Xalqi sog‘lom davlatning ildizi mustahkam, kelajagi porloq, rivojlanishi bardavom bo‘ladi. Shu ma’noda, aholi salomatligini ta’minlash yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani g‘oyat katta ahamiyatga ega. Zero, Prezidentimiz alohida qayd etganidek, “Yangi O‘zbekiston — avvalo, inson hayoti, uning salomatligi, huquq va manfaatlari, qadr-qimmati qonun asosida himoya qilinadigan davlat degani”.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ish¬langan tantanali marosimda kelgusi taraqqiyotimizning yettita milliy dasturini belgilab berdi. Ushbu dasturning ikkinchi yo‘nalishi xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat. Masalan, unda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajati kelgusi besh yilda ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazilishi belgilangan.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida keyingi yillardagi yangilanishlar sohani shifoxonalarga asoslangan eski modeldan kasalliklarning oldini olish va raqamlashtirilgan tibbiyotga o‘tish bosqichiga olib chiqmoqda. Bunda soha bosh-qaruvi davlat siyosati darajasida tubdan yangilanib, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va sifat nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘nggi yillarda tibbiyot sohasiga 230 trillion so‘m yo‘naltirildi. Buning hisobiga joylarda ikki yuzga yaqin yangi poliklinika va shifoxona ishga tushirildi, 1244 tasi rekonstruksiya qilindi. Ularga yangi tibbiyot uskunalari va jihozlar sotib olindi. Bir millionga yaqin kishi va oila a’zolari, 1200 ga yaqin urush va mehnat faxriylari sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi. 800 mingdan ziyod bola uchun yozgi dam olish uyushtirildi.

2024-2025-yillarda 3000 dan ziyod tibbiyot muassasasi lokal tarmoq bilan ta’minlandi. Tibbiyot sohasiga DMED yagona elektron axborot tizimi joriy etildi. Mazkur axborot tizimida 36 milliondan ziyod yurtdoshimizning tibbiyot bazasi, salomatligiga oid ma’lumotlar shakllantirildi. Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi elektronlashtirildi. Tez tibbiy yordamning bemorlarga yetib borish muddati 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqardi.

2025-yilga kelib, birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish qamrovi 60 foizga yetkazildi. Aholi salomatligini aniqlashga yordam beruvchi diagnostika tadbirlarining 400 ga yaqini viloyatlarga, kaminvaziv operatsiyalar esa tumanlardagi tibbiyot markazlariga tushirildi. Bularning barchasi mamlakatimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, pirovardida yurtdoshlarimizning salomatligini mustahkamlab, uzoq umr ko‘rishiga zamin hozirlamoqda.

Prezidentimiz milliy dasturda tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali aholi salomatligini asrash modeliga o‘tish zarurligini qayd etdi. Darhaqiqat, bu juda dolzarb vazifa. O‘z navbatida, bugunning talabi hamdir. Binobarin, ushbu model doirasida belgilangan profilaktik chora-tadbirlar aholining tibbiy savodxonligini oshirish, xususan, sog‘lom turmush tarzi uchun zarur imkoniyatlardan foydalanish, jismoniy mashg‘ulotlarning foydali jihatlarini bilish, ovqatlanish va dam olish tartiblariga rioya etishga o‘rgatishni nazarda tutadi.

Maxsus tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, bugun aholi o‘rtasida kam harakatlilik, bir joyda uzoq o‘tirish yoki yotish davr xastaligiga aylandi. Maktab o‘quvchilarining 60 foizga yaqinida kam harakatlilik tufayli semirish, jismoniy mehnatni yoqtirmaslik kabi kasallik va zararli odatlar tarqalgan. Kompyuter va mobil telefondan uzluksiz foydalanadigan yoshlarning 45 foizi jismoniy tarbiya mashqlarini yoqtirmasligini, deyarli 40 foizga yaqini esa toza havoda yugurish, mashq qilish, futbol o‘ynashdan ko‘ra uyda intellektual o‘yinlar bilan shug‘ullanishni afzal bilishini aytgan.

Mutaxassislar fikricha, muntazam jismoniy mashqlar bajarish yuqori qon bosimi xastaligi, yurak-qon tomir tizimi, ovqat hazm bo‘lishi va uyquning buzilishi, mushaklarning zaiflashuvi va deformatsiyaga uchrashi, varikoz paydo bo‘lishi, immunitet pasayishi, qon aylanishining sekinlashuvi kabilarning oldini oladi. Terapevtik mashqlar — piyoda yurish, yugurish, suzish, velosiped haydash, sayohatlarga borish, harakatli o‘yinlarning organizmga ijobiy ta’sirini unutish barchamizga qimmatga tushishi mumkin. Har kuni 15-20 daqiqa mashq qiladigan odamning ish unumdorligi mashq qilmaydiganlarnikiga nisbatan 20 foiz yuqori bo‘ladi va u og‘ir, murakkab vazifalarni zimmasiga olishdan qo‘rqmaydi. Uning jamoa bilan til topishib, hamkorlikda samarali ishlashi sezilarli darajada yuqori bo‘ladi.

Respublikamizda terapevtik chora-¬tadbirlardan tizimli, aniq va maqsadli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, yurtimizda vabo kasalligi kuzatilmaydi, biroq uning chetdan kirib kelish ehtimoli kam bo‘lsa-da, yo‘q emas. Buning oldini olish uchun davlat chegaralarida 55 ta sanitariya, karantin punkti tashkil etilgan. O‘tkir yuqumli ichak xastaligiga uchragan kishilarga ushbu kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida profilaktika uchun tezda tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Birgina 2025 yilda profilaktika tadbirlari o‘tkazuvchi 4000 dan ortiq murabbiy, 58 mingdan ziyod shifokor va 26 mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi o‘qitilgan. Tumanlar bo‘yicha qarasak, har bir poliklinika va tibbiy shifoxonada profilaktika terapevt ishlarini o‘tkazishga tayyor mutaxassis borligini ko‘ramiz.

Shu bilan birga, aholining tibbiy savodxonligini oshirish jarayoni izchil davom ettirilishi zarur. Prezidentimiz tibbiy profilaktikani kuchaytirishga alohida e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Xalqimizda “Kasalni davolagandan ko‘ra oldini olgan afzal” degan hikmat bor. Ha, profilaktika bir jihatdan ortiqcha xavotirsiz, yo‘qotishlarsiz, boshqa jihatdan esa arzon tushadi.

Yangi O‘zbekistonda aholi salomatligini asrash va tibbiy madaniya¬tini yuksaltirish, sohaga innovatsiyalarni qo‘llash orqali ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish borasida salmoqli tajriba to‘plangan. “Toza qo‘llar” dasturini bunga misol sifatida keltirish mumkin. Mazkur dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yosh avlodda sanitariya-gigiyena madaniyatini shakllantirish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, ko‘p uchraydigan yuqumli kasalliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirishdir.

Bolalarda uchraydigan yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi sanitariya-gigiyena madaniyatining yetishmasligidan kelib chiqadi. Mana shu raqamning o‘zidanoq terapevtik choralar, sanitariya targ‘iboti nechog‘liq zarurligini anglaymiz. Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasiga muvofiq, har bir muassasa va tashkilotlar, ayniqsa, ta’lim maskanlarida sanitariya-gigiyena vositalariga amal qilinadigan sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.

Keyingi yillarda tibbiy sug‘urta masalasi tez-tez muhokama markaziga chiqmoqda. Bugun ba’zi hududlarda undan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizimning samarasi, aholiga keltiradigan manfaati nuqtayi nazaridan Prezidentimiz davlat tibbiy sug‘urtasining har bir xonadonga kirib borishini ustuvor vazifalardan biri sifatida kun tartibiga qo‘yayotganini alohida e’tirof etish lozim.

Salomatligimizda to‘g‘ri ovqatlanish masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Oziq-ovqat organizmga quvvat beradi. Ichki organlarning kerakli me’yorda ishlashini ta’minlaydi. Qon aylanishini yaxshilaydi va oshqozonni qiynalishdan asraydi. Biroq keyingi yillarda semirish kasalligi ko‘paymoqda. Tibbiyotda abdominal semizlik degan ibora bor. U qorin sohasida ¬paydo bo‘ladigan semizlik, yog‘ to‘planishini anglatadi. Agar ayollarda qorin, bel aylanasi 80, erkaklarda 94 santimetrdan oshsa, bu abdominal kasallik alomatidir.

