Mazkur tashkil etilgan tadbirda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ta’lim muassasalari va texnologiya sohasi vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Dastur Stanford University Human-Centered Artificial Intelligence (HAI), OpenAI Academy va Silkroad Innovation Hub tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida amalga oshirildi. “AI Leaders 2026” dasturi tashkilotlarda strategik qarorlar qabul qilish va raqamli transformatsiya jarayonlarini boshqarishda mas’ul bo‘lgan rahbarlar, top-menejerlar hamda mutaxassislarni birlashtirdi.

Loyihaning asosiy maqsadi ishtirokchilarning sun’iy intellekt sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, davlat boshqaruvi, moliya, ta’lim, texnologiya va boshqa tarmoqlarda zamonaviy AI yechimlarini joriy etishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayyubxon Sultonov, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati vakillari hamda Silkroad Innovation Hub asoschisi va bosh direktori Asét Abdualiyev ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilari sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayverlaridan biriga aylanayotganini, shu bois mamlakatda raqamli transformatsiya jarayonlarini boshqara oladigan yangi avlod rahbarlarini tayyorlash dolzarb ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Joriy yilgi dasturda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkiya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Mo‘g‘ulistondan 150 dan ortiq tashkilotning 800 nafardan ziyod rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi. O‘zbekistondan esa davlat organlari, moliya institutlari, texnologiya kompaniyalari, ta’lim muassasalari va yirik korxonalarni qamrab olgan 25 dan ortiq tashkilotning 120 nafardan ziyod rahbar va qaror qabul qiluvchi vakillari qatnashdi. Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan vazifalarini amalga oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Loyihaning akademik rahbari sifatida Stanford HAI professori, Google Researchning sobiq direktori va sun’iy intellekt bo‘yicha mashhur mutaxassis Piter Norvig faoliyat yuritdi. Uning rahbarligida o‘quv materiallari mintaqa ehtiyojlariga moslashtirildi. Mashg‘ulotlarga sun’iy intellekt sohasidagi 15 nafardan ortiq xalqaro ekspertlari jalb etildi. Sakkiz hafta davom etgan ta’lim jarayonida ishtirokchilar 45 soatdan ortiq o‘quv dasturini o‘zlashtirdi. Unda Stanford HAI ma’ruzalari, OpenAI Academy amaliy mashg‘ulotlari, sohaviy vorkshoplar va strategik maslahatlar o‘rin oldi.

Shuningdek, tashkilotlarda sun’iy intellektni joriy etishga bag‘ishlangan 240 dan ortiq strategik sessiya va 120 soatdan ziyod individual mentorlik uchrashuvlari o‘tkazildi. Bank sohasi, davlat boshqaruvi, ta’lim va boshqa tarmoqlar uchun AI-agentlar ishlab chiqish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratildi.

— “AI Leaders 2026” dasturi mamlakatimizda sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirish va rahbar kadrlarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha kompetensiyalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tashabbuslar mahalliy mutaxassislarga jahonning yetakchi ta’lim va texnologiya markazlari tajribasini o‘rganish imkonini beradi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi dedi, – IT Park Uzbekistan xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ismoiljon Isamuxamedov.

Taqdirlash marosimida dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga Stanford University HAI va OpenAI Academy sertifikatlari topshirildi.

Shuningdek, ular Markaziy Yevroosiyoda raqamli transformatsiya va sun’iy intellektni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi rahbarlarni birlashtiruvchi yirik professional hamjamiyat — AI Leaders Community safiga qabul qilindi. “AI Leaders 2026” nafaqat ta’lim dasturi, balki mintaqada sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq

etish va raqamli iqtisodiyot uchun yangi avlod rahbarlarini shakllantirishga qaratilgan muhim maydonga aylandi. Toshkentda o‘tkazilgan mazkur bitiruv marosimi esa O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro hamkorlik va bilimlar almashinuvi markazlaridan biriga aylanayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Zulxumor Akbarova