XIV asrda, gʻoyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, vatan ozodligi yoʻlida ulkan jasorat koʻrsatgan buyuk ajdodimiz asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida oʻchmas iz qoldirgan.

Shuning uchun Amir Temurning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganib kelinadi. Jahonning turli mamlakatlarida Amir Temur va temuriylarga bagʻishlab minglab badiiy, ilmiy va sanʼat asarlari yaratilgan va bu ishlar hozir ham davom etmoqda.

Keyingi yillarda Amir Temur va temuriylar merosini chuqur oʻrganish, uni yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Joriy yilda davlatimiz rahbari tomonidan Sohibqiron Amir Temurning 690-yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilinib, keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ijodkorlarimiz tomonidan yangi ilmiy va badiiy kitoblar, film va spektakllar, tasviriy sanʼat asarlari yaratilmoqda. Xususan, buyuk ajdodimizning mashhur “Temur tuzuklari” asari yangidan nashr etildi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi zamonaviy talablar asosida tubdan qayta taʼmirlanib, bu maskanda ilmu maʼrifat, yangi gʻoyalar va tadqiqotlar uchun sharoitlar yanada kengaytirildi.

Poytaxtimizda Amir Temur va temuriylar Renessansiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada yurtimiz olimlari bilan birga dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan atoqli tarixchilar, shoir va adiblar, madaniyat va jamoat namoyandalari ham ishtirok etgani xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga jahon miqyosida qiziqish va eʼtibor tobora kucha­yib borayotganidan dalolat beradi.

Ushbu nufuzli anjuman qatnashchilari yangi Oʻzbekistonda Amir Temur va temuriylar merosining umumbashariy sivilizatsiya tarixidagi oʻrni va ahamiyatini oʻrganish, uni yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish borasidagi ishlar natijasida insoniyat tarixining buyuk sahifalaridan biri boʻlgan temuriylar davri merosi bugun yana dunyo nigohida ekanini eʼtirof etdi.

Aprel — Amir Temur oyligi davomida mamlakatimiz va chet ellarda yuqori darajada tashkil etilgan koʻplab ilmiy konferensiyalar, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar buning yana bir amaliy ifodasi boʻldi.

Bu haqda gapirganda, bugungi kunda dunyo­ning taraqqiyot markazlari hisoblangan AQSH, Ispaniya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda mashhur ajdodimiz va u zot qoldirgan boy merosga bagʻishlab oʻtkazilgan ilmiy va mediaanjumanlar, jonli uchrashuv va davra suhbatlari, yangi film va kitob­lar taqdimotlari Gʻarb olami ziyolilari, umuman, keng jamoatchiligida ulkan eʼtibor va qiziqish uygʻotayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Kino sanʼati tarix haqiqatini insonlar ongi va qalbiga yetkazishning eng taʼsirchan vosita. Shu bois, davlatimiz rahbari tashab­busi bilan amalga oshirilayotgan “Tirik tarix” dasturi doirasida “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Ulugʻ Amir va donna Mariya” badiiy filmi premyeralari ushbu rang-barang tadbirlarning asosiy madaniy voqeasiga aylangani bejiz emas.

Filmning Vashington shtati AQSH Davlat departamenti xodimlari, siyosatshunos olimlar, tarixchi va ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, Jorj Vashington universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalari, oʻzbek diasporasi namoyandalari hamda vatandoshlarimiz ishtirokida boʻlib oʻtgan rasmiy taqdimotida ham ayni shu jihat yaqqol sezilib turdi.

Marosimda taʼkidlanganidek, oʻzbek sanʼat ustalari bilan birga, Buyuk Britaniya, AQSH, Braziliya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Yaponiya kabi mamlakatlarning taniqli ijodkorlari, jumladan, Xuan ­Kasilyas, Oskar Foronda singari ispaniyalik mahoratli aktyorlar ham qatnashgan mazkur film­da Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik aloqalari, oʻsha davrdagi siyosiy munosabatlar, madaniy hamkorlik va sivilizatsiyalarning oʻzaro muloqoti mahorat bilan yoritilgan.

Kartina namoyishidan avval Amir Temur va temuriylar davrining dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyatiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etilgani okeanorti muxlislariga oʻrta asrlarda Osiyo va Yevropa qitʼalarida kechgan hamda dunyoning siyosiy va harbiy arxitekturasiga uzoq yillar davomida taʼsir koʻrsatib turgan tarixiy voqealar ruhini yaqindan his qilish imkonini berdi.

Muhokamalarda soʻzga chiqqan taniqli olim, professor Sebastiyen Peyrous Amir Temur buyuk sarkarda va uzoqni koʻra oladigan davlat rahbari sifatida jahon tarixida alohida oʻrin tutishini, uning strategik va harbiy mahorati, samarali davlat bosh­qaruvi, ilm-fan, meʼmorlik va shaharsozlik rivojiga qoʻshgan hissasi keng mintaqa taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatgan noyob madaniy-intellektual muhit shakllanishiga zamin yaratganini qayd etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti maslahatchisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirokida Ispaniyaning Madrid, Grenada, Sevilya va Barselona shaharlarida boʻlib oʻtgan ilmiy-maʼrifiy tadbirlar ham Markaziy Osiyo tarixiy merosini targʻib qilish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Xususan, Madriddagi “Sasa Arabe” arab madaniyat markazida mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Kinematografiya agentligi hamkorligida “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi. Ilmiy-akademik jamoatchilik vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, xalqaro ekspertlar, xorijiy davlatlar elchilari ishtirok etgan anjumanda Amir Temurning jahon tarixidagi oʻrni, temuriylar Renessansining ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi, yangi Oʻzbekistonning boy va qadimiy madaniy merosni asrash va targʻib etishga qaratilgan saʼy-harakatlari haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

— Bunday loyihalar yosh avlodga oʻz tarixini chuqurroq anglash va temuriylar madaniyatining asrlar davomidagi rivojlanishga koʻrsatgan taʼsirini kengroq kontekstda koʻrish imkoniyatini beradi, — dedi Fransiyadagi Temuriylar ­assotsiatsiyasi ­prezidenti Frederik Bressand anjuman chogʻida. — Bu ham mamlakat fuqarolari, ham xalqaro auditoriya uchun muhim boʻlib, Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyoning madaniy boyligini namoyish etadi.

Mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasida Amir Temur va temuriylar davriga bagʻishlangan yangi kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ayniqsa, ispaniyalik taniqli adib ­Xesus Sanches Adalidning “Amir Temurga atalgan uch lochin” romani tadbir ishtirokchilarida yorqin taassurot qoldirdi. Anjumanda tarixchi olim va tadqiqotchilar, dip­lomat va ijodkorlar soʻzga chiqib, mazkur nashrlar Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning davlat boshqaruvi, harbiy sanʼat hamda ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini zamonaviy ilmiy yondashuv asosida yoritib berishi bilan xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun qimmatli manba boʻlishini qayd etdilar.

Mueller & Schindler korporatsiyasida oʻtkazilgan uchrashuvda esa davlatimiz ­rahbarining maxsus Soʻzboshisi bilan Toshkentda chop etilgan “Temur tuzuklari” asarini ispan tiliga tarjima qilish va nashr etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

“Ulugʻ Amir va donna Mariya” filmining Madrid shahridagi “Palacio de Hielo” kinoteatrida tashkil etilgan taqdimoti mamlakatimizda tarixiy merosni tiklash, milliy oʻzlikni anglash, Oʻzbekiston va Ispaniya madaniy aloqalarini rivojlantirish masalalariga katta ahamiyat berilayotganiga eʼtibor qaratildi. Ushbu film Barselona shahridagi mashhur “Cinemes Girona” kinoteatrida ham taqdimot qilindi. Unda ispaniyalik tomoshabinlar bilan birga Barselona shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ham ishtirok etdi.

Taqdimotlarda soʻzga chiqqanlar filmda Amir Temur siymosining yangi qirralarini ochishga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidlab, kartina nafaqat tarixiy voqealarni qayta jonlantirgani, balki oʻsha olis davr ruhini, xalqlar oʻrtasidagi munosabatlar mohiyatini chuqur his etish imkonini ham berganini urgʻuladi.

Oʻzbekiston va Ispaniya xalqlarini qadimdan tarixiy-madaniy aloqalar oʻzaro bogʻlab turadi. Xususan, bundan 622-yil muqaddam Kastiliya va Leon elchisi Rui Gonsales de Klavixo yurtimizga, Sohibqiron Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan va bu haqda mashhur “Kundaliklar”ida noyob maʼlumotlarni yozib qoldirgan.

Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolarining Ispaniyaga tashrifi davomida bu tarixiy fakt ham bir necha bor tilga olindi. Jumladan, yozuvchi Xesus Sanches Adalid hamda ssenarist va prodyusser Alexandro Olvera bilan uchrashuvda “Klavixo” badiiy-­publitsistik filmini hamkorlikda yaratish yuzasidan fikr almashildi.

Grenada shahri yurtimiz vakillarining navbatdagi tashrif manzili boʻldi. Bu yerda Yevro-Arab oliy tadqiqotlar jamgʻarmasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Jamgʻarma Yevropa Ittifoqi va arab-musulmon dunyosi davlatlari oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan xalqaro tashkilot boʻlib, oʻz faoliyatida taʼlim dasturlarini qoʻllab-quvvatlashga, madaniy xilma-xillik va diniy radikallashuvning oldini olishga doir qoʻshma loyihalarga asosiy eʼtibor qaratadi. Uchrashuvda Jamgʻarma fondlarida saqlanayotgan, yurtimizga daxldor manbalarni birgalikda oʻrganish va ilmiy isteʼmolga kiritish, jumladan, Rui Gonsales de Klavixoning Amir Temur saltanatiga sayohati tarixi bilan bogʻliq qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fikr almashildi.

Muloqot chogʻida mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish masalalariga davlat siyosati darajasida ­eʼtibor berilayotgani, dunyodagi hozirgi gʻoyat murakkab davrda aynan taʼlim, maʼrifat va madaniyat yosh avlodni buzgʻunchi va zararli taʼsirlardan himoya qilishning asosiy vositasiga aylanayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati ham shu ezgu maqsadlarga qaratilgani eʼtirof etildi. Shu bois, tomonlar oʻzaro tajriba almashish, ilgʻor xalqaro amaliyotni oʻrganishdan manfaatdor ekani, yosh mutaxassislarni tayyorlash va taʼlim dasturlarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikka tayyorliklarini bildirishdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi madaniy voqealarga boy kechdi. Kinematografiya agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Shuhrat Rizayev boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda oʻzbek madaniyati va sanʼatini targʻib qilish, ingliz kinostudiyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ­boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.

Britaniya kolleksiyalarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonga oid kitob va albomlar taqdimoti tashkil etildi.

Londonning “Regent Street Cinema” kinoteatrida “Ulugʻ Amir va donna Mariya” badiiy filmi namoyishi boʻlib oʻtdi. Namoyishda 200 ga yaqin xorijiy mehmon, jumladan, Buyuk Britaniya lordlari va parlament aʼzolari, Vestminster universiteti rahbariyati, diplomatik korpus vakillari, xorijda mehnat qilayotgan va oʻqiyotgan vatandoshlarimiz qatnashdi.

Vestminster universiteti rektori, professor Peter Bonfiyeld ushbu tarixiy filmni tomosha qilib, Amir Temur shaxsi va uning Yevropada tutgan oʻrni haqida juda koʻp yangi maʼlumotlarga ega boʻlganini bildirdi. Murakkab syujetli ushbu tarixiy filmni suratga olgan kinoijodkorlar mahoratiga yuqori baho berdi.

