Muloqotda ikki davlat o‘rtasida tibbiyot, tibbiy ta’lim va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida amalga oshirilayotgan “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. 

Maʼlumot uchun, umumiy qiymati 150 million AQSh dollariga teng ushbu loyiha 2025–2032-yillarga mo‘ljallangan. Uning doirasida Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash, Samarqand va Buxoro tibbiyot oliygohlari klinikalarini uskunalar bilan ta’minlash, shuningdek, mutaxassislarni o‘qitish ko‘zda tutilgan.

— Shifokorlarimizni neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya bo‘yicha Yaponiyaning yetakchi klinikalarida o‘qitish, o‘rta tibbiyot xodimlari uchun qo‘shma ta’lim va stajirovka dasturlarini tashkil etishdan manfaatdormiz. Bunda ilg‘or texnologiyalar, amaliy ko‘nikmalar va bemorlarni parvarishlash usullarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratamiz. Tegishli muassasalar bilan bevosita aloqalar o‘rnatishda Jamg‘armaning ko‘magiga ishonamiz, — dedi Eldor Adilov.

Shuningdek, farmatsevtika sohasidagi hamkorlik masalasiga ham diqqat qaratildi. Bu borada Yaponiya vakolatli organlari ro‘yxatga olgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni belgilangan talablar asosida tan olish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

SSV Matbuot xizmati.