliy safarda boʻlib turibdi.

Safar doirasida delegatsiyamiz jamoat transportlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi yirik Sichuan Zhongzhi Shenghe Performance Co., Ltd. kompaniyasiga tashrif buyurdi.

Kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazilib, unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun Xitoydan 54 ta elektrobus va ular uchun zaryadlash uskunalarini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, ekologik toza transport vositalarini joriy etish hamda transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha fikr almashildi.

Tomonlar oʻrtasida umumiy qiymati 10 mln AQSh dollarlik loyihani amalga oshirish, jumladan, 54 ta elektrobus va zaryadlash uskunalarini 2026 yil 1 avgustga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishildi.