Yurtimizda aholini qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. Xususan, Reimbursatsiya dasturiga kirgan arterial gipertoniya, yurak ishemik, qandli diabetning 2-turi, qandsiz diabet, bronxial astma va me’da-ichak tizimi xastaliklari kabi 12 turdagi kasalliklar bo‘yicha 28 xil dori vositalari tekin berilayotganidan xabaringiz bor.
Ammo Reimbursatsiya dasturidan foydalanishni barcha yurtdoshlarimiz birdek yaxshi biladi, deb bo‘lmaydi. Shu bois uni qadam-baqadam tushuntirib o‘tmoqchimiz.
1⃣-QADAM: O‘zingiz biriktirilgan oilaviy shifokorga murojaat qilasiz.
2⃣-QADAM: U klinik protokollar asosida sizni tekshiruvlardan o‘tkazadi.
3⃣-QADAM: Kasallik tasdiqlansa, oilaviy shifokor siz uchun elektron retsept shakllantiradi.
4⃣-QADAM: Elektron retsept Doimiy faoliyatdagi hay’at raisi tomonidan tekshiriladi va tasdiqlanadi.
5⃣-QADAM: Elektron retseptda ko‘rsatilgan dori vositalarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixonadan olasiz. Mablag‘lar ushbu jamg‘arma tomonidan dorixonaga o‘tkazib beriladi.
Unutmang: 7 kun davomida dorixonaga bormasangiz, elektron retseptni qayta olishingizga to‘g‘ri keladi.
6⃣-QADAM: Elektron retsept asosida olgan dori vositalarini bir oy — 30 kun davomida qabul qilasiz.
7⃣-QADAM: Muayyan vaqtdan keyin tuzalganingiz tasdiqlansa, oilaviy shifokor sizni dispanser ro‘yxatidan chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, agar yotib qolgan bo‘lsangiz, xonadoningizga tibbiy brigada boradi va oilaviy shifokor siz uchun elektron retsept tuzadi. Dori vositalarini oila a’zolaringizdan biri yoki patronaj hamshirasi yetkazib beradi.
Reimbursatsiya dasturi doirasidagi dori vositalarini har oy tekin olishingiz mumkinligini unutmang!