Ushbu savollarga Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov javob berdi.
— Issiq havoga yurak-qon tomir, nafas yo‘llari, qandli diabet kabi surunkali kasalliklari bor fuqarolar, shuningdek keksalar, homiladorlar va bolalar nisbatan sezgir hisoblanadi. Shu bois, ular sog‘lig‘ini tibbiy nazoratga olish, zarurat bo‘lganda shoshilinch yordam ko‘rsatish juda muhim. Ayniqsa, jaziramada surunkali xastaliklar xuruj qilishini e’tiborga olsak, tez tibbiy yordam xizmati xodimlari zimmasidagi mas’uliyat yanada ortadi.
Raqamlarga to‘xtalsak, anomal issiq kuzatilgan so‘nggi 4 kunda respublika bo‘yicha "103" xizmatiga jami 166 ming 726 ta chaqiriq kelib tushdi. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qabul qilinib, bemorlarga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
E'tiborlisi, jaziramaga qaramay, ayni shu kunlarda chaqiriqlar dinamikasi barqaror saqlandi. Mas'ul tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarga anomal issiq havo sharoitida ehtiyot choralariga amal qilish yuzasidan berilgan zarur tavsiyalar tufayli murojaatlar sonida undan avvalgi 4 kun (9-12 iyul)ga nisbatan jiddiy o'sish kuzatilmadi.
Mutaxassislar aholiga kunning eng issiq soatlarida zaruratsiz tashqariga chiqmaslik, yetarli miqdorda suv ichish, yog‘li, qovurilgan va juda sho‘r ovqatlarni cheklab, yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda sabzavotli salatlar iste’mol qilishni tavsiya etadi.