Ushbu ezgu g‘oyaning amaldagi yorqin ifodasini mana 25 yildirki yurtimiz temir yo‘llari bo‘ylab kezinayotgan, xalq orasida “najot korvoni” nomini olgan “Salomatlik” tibbiy-sanitar yordam poyezdi faoliyatida ham ko‘rish mumkin.

2026-yilda o‘zining chorak asrlik yubileyini nishonlayotgan ushbu maxsus xayriya poyezdi o‘tgan yillar davomida olis va chekka hududlar, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasi aholisi uchun chinakam shifo maskaniga aylandi.

Tarixga nazar

Ushbu insonparvarlik loyihasining huquqiy asosi Birinchi Prezident Islom Karimovning 1998-yildagi tegishli farmoni bilan belgilangan edi. Biroq g‘oyani hayotga tatbiq etish va uning tibbiy konsepsiyasini ishlab chiqish oson kechgani yo‘q.

Loyiha tashabbuskori va uning birinchi bosh shifokori Nodira Yuldasheva 2000-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash zavodi” rahbariyatiga amaliy taklif bilan chiqdi. Uning tinimsiz sa’y-harakatlari natijasida ajratilgan vagonlar qisqa fursatda zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, shifokorlar brigadasi shakllantirildi. Sharafli karvon “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning tegishli farmoyishiga asosan, 2001-yil 1-iyun kuni o‘zining ilk qatnovini boshladi.

G‘ildirak ustidagi ko‘p tarmoqli klinika

“Salomatlik” poyezdi 5 ta maxsus vagondan iborat mukammal tizimdir. Uning tarkibida, 2 ta ambulatoriya, 1 ta flyuorografiya, 1 ta avtonom dizel va bitta tibbiyot xodimlari uchun dam olish vagonlari mavjud.

Bugungi kunda poyezd eng zamonaviy UTT (UZI), EKG, raqamli flyuorografiya va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Brigada tarkibidagi tajribali terapevt, nevropatolog, pediatr, ginekolog, endokrinolog, dermatolog va stomatologlar olis ovullardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelmoqda.

Poyezdning faoliyat ko‘lami faqat mamlakatimiz hududi bilan cheklanib qolmadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 2024-yilning 25-30-dekabr kunlari tarkibi 9 ta vagonga kengaytirilgan “Salomatlik” poyezdi Afg‘onistonning Balx viloyatiga insonparvarlik missiyasi bilan bordi. O‘zbekistonlik shifokorlar qo‘shni davlat aholisiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatib, zarur dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlarini ulashishdi. Bu voqea yurtimizning olijanob tashqi siyosati va insonparvarlik tamoyillarini dunyoga yana bir bor namoyish etdi.

Bag‘rikenglikning chegara bilmas namunasi

Joriy yilning 16-oktabr kuni poytaxtimzdagi AZIMUT Grand Hotel tantanalar zalida, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Salomatlik” poyezdining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida so‘zga chiqqan mutasaddilar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan 25 yildan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinayotgan loyihaning faoliyati, erishgan yutuqlari, chorak asr davomida bosib o‘tgan nurli yo‘li va jamiyatga keltirgan nafi bo‘yicha ma’lumot berdi va muhim jihatlarni alohida e’tirof etdi.

Yigirma besh yillik sanaga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda taniqli san’atkorlar tomonidan kuylangan kuy, qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Darhaqiqat, 25 yil, tarix uchun qisqa fursat bo‘lsa-da, “Salomatlik” poyezdi uchun bu millionlab sog‘lomlashtirilgan insonlar, asrab qolingan hayotlar, minglab kilometr masofalar va xalqning davlatdan rozilik tuyg‘usi demakdir. Ushbu loyiha sog‘liqni saqlash va temir yo‘l tizimi hamkorligining eng muvaffaqiyatli hamda barhayot namunasi sifatida tarixga kirdi. Chorak asr davomida jazirama issiq va qahraton sovuqlarga qaramay, poyezd jamoasi relslar orqali insonlarga sog‘lik va tabassum ulashishda davom etmoqda.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri