Mamlakatimizda raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy qilish orqali iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish hamda insonlar hayotini yengillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda BMTning Elektron hukumat indeksida yurtimizni dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Soʻnggi yillarda raqamlashtirish sohasining mamlakatimiz iqtisodiyotiga taʼsiri sezilarli darajada oshgan. Oxirgi besh yilda sohadagi yalpi qoʻshilgan qiymat oʻrtacha 24,8 foizga oʻsib, mazkur koʻrsatkich YIM oʻsish surʼatlaridan 3,5 barobar yuqori boʻlgan. Axborot va aloqa tarmogʻida band bo‘lganlar soni 2017-yildagi 64,3 ming nafardan 108,8 ming nafarga, oʻzini oʻzi band qilganlar soni esa 10 mingdan 181 ming nafarga yetgan. Hozirgi kunda sohada 11 ming 900 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularning qariyb 1,4 mingtasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.

Shu bilan birga, hozirda sunʼiy intellekt yoʻnalishida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov tashabbuslari boshlangan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasida sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqarish zanjirini real vaqt rejimida tahlil qilish yoʻlga qoʻyilgani natijasida energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga qisqargan, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshgan.

Bunday loyihalar samaradorligini taʼminlash uchun 24 million dollarlik GPU-klasterga ega sunʼiy intellekt infratuzilmasi ishga tushirilgan. Yil yakunigacha qoʻshimcha hisoblash quvvatlarini kengaytirish uchun yana 45 million dollarlik uskunalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Taʼkidlanganidek, endi bu infratuzilmadan toʻgʻri va samarali foydalanish, uni tarmoqlar kesimida aniq natija beradigan yechimlar bilan bogʻlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarga oid 130 dan ziyod maʼlumotlar bazasini tizimlashtirish, ular bilan ishlash muhitini shakllantirish hamda sunʼiy intellekt modellarini joriy qilish rejalari koʻrib chiqildi. Bu orqali davlat xizmatlarida foydalanuvchilarga taqdim etiladigan servislarni kengaytirish, davlat boshqaruvi jarayonlarida tahlil va qaror qabul qilish sifatini oshirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni yuksaltirish koʻzda tutilmoqda.

Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllashning sohaviy yoʻnalishlariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, sogʻliqni saqlashda insult va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash, tibbiy koʻrik jarayonlarini avtomatik bayonlashtirish, raqamli tibbiy yordamchi dasturlarni joriy etish; qishloq xoʻjaligida ekinlar hosildorligini prognoz qilish, fitosanitar xavflar boʻyicha fermerlarning xabardorligini ta’minlash, yaylovlarning holatini monitoringini uyushtirish; transport sohasida yoʻl qoplamalari va temir yoʻl infratuzilmasini monitoringini oʻtkazish, haydovchini xavfli vaziyatlardan ogohlantirish, “aqlli” transport tizimlarini rivojlantirish; qurilish va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlash, smeta hujjatlarini koʻrib chiqish muddatini qisqartirish, videotahlil orqali ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish kabi loyihalarni kengaytirish nazarda tutilgan.

Infratuzilmani rivojlantirish bilan birga mahalliy startaplarni qoʻllab-quvvatlash va aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli koʻnikmalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda mamlakatimizda startaplar soni 950 taga yetgan, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 37,5 foizlik oʻsishni anglatadi. Venchur fondlarning soni 22 taga yetib, ekotizim qiymati esa 4,3 milliard dollar deb baholanmoqda. Startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi 132 million dollarni tashkil etgani taʼkidlandi.

Joriy yildan boshlab startaplar boʻyicha Prezident tanlovining mukofot jamgʻarmasi AT yoʻnalishida 5 million dollarga oshirilgani, sunʼiy intellekt yoʻnalishida esa 1 million dollarlik yangi tanlovlar joriy qilingani maʼlum qilindi. Shuningdek, “President AI Award”ni davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sogʻliqni saqlash, taʼlim, “yashil iqtisodiyot” va agrotexnologiyalar kabi 5 yoʻnalishda tashkil etish taklifi bildirildi.

2030-yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini taʼminlashga qaratilgan choralar ham koʻrib chiqildi. Buning uchun hududlarda raqamli ekotizimni kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, eksportbop xizmatlar koʻlamini oshirish va startaplarning oʻsish nuqtalarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoroda IT-Parkning yangi filiallari, Nurafshon shahrida esa raqamli R&D markazini tashkil etish boʻyicha rejalar haqida axborot berildi. Nurafshon shahrida 7,3 gektar maydonda tashkil etiladigan mazkur markaz doirasida 6 ta yuqori texnologiyali laboratoriya, sunʼiy intellekt uchun 200 ta GPUli hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini barpo etish koʻzda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etib, uni 2027-2031-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda raqamli taʼlimni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

“5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlangʻich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod oʻrta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangani aytildi. Endi maktablarda sunʼiy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi.

Shu bilan birga, maktablarda raqamli infratuzilma holati tahlil qilindi. Hozirda 69 foiz maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi maʼnan eskirgani, 2 mingta maktabda esa bunday xonalar yoʻqligi qayd etildi. Shu bois, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan taʼminlash va internet tezligini oshirish boʻyicha aniq choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda mahalliy AT yechimlaridan foydalanishni kengaytirishga ham alohida urgʻu berildi. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklardagi dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari xizmatlarining kamida 45 foizini mahalliylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat korxonalari va banklar tomonidan AT xizmatlar import qilinishida majburiy tartibda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan kelishish tizimini joriy qilish, buyurtmalarni IT-Park rezidentlariga yoʻnaltirish taklif etildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasi va tartibga solish sohasidagi ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Keyingi yillarda aholi maskanlarining telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrovi 41 foizdan 98 foizga yetgan, umumiy internet oʻtkazish qobiliyati esa 65 barobar oshib, 4,4 ming gigabit/sekundga chiqqan. Teleradiokommunikatsiya bozorini tartibga solish, xizmatlar sifatini monitoring qilish va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida alohida agentlik tashkil qilingani qayd etildi.

Taqdimotda telekommunikatsiya bozorini har yili kamida 10 foizga oshirib, joriy yilda 27,5 trillion soʻmga yetkazish rejalari koʻrib chiqildi.

Kiberxavfsizlikni taʼminlash, davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli hukumat platformasini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. Davlat axborot tizimlarini faqat yagona raqamli hukumat platformasi orqali integratsiya qilish, kiberxavfsizlik ekspertizasidan oʻtmagan tizimlarni raqamli hukumatga ulashni cheklash, shuningdek, axborot xavfsizligini kuchaytirish maqsadida har ikki yilda bir marta toʻliq IT-audit oʻtkazish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari sunʼiy intellekt va raqamlashtirish bugungi kunda faqat texnologik yangilanish emas, balki iqtisodiyot samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, xizmatlar qulayligi, eksport salohiyati va mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yoʻnalish ekanini taʼkidladi. Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.