Bu haqda Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Jumaeva ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, loyihalarning 13 tasi xalqaro moliya institutlari ishtirokida, ikkita esa davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.

Rejalashtirilgan mablag‘ o‘zlashtirish va yo‘l qurish ko‘rsatkichlari 2025 yilga nisbatan 1,5 barobar, 2024 yilga nisbatan esa 1,8 barobar ko‘p.

Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida 9 ta loyiha doirasida 110 kilometr avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilindi. Ushbu davrda 214,3 million dollarlik ishlar bajarilib, belgilangan reja 101 foizga uddalandi.

2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida o‘zlashtirilgan mablag‘lar hisobidan bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Surxondaryo viloyati hududidan o‘tuvchi 4R 105 va 4R 100 avtomobil yo‘llarining 111 kilometrini rekonstruksiya qilish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tuvchi A380 avtomobil yo‘lining 25 kilometrini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi ishtirokida Qashqadaryo viloyatidan o‘tuvchi M39 avtomobil yo‘lining 60 kilometrini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi A380 — "G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu" avtomobil yo‘lining 78 kilometrini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Yilning yanvar–sentyabr oylarida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan boshqa loyihalar bo‘yicha ham ishlar olib borildi.

Ular qatorida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish, A380 avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tuvchi 92 kilometrini rekonstruksiya qilish, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida Xorazm viloyatidagi D213 avtomobil yo‘lining 84 kilometrini rekonstruksiya qilish loyihalari bor.

Bundan tashqari, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, Islom taraqqiyot banki ishtirokida esa A373 — "Guliston–Bo‘ka–Angren–Qo‘qon–Andijon" avtomobil yo‘liga oid loyiha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ushbu loyihalarning bir qismi bo‘yicha tender savdolari e’lon qilingan, to‘rtta loyiha doirasida esa qurilish ishlari boshlangan.

Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish va sohaга xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida 50 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ayni paytda xalqaro moliya institutlari, shuningdek, Turkiya, Germaniya, Yaponiya va Xitoyning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari rivojlantirilmoqda.

Hamkorlik doirasida soha mutaxassislarining malakasini oshirish, xorijiy tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.