Cho‘milish maqsadida daryo bo‘yiga kelgan 2008 yilda tug‘ilgan olti nafar yigitdan uch nafari suvga cho‘kib halok bo‘ldi.

Bu haqda "Ishonch TV" ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yigitlardan biri suvga tushmagan. Qolgan besh nafar yigit daryoga kirgan vaqtda kuchli oqim ularni suv tubiga tortib ketgan. Atrofda bo‘lgan fuqarolar zudlik bilan yordamga shoshilib, ikki nafar o‘smirni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq yana uch nafar yigitni kuchli oqim oqizib ketgan.

Hodisadan so‘ng qutqaruv xizmatlari tomonidan qidiruv ishlari olib borildi. O‘sha kunning o‘zida bir nafar o‘smirning jasadi suvdan olib chiqilgan bo‘lsa, 9 iyun kuni yana birining jasadi topildi. Ayni vaqtda uchinchi o‘smirni qidirish ishlari davom etmoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni taqiqlangan va cho‘milish uchun moslashtirilmagan hududlarda suvga tushmaslikka chaqirmoqda. Ta’kidlanishicha, Surxondaryo viloyatida bu suvga cho‘kish bilan bog‘liq birinchi holat emas.

Mutaxassislar xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, faqat maxsus ajratilgan va ruxsat etilgan joylarda cho‘milish orqali bunday fojealarning oldini olish mumkinligini eslatmoqda.