Semizlik erkin harakat qilishimizga xalal beradi, yurak ishlashiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Abdominal semizlik qandli diabet (2-turi), qonda xolesterin oshishi, oteroskleroz, bo‘lmachalar fib¬rillyatsiyasi, qon tomirlarida tromblar, insult, infarkt, saraton kabi kasallik¬larni keltirib chiqarish ehtimoli mavjud.

Mutaxassislar ko‘proq organizm hazm qiladigan ovqatlar: meva-sabzavot, parhezli taomlar yeyishni maslahat beradi. Abdominal semizlikka uchragan odam yog‘li ovqatlar, spirtli ichimliklar, shirinlik yeyishdan o‘zini tiyishi darkor. Unga kuniga 30-40 daqiqa piyoda yurish, qo‘l va oyoqlarini har tomonga silkitib qadam tashlash tavsiya etiladi.

Milliy dasturda ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish uchun dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi tajribasini mamlakatimizga olib kelish nazarda tutilgan. Bugun ham yurtimizda AQSh, Germaniya, Hindistondan kelgan vrachlar faoliyat yuritadi. Demak, bu yo‘nalishda innovatsiyalarni kengaytirish, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni jahon standartlari darajasiga ko‘tarish ishlari izchil davom ettiriladi.

Ba’zi klinikalarimizda xizmat haqi juda yuqori, aholi daromadiga mos emas. Chunki klinikalar o‘rtasida raqobat yo‘q. Bunday sharoitda xizmat haqi yuqori bo‘lishi tabiiy. Milliy dasturda belgilangan vazifalar esa sohada raqobat muhitini kuchaytirish orqali aholiga sifatli va arzon tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga zamin hozirlashi bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimiz yangi O‘zbekistonni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan mamlakatga aylantirish maqsadini ilgari suradi. Darhaqiqat, bu har jihatdan foydali, ezgu maqsad. Masalan, bu maqsadga erishish orqali, birinchidan, aholini sifatli tibbiy xizmatga qamrab olish mumkin. Ikkinchidan, bu jihat iqtisodiy barqarorlikka ham bevosita, ham bilvosita katta ta’sir ko‘rsatadi.

Shuning uchun ham keyingi yillarda tibbiyot ta’limida innovatsion izlanish¬lar jadal davom etmoqda. O‘tgan yili Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Urganch davlat tibbiyot instituti fao¬liyati yo‘lga qo‘yilgani, tibbiyot ta’limi yo‘nalishidagi 8 ta muassasa xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani ham ayni maqsad yo‘lidagi yangilanishlarga misol.

Zamon rivojlanishda davom etar ekan, yangi g‘oyalar, yo‘nalishlar va axborot texnologiyalari paydo bo‘ladi. Bu esa doim ilmiy izlanishda bo‘lishni taqozo etadi. Bizda o‘rta tibbiy xodimlar tayyorlash tizimini kengaytirish zarur. Yaxshi mutaxassis tayyorlash uchun kollej — universitet tizimini ishlab chiqish, oliy tibbiy muassasaga tibbiyot kolleji orqali qabul qilish maqsadga muvofiq.

Shu o‘rinda yana bir bor “Toza qo‘llar” dasturi doirasidagi profilaktika va sanitariya-gigiyena ishlariga to‘xtalsak. Dasturda 6000 ga yaqin maktabni issiq suv bilan ta’minlash maqsadida maxsus geliokollektorlar o‘rnatilishi belgilangan. Ko‘pgina tuman va qishloq maktablarida qo‘l yuvish joylari yetishmaydi. Eski lo-yihalarda ular nazarda tutilmagan.

Yangi O‘zbekiston sharoitida davlatimiz ushbu kamchilikni bartaraf etishni zimmasiga olyapti. Ayrim jamoat tashkilotlarida suv zaxirasi bo‘lishi lozim. Buning uchun suv saqlanadigan maxsus rezervuarlar qurilishi, baklar o‘rnatilishi kerak. “Toza qo‘llar” das¬turida ushbu ishlar uchun 780 milliard so‘m ajratilgan.

Yana bir yangilik shuki, yangi qurilayotgan maktablar, o‘quv yurtlari va korxonalar, maishiy xizmat shoxobchalari endi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiq bo‘lishi talab qilinadi. Ularda nafaqat qo‘l yuvish, shuningdek, dushda cho‘milish imkoniyatlari bo‘lishi lozim.

