Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Guliston tumanidan 527,23 gektar, Boyovut tumanidan 582 gektar yer maydoni Guliston shahri tarkibiga, shuningdek, Boyovut tumanidan 638,77 gektar yer maydoni Shirin shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Qayd etilgandek, Guliston va Shirin shaharleri viloyatda aholi eng zich joylashgan hududlar hisoblanadi. Shaharlar chegarasining kengaytirilishi aholi zichligini kamaytirish, transport qatnovini yaxshilash hamda yirik loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Shuningdek, hududlarda yangi sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etish, qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratish uchun sharoit kengayishi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, chegaralarga o‘zgarish kiritish masalasi tegishli mahallalar fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilingan. Chegaralarning kartografik chizmasi va chegara chizig‘ining tasnifi ham ma’qullangan.
Masala yuzasidan qaror loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.