Buyuk Britaniyada yashayotgan oʻzbek yoshlari va vatandoshlar bunday filmlarni chet ellarda koʻproq namoyish etish kerakligini, ular xorijda istiqomat qilayotgan yurtdosh­larimizda vatanga muhabbat va ajdodlarga ehtirom hissini yanada oshishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Tadbirlar doirasida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash, milliy va umumbashariy qadriyatlar uygʻunligini targʻib etuvchi kinomahsulotlar platformasini yaratish boʻ­yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida Amir Temurga bagʻishlangan mediaanjuman oʻtkazildi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro auksion uylari va artefaktlarni sotuvchi dilerlar bilan hamkorlik boʻyicha maxsus komissiya­si aʼzolaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtgan Islom merosi haftaligi doirasida Sothebyʻs, Christieʻs auksionlaridagi Oʻzbekistonning madaniy merosi bilan bogʻliq artefaktlar savdolarida ishtirok etdi. Ushbu auksionlarda Oʻzbekiston madaniy merosiga aloqador boʻlgan 29 ta lot uchun kurash olib borildi va ularni xarid qilish huquqi qoʻlga kiritildi. Mazkur artefaktlarning 8 tasi turli davrlarga tegishli Qurʼon qoʻlyozmalari, 1 tasi nodir qoʻlyozma, 6 tasi boburiylar davriga mansub tasviriy sanʼat asari hisoblanadi.

Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining madaniy merosga qarshi jinoyatlarga qarshi kurash guruhi tomonidan Londonda oʻtkazilgan maxsus operatsiya doirasida qoʻlga olingan 10 ta noyob tarixiy artefaktni Oʻzbekistonga begʻaraz topshirish marosimi ham oʻtkazildi.

Buyuk Britaniyaning nufuzli siyosat va madaniyat namoyandalari, London politsiyasi va bojxonasi vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etgan ushbu tadbirda bu noyob artefaktlarni mamlakatimizga qaytarish haqidagi qarorga yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida madaniy merosni oʻrganish va saqlash boʻyicha yuritilayotgan davlat siyosati asos boʻlgani alohida eʼtirof etildi.

Mazkur nodir osori atiqalardan 2 tasi sopoldan, yana 2 tasi gipsdan yasalgan haykal boshlari boʻlib, taxminan milodiy II-V asrlarga, Kushon podsholigi davridagi Gandhara madaniyatiga mansubdir. Artefaktlarning
5 tasi miloddan avvalgi I ming yillik oʻrtalariga tegishli devoriy suratlar parchalari boʻlib, ularda oʻsha paytlardagi ajdodlarimiz qiyofalari va tarixiy jarayonlar aks etgan.

Shuningdek, artefaktlar orasida qora tosh­dan ishlangan qabrtosh ham boʻlib, ashtarxoniylar davriga mansub, 1642-yilda vafot etgan saroy amaldorlaridan biriga tegishli ekani aniqlandi. Ushbu artefaktlarning barchasi yurtimizga olib kelindi. Tarixiy adolat qaror topdi.

Darvoqe, Sohibqiron bobomiz oʻz saltanatini adolat va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida boshqargan edi. Ota yurti Shahrisabzda oʻzi bunyod ettirgan goʻzal meʼmoriy obida — Oqsaroy peshtoqiga “Adolat davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan soʻzlarni yozdirgan edi. Bu hikmatli soʻzlar bugungi kunimiz uchun ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va adolat hukm surgan joydagina ilm-maʼrifat, sanʼat, adabiyot va madaniyat taraqqiy topadi. Xalqlar va davlatlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik rivojlanadi.

Shu maʼnoda, buyuk ajdodimiz va uning shonli sulolasi tomonidan yaratilgan temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratishda biz uchun katta ishonch, ilhom va kuch-gʻayrat manbai boʻlib xizmat qilayotgani ham, endilikda yana Sharq va Gʻarb olamida muhokamalar maydoniga chiqqani ham tabiiy va qonuniy tarixiy jarayon hisoblanadi.

Olim TOʻRAQULOV