Bu chora-tadbirlar aholi, ¬ayniqsa, yoshlarning salomat o‘sishi uchun o‘ta muhim. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi barcha xastaliklarning 80 foizi notoza suv orqali o‘tadi. Ifloslangan suvda qorin tifi, dizenteriya, virusli gepatitning A turi, vabo, ichak kasalliklarini tarqatuvchi mikroblar bo‘ladi. Ushbu mikroblar yosh, chiniqmagan organizmga tez yuqadi va salomatlikni xavf ostiga qo‘yadi. Shuning uchun respublikamizdagi barcha cho‘milish havzalari, ochiq basseynlar sanitariya-gigiyena ko‘rigidan o‘tkaziladi. Ifloslangan suv bor joylar dezinfeksiya qilinadi yoki vaqtincha berkitiladi.

Yangi O‘zbekistonda aholi salomatligini asrash va jamoat joylarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etishni Sanitariya-epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi nazorat qiladi. Shuning uchun ham “Toza qo‘llar” dasturidagi vazifalarni bajarish ushbu tizim zimmasiga yuklatilgan.

Inson salomatligi uchun toza havo, oqar suvda cho‘milish, tog‘oldi hududlarda dam olish, sayohatlar muhim ahamiyatga ega. Shaharda yashovchi yurtdoshlarimizning dam olish kunlari tog‘li yoki daryoli hududlarga chiqishi odatiy holga aylangan.

Jahon iqtisodiyotida turizm istiqbolli sohaga aylangan. U chetga mahsulot chiqarmaydi, ammo investitsiya olib kiradi. Kishining ruhiyatini ko‘tarib, yon-atrof va tabiat bilan inoq yashashga undaydi. Bugun mamlakatimizda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetgan. O‘tgan sakkiz yilda sohaga 6,5 milliard dollar sarmoya kiritilgan, 130 ming mehmon o‘rni ochilgan.

Prezidentimizning 2025-yil 19-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ichki turizmdan keng foydalanish chora-tadbirlari belgilab berilgan. Har yili yurtimizda ichki turizmga

3 milliondan ziyod kishi jalb qilinadi. Ularning 70-75 foizga yaqini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.

Bu yerda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan asosiy jihat shundaki, tog‘oldi va ko‘l, daryo bo‘ylariga chiqib dam olish odamni ham jismonan, ham ruhan sog‘lomlashtiradi. Bunday vaziyatda shahar sharoitiga moslashgan organizm noodatiy, ammo ruhiyatga ijobiy ta’sir etuvchi tabiiy muhitga tushib qoladi. Nafaqat yon-atrof, tabiat, shuningdek, qishloq turmush tarzi, odamlarning soddadil, ochiq muomalasi shaharlik sayyohga ijobiy ta’sir qilib, uni hayot mohiyati haqida o‘ylashga majbur qiladi. Darhaqiqat, mashhur faylasuflardan biri “Inson tabiat qo‘yniga qaytib, o‘zining mohiyatini anglaydi”, deganida haq edi.

Zamonaviy dunyo odamlari bo‘sh vaqtini asosan uyda o‘tkazishga intiladi. Chunki uyimizdagi qulay sharoit bizni o‘ziga bog‘lab qo‘ymoqda. Qulaylik yaxshi, albatta. Lekin uy sharoitida odamning erkin harakat qilish, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish imkoniyati torayadi. Natijada kam harakatlilik va u bilan bog‘liq kasalliklar paydo bo‘ladi. Shuning uchun mutaxassislar uy sharoitida jismoniy mashqlar bajarishni tavsiya etadi.

Salomatlik to‘g‘risida gap ketar ekan, buyuk donishmandlardan birining quyidagi iborasi yodga tushaveradi: “Barcha lazzatni tatib ko‘rdim, lekin ofiyatdan ulug‘ ganj topmadim”. Ofiyat — sihat-salomatlik degani. Bu xalqona va purhikmat naql salomatlikdan ulug‘ boylik yo‘qligini yodimizga solib turadi. Xalqimiz salomatligi haqida qayg‘urish va bu borada zarur chora-tadbirlar ko‘rishni davlatimiz o‘z zimmasiga olgan ekan, bu oliyjanob maqsad besamar qolmasligi, shubhasiz.

O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q. Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!”.

Suhrob NORQULOV,

falsafa fanlari doktori, professor