Departamentning Guliston shahar bo‘limi tomonidan Prezidentning 2026 yil 12 maydagi PQ-179-sonli hamda 5 avgustdagi PQ-293-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB JXX JTSB karantin tadbirlarini tashkil etish guruhi xodimlari bilan hamkorlikda reyd o‘tkazildi.

Tadbir davomida fuqarolar A.O., M.K. va Guliston shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi veterinariya vrachi Sh.B. oldindan jinoyiy til biriktirib, rasmiy hujjatlarni soxtalashtirgan holda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan go‘sht mahsulotini tashish va sotishga uringani aniqlangan.

Maʼlum bo‘lishicha, 235 kilogramm yirik shoxli hayvon go‘shti Sh.B. tomonidan rasmiylashtirilgan veterinariya maʼlumotnomasidan foydalangan holda fuqaro M.K. tomonidan Toshkent shahridagi “Chorsu” dehqon bozoriga sotish uchun olib ketilayotgan bo‘lgan.

M.K. Sirdaryo tumani hududidan chiquvchi YPX postida to‘xtatilib, undan 235 kilogramm go‘sht ashyoiy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Sirdaryo viloyati Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan go‘shtning bir ko‘rish maydonida inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan 30 dan ortiq E.coli ichak tayoqchalari aniqlangan. Mahsulotlar isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276/11-moddasi 2-qismi «b» bandi hamda 228-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.