Bu jarayonda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan har yili oʻtkaziladigan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlari nafaqat muammolarni aniqlash, balki ularni amaliy hal etish mexanizmlarini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur muloqotlar yakuni boʻyicha qabul qilinadigan farmon va
qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash esa kutilgan
natijalarga erishishning asosiy omilidir.
Xususan, tadbirkorlar koʻtargan muammolar asosida ishlab chiqilgan
chora-tadbirlar “yoʻl xaritalari” orqali aniq vazifalar, muddatlar va masʼul ijrochilar
kesimida belgilab berilayotgani ijro intizomini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ijroni taʼminlash jarayonida mutasaddi vazirlik
va idoralar tomonidan tizimli nazorat oʻrnatilishi, topshiriqlarning bosqichma-bosqich
bajarilishi hamda qilingan ishlar yuzasidan doimiy monitoring yuritilishi natijadorlikni
oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shu orqali qabul qilingan qarorlarning qogʻozda
qolib ketmay, amalda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida ifodasini topishi taʼminlanmoqda.
Ayniqsa, maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
mexanizmlarini kengaytirish, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish
kabi yoʻnalishlarda belgilangan vazifalar ijrosi tadbirkorlik muhitida sezilarli
ijobiy oʻzgarishlarga olib kelmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, biznes subyektlarining
faolligini oshirish, yangi ish oʻrinlari ochish va investitsiyalarni jalb etish
katta ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, ijro intizomini mustahkamlash, masʼul tashkilotlar
faoliyatini muvofiqlashtirish hamda natijadorlikka erishishda jamoatchilik nazorati
va tadbirkorlar fikr-mulohazalarini inobatga olish muhim oʻrin tutadi. Bu esa davlat
organlari hamda biznes oʻrtasida ochiqlik va oʻzaro ishonch muhitini yanada mustahkamlaydi.
Ochiq muloqot doirasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali
tashkil etish va qatʼiy nazorat qilish orqali qabul qilinayotgan qarorlarning natijadorligi
taʼminlanmoqda. Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay biznes muhitini
shakllantirish va iqtisodiyot barqaror oʻsishini taʼminlashga xizmat qiladigan mustahkam
institutsional tizim shakllanmoqda.
Hujjatlar
qogʻozda emas, amalda natija berishi kerak
Davlat
boshqaruvida samaradorlikni oshirish, boshqaruvning institutsional
mexanizmlarini takomillashtirish, eng muhimi, ijro intizomini mustahkamlash
masalasi mamlakatimizdagi islohotlarning asosiy poydevoridir.
Qabul qilinayotgan
hujjatlar ijrosini taʼminlashda, shubhasiz, davlat idoralari hamda
tashkilotlarda ijro intizomi qatʼiy yoʻlga qoʻyilgan boʻlishi kerak. Zero, har
qancha hujjat yoki qaror zarur boʻlsa, uni ishlab chiqish, qabul qilish mumkin,
biroq ana shu hujjatlarning hayotdagi ijrosi taʼminlanmasa, islohotlar
natijadorligi koʻrinmaydi. Hayotidagi, yon-atrofidagi oʻzgarishlarni har bir
inson his etishi uchun ham bu juda muhim.
Shu bois,
davlatimiz rahbarining har bir islohotida davlat idoralari hamda tashkilotlarida
xodimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, ijro intizomini taʼminlashga
jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz
yetakchisi kengaytirilgan tartibda oʻtkazilgan bir necha selektor
yigʻilishlarida qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali yoʻlga qoʻyish
boʻyicha kompleks vazifalarni aniq belgilab berdi.
Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini
samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi
hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir
qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz”
ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat
koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi
qarori bu borada muhim dasturulamal hujjat boʻldi.
Bugun davlatimiz
rahbarining topshiriqlari toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishida ushbu hujjatlar
asosida tashkil etilgan yagona va uzluksiz texnologik zanjir tizimi muhim
ahamiyatga ega.
Prezidentimiz
taʼkidlaganidek, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va topshiriqlar qogʻozda
emas, amalda natija berishi kerak. Bu tamoyil ijro intizomiga yuksak amaliy
ahamiyat bagʻishladi.
Qonunlar,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat hujjatlarining ijrosi ustidan
samarali nazorat mexanizmlarini joriy qilish, ijro natijasi boʻyicha aniq
hisobdorlikni taʼminlash, shuningdek, barcha boʻgʻindagi rahbarlar va
xodimlarning ijro intizomiga qatʼiy rioya etish boʻyicha shaxsiy masʼuliyati va
javobgarligini yanada oshirish maqsadida Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi
“Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning
qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijro intizomini yanada
kuchaytirishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri sifatida
natijadorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Mazkur farmon
bilan barcha darajadagi mansabdorlarning masʼuliyati yanada oshirildi,
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning samarali
mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi.
“Ijro.gov.uz”
tizimida 2026-yilning birinchi choragida Savdo-sanoat palatasi jami 221 ta
topshiriqqa masʼul etib belgilangan. Shular doirasida Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining 158 ta, Prezident Administratsiyasi rahbarining 56 ta hamda
Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan 7 ta topshiriq ijrosi toʻliq
taʼminlandi.
Shu bilan birga,
joriy yil may oyida Savdo-sanoat palatasi tomonidan 35 ta topshiriqni bajarish
boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
Murojaatlar
bilan ishlash — rivojlanish omili
Davlatimiz rahbari
tomonidan 2026-yil 13-mart kuni oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalar
mamlakatimizda boshqaruv tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ayniqsa, ijro
intizomini mustahkamlash va aholi murojaatlariga sifatli yondashish masalasida
muhim burilish nuqtasi boʻldi.
Ushbu yigʻilishda
taʼkidlangan talablar Savdo-sanoat palatasi va hududiy boʻlinmalari oldiga ham
kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni qoʻymoqda. Zero, palata davlat va tadbirkor
oʻrtasidagi koʻprik boʻlib, bu yerdagi har bir murojaat ortida biznes
vakilining taqdiri va investitsiya muhiti mujassam.
Yigʻilishda
Prezidentimiz ijro intizomi faqat qogʻoz toʻldirish emas, balki qarorlarning
hayotdagi ijrosini taʼminlash ekanini qatʼiy belgilab berdi. Palata tizimida
ham har bir topshiriq hamda murojaat ijrosi yuzasidan “qatʼiy nazorat va
shaxsiy masʼuliyat” tamoyili joriy etilmoqda.
Muddatlarning
kechikishiga emas, balki muammoning mazmunan hal etilishiga asosiy eʼtibor
qaratilmoqda.
Murojaatlar bilan
ishlash shunchaki javob xati yozish emas. Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga
koʻra, endi palataga kelib tushayotgan har bir murojaat boʻyicha tadbirkorning
muammosi joyiga chiqqan holda oʻrganiladi.
Prezidentimiz
qoʻygan talablar faoliyatimizdagi eng muhim mezonlar etib belgilandi. Ijro
intizomiga qatʼiy rioya qilish va murojaatlarni oʻz vaqtida, sifatli hal etish
orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlash barobarida xalqimizning, xususan,
tadbirkorlarimizning davlatga ishonchini mustahkamlaymiz.
Birinchi
chorak tahlili va ustuvor maqsadlar
Joriy yil 24-aprel
kuni davlatimiz rahbari huzurida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsishni
taʼminlashning birinchi chorak yakunlari hamda yil oxirigacha belgilangan
ustuvor vazifalarga bagʻishlangan muhim yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda
belgilangan topshiriqlar mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini taʼminlashda
davlat organlari bilan birga Savdo-sanoat palatasi kabi biznes hamjamiyati
vakillari oldiga ham aniq talablarni qoʻydi.
Yigʻilishda
taʼkidlanganidek, joriy yilning dastlabki uch oyi iqtisodiyotimiz uchun sinov
va imkoniyatlar davri boʻldi. Tarmoqlar kesimida oʻsish surʼati tahlil qilinar
ekan, asosiy eʼtibor ichki zaxiralarni safarbar etish va investitsiyaviy
loyihalarni jadallashtirishga qaratildi.
Palata tizimi
uchun bu davr tadbirkorlarning muammolarini tizimli oʻrganish va ularning
eksport salohiyatini oshirish boʻyicha amaliy choralar koʻrish pallasi boʻldi.
Biroq mamlakatimiz yetakchisi taʼkidlaganidek, erishilgan natijalar bilan
cheklanib qolmay, hali ishga solinmagan ulkan salohiyatdan foydalanish zarur.
Yigʻilish
yakunlaridan kelib chiqib, Savdo-sanoat palatasida yil yakuniga qadar qator
yoʻnalishlarda vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, har bir
tuman va shaharning oʻziga xos ixtisoslashuvidan kelib chiqib, yangi ishlab
chiqarish quvvatlarini ishga tushirish koʻzda tutildi. Bunda palata
tadbirkorlarga loyihaviy hujjatlarni tayyorlash va bozor topishda yaqindan
koʻmak beradi.
Yirik sanoat
korxonalari atrofida kichik va oʻrta biznes vakillarining kooperatsiya
aloqalari kengaytiriladi. Bu mahalliylashtirish darajasini oshirishning eng
samarali yoʻlidir.
Faqat anʼanaviy
bozorlar bilan cheklanib qolmay, yangi va istiqbolli yoʻnalishlarga chiqish
uchun tadbirkorlarni sertifikatlash va xalqaro standartlarga moslashtirish
ishlari kuchaytiriladi.
Yigʻilishda
Prezidentimiz iqtisodiy oʻsishga toʻsiq boʻlayotgan omillarni bartaraf etish
boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berdi. Savdo-sanoat palatasi faoliyatida bu
topshiriqlar tadbirkorlikka xalal berayotgan byurokratik toʻsiqlarni doimiy
monitoring qilish, biznes muhitini yaxshilash boʻyicha qonunchilikka takliflar
kiritish, har bir investitsiya loyihasining taqdiri uchun masʼuliyatni his
qilish demakdir.
Yil yakuniga qadar
iqtisodiy koʻrsatkichlarning barqaror oʻsishini taʼminlash yangi ish oʻrinlari
ochish, aholining daromadini oshirish va tadbirkorlarimizning farovonligiga
xizmat qiladi.
Tadbirkorlar
hayotidagi oʻzgarishlar
Soliq siyosatidagi
islohotlar tufayli tadbirkorlar uchun soliq yuki qisqartirildi va hisob-kitob
jarayoni soddalashtirildi. Masalan, ayrim turdagi soliq stavkalari
pasaytirilishi va hisobot topshirish tizimining raqamlashtirilishi kichik
biznes vakillari uchun katta yengillik berdi. Ilgari tadbirkor soliq hisobotini
tayyorlash uchun alohida mutaxassis jalb qilishga majbur boʻlgan. Hozir
elektron tizimlar orqali bu jarayon ancha osonlashdi.
Yana bir muhim
oʻzgarish litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarining soddalashtirilishi
boʻldi. Ilgari tadbirkor faoliyat boshlash uchun bir nechta idoraga murojaat
qilishi, koʻp vaqt va resurs sarflashi talab etilar edi. Yangi tartiblar joriy
etilishi tufayli esa koʻplab ruxsatnomalar bekor qilindi yoki “bir darcha”
tamoyili asosida taqdim etiladigan boʻldi. Masalan, kichik ishlab chiqarish yoki
xizmat koʻrsatish faoliyatini boshlash uchun zarur ruxsatnomalarni qisqa
muddatda olish imkoni paydo boʻldi.
Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining
kengayishi ham tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Jumladan,
imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va davlat kafolatlari orqali tadbirkorlar oʻz
biznesini kengaytirish yoki yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniga ega
boʻlmoqda. Masalan, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotgan
tadbirkor past foizli kredit olish orqali uskunalar xarid qilib, faoliyatini
boshlashi mumkin.
Bojxona va tashqi
savdo sohasidagi yengilliklar ham eksport qiluvchi tadbirkorlar hayotida ijobiy
oʻzgarishlar yaratdi. Eksport jarayonining soddalashtirilishi, ortiqcha
tekshiruvlarning qisqartirilishi va logistikaga doir qulayliklar natijasida
tadbirkorlar tashqi bozorlarga chiqishda kamroq toʻsiqqa duch kelmoqda.
Masalan, mahalliy ishlab chiqaruvchi oʻz mahsulotini xorijga eksport qilishda
hujjatlashtirish jarayonini tez va shaffof bajara oladi.
Shu bilan birga,
tekshiruv tizimining tartibga solinishi ham tadbirkorlar faoliyatiga ijobiy
taʼsir koʻrsatmoqda. Nazorat organlari tomonidan tekshiruvlar soni
qisqartirilib, ularni oʻtkazish tartibi aniq belgilab qoʻyildi. Bu esa
tadbirkorlarning ortiqcha bezovta qilinishiga chek qoʻyib, ularning asosiy
eʼtiborini biznesni rivojlantirishga qaratish imkonini bermoqda.
Tadbirkorlar uchun
qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ularning kundalik faoliyatini
yengillashtirish, xarajatlarini kamaytirish va yangi imkoniyatlar ochishga
xizmat qilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, tadbirkorlik faolligining oshishi,
yangi ish oʻrinlari ochilishi va iqtisodiyotning barqaror oʻsishiga mustahkam
zamin hozirlamoqda.
Biznesning
jamiyat oldidagi masʼuliyati
Davlatimiz
tomonidan hamda Savdo-sanoat palatasi koʻmagida biznes uchun koʻplab toʻsiqlar
olib tashlandi, soliqlar optimallashtirildi.
Xoʻsh, bunga
javoban tadbirkorlar ijtimoiy va iqtisodiy sohaga real hayotda qanday hissa
qoʻshmoqda? Quyida buning aniq va hayotiy dalillarini koʻrib chiqamiz.
Birgina Uzum
Market milliy marketpleysini olaylik. Davlat tomonidan AT va elektron tijorat
sohasiga berilgan erkinliklar natijasida ushbu kompaniya qisqa muddatda ulkan
logistika markazlarini qurdi. Ular butun boshli yangi savdo ekotizimini
yaratdi. Chekka viloyatdagi oddiy hunarmand yoki kichik sex egasi oʻz
mahsulotini butun Oʻzbekiston boʻylab sotish imkoniga ega boʻldi.
Kuryerlar,
omborxona ishchilari, saralovchilar va AT mutaxassislari sifatida oʻn minglab
yoshlar rasmiy ish bilan taʼminlandi. Ilgari bu yoshlarning koʻpi chet elga ish
qidirib ketishga majbur edi.
Biznesga berilgan
yengilliklar tadbirkorlarni soyadan chiqishga undadi. Buning eng yorqin
namunasi “Korzinka” supermarketlar tarmogʻidir. Bu kompaniya xufiyona savdo
(yashirin iqtisodiyot)dan voz kechib, 100 foiz ochiq tizimda ishlaydi. Natijada
har yili davlat byudjetiga yuzlab milliard soʻm soliq toʻlaydi. Oʻz oʻrnida bu
mablagʻ ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning rivojlanishi uchun yoʻnaltiriladi.
Kompaniya
nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilish boʻyicha dasturlarni muntazam
amalga oshiradi. Shuningdek, Ramazon oyi va boshqa bayramlarda kam taʼminlangan
oilalarga yirik miqdorda oziq-ovqat yordamlarini manzilli yetkazib beradi.
Bugungi tadbirkorlar faqat oʻz obyektini emas, atrof-muhitni ham obod
qilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon”
umummilliy loyihasi doirasida Murad Buildings, Golden House kabi yirik qurilish
kompaniyalari va yuzlab mahalliy tadbirkorlar oʻz hisobidan minglab tup
qimmatbaho manzarali daraxt koʻchatlarini sotib olib, shahar va tumanlarda
yangi ekobogʻlar barpo etdi. Shuningdek, koʻplab tadbirkorlar oʻz korxonasi
atrofidagi yoʻllarni asfalt qilib, bekatlar qurib, mahalla infratuzilmasini
oʻzgartirmoqda.
Davlatimiz rahbari qoʻllab-quvvatlovi bilan yaratilgan sharoitlar tufayli
tadbirkorlar bugun yirik ish beruvchi, davlat byudjetining asosiy donori va
ijtimoiy muammolarni hal qiluvchi sherikka aylandi. Ular oʻzining real
saʼy-harakatlari va barpo etayotgan tizimi orqali jamiyat farovonligiga katta
hissa qoʻshib kelmoqda.
Yangi
Oʻzbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi
Hayotimizning
barcha jabhasi kabi iqtisodiy sohada, ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirish
borasida ham muhim natijalar qoʻlga kiritilmoqda.
Jahonning ilgʻor
tajribasiga tayangan holda zamonaviy va samarali boshqaruv vositalarini joriy
etish orqali tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini
erkinlashtirish va biznes manfaatlarini eng ustuvor qadriyat sifatida
taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Aynan hozir
mamlakatimizda bu masalaga katta eʼtibor berilayotgani aslo bejiz emas. Chunki
jahon xalqlari va zamonaviy ilgʻor mamlakatlar iqtisodiyotining
natijadorligini, harakatchanligi va oʻsuvchanligini taʼminlash, sohani rivojlantirishda
tadbirkorlikning oʻziga xos oʻrni borligi allaqachon isbotlangan.
U taraqqiy etgan
mamlakatlar hayotining asosiy elementlaridan va yurtimiz iqtisodiyoti uchun ham
eng muhim omillardan biri sifatida samaradorligini koʻrsatmoqda. Bu borada
mamlakatimizda tadbirkorlik sohasiga oid baʼzi raqamlar va dalillarni
keltirishning oʻziyoq ushbu fikrni yaqqol isbotlaydi.
Bugun tadbirkorlik
harakati Oʻzbekiston jamiyatining oʻziga xos, iqtisodiy jihatdan mustahkam
yangi ijtimoiy qatlamiga va yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining
harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
Tadbirkorlik harakati mamlakatimizning eng sara
qatlamlari vakillarini qamrab olayotir. Chunki avvallari iqtisodiyotning
sanoqli yoʻnalishlarida, asosan ishlab chiqarish va savdo sohalari tadbirkorlik
sifatida tushunilgan boʻlsa, hozir tadbirkorlikning geografiyasi ancha
kengaygan.
Xullas,
tadbirkorlik jamiyatning barcha jabhasida oʻz oʻrniga ega boʻlib bormoqda.
Axborot texnologiyalari, tibbiyot, taʼlim, sanʼat, kinematografiya va hatto
ijtimoiy tarmoqlar ham biznesning bir koʻrinishi. Bu iqtisodiyot uchun ham,
jamiyat uchun ham ijobiy jihatlarini koʻrsatmoqda.
Endi tadbirkorlik
shunchaki daromad olish bilan cheklanib qoladigan faoliyat turi boʻlib qolmay,
ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi boshqa yoʻnalishlarni ham rivojlantirishga turtki
boʻladigan muhim sohaga aylanmoqda.
Davlatimiz
rahbarining tadbirkorlikka qaratayotgan eʼtibori tufayli har bir idora va
tashkilot biznes sohasini rivojlantirishga masʼulligi belgilandi.
Yana bir muhim
jihat shuki, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytsak, tadbirkorlik, ishbilarmonlik,
avvalo, yoshlarga xos fazilatdir.
Demak, tadbirkorlikka yoʻl ochish, avvalo,
yoshlarga keng yoʻl ochib berish va bu boradagi islohotlar ham yoshlarning
farovon kelajagi uchun, ham biznes istiqboli, jahon bozoriga mahalliy
mahsulotlarni olib chiqishning puxta oʻylangan samarasi, desak mubolagʻa
boʻlmaydi.
Bularning barchasi
Prezidentimizning ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratgani, ayni jabhada
islohotlarning aniq strategiyasi amalga oshirilayotgani bilan izohlanadi.
Jumladan, bundan ikki yil oldin nihoyatda yaxshi tajriba — Tadbirkorlar kuni
arafasida Prezidentimizning eng ilgʻor tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
shaklidagi uchrashuvlari, yaʼni toʻplanib qolgan masalalarga birgalikda yechim
topish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani va ushbu anʼana davom ettirilayotgani buning
yaqqol dalilidir.
Prezidentimiz
taʼkidlaganidek, soʻnggi 7-8 yilda xalqaro maydonda boʻlayotgan oʻzgarishlar
dunyo iqtisodiyotiga, jumladan, milliy iqtisodiyotimizga ham katta taʼsir oʻtkazmoqda.
Turli ziddiyatlar
tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjiri uzilgani, hamkor
mamlakatlar valyutasi qadrsizlangani, global miqyosda inflyatsiya darajasi
yuqori boʻlib qolayotgani oqibatida moliyaviy resurslar qimmatlashgani kabi
omillar taʼsirini soha vakillari sezib turibdi.
Bunday murakkab sharoitda muammolarni bevosita biznes vakillarining
oʻzidan eshitib, ularga birgalikda yechim topish va shu orqali tezkor qaror
qabul qilish eng toʻgʻri yoʻl ekanini hayotning oʻzi isbotlab berdi.
Yagona
“texnologik zanjir” tamoyili
Tadbirkorlar kuni
arafasida oʻtkazilgan uchrashuv yakunlari boʻyicha davlatimiz rahbarining
2025-yil 19-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar
bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur hujjatda
belgilangan vazifalarning izchil va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash orqali
tadbirkorlik faoliyatidagi tizimli muammolarni bartaraf etish, biznes yuritish
sharoitlarini yanada yengillashtirish hamda yangi imkoniyatlar yaratishga
qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Farmon ijrosini
taʼminlash doirasida masʼul vazirlik va idoralar kesimida aniq vazifalar,
muddatlar va ijro mexanizmlarining belgilanishi, shuningdek, doimiy monitoring
va nazorat tizimining yoʻlga qoʻyilishi qabul qilingan qarorlarning amaldagi
samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlar koʻtargan
muammolarning manzilli hal etilishi, maʼmuriy toʻsiqlarni qisqartirish va
davlat xizmatlarini soddalashtirish kabi yoʻnalishlarda qilinayotgan ishlar
ijobiy natijalar bermoqda.
Shu jihatdan
mazkur farmon nafaqat strategik vazifalarni belgilab beruvchi hujjat, balki
ularning amaliy ijrosini taʼminlash orqali tadbirkorlar hayotida real
oʻzgarishlarni taʼminlayotgan muhim mexanizm sifatida namoyon boʻlmoqda.
Hujjat bilan 7 ta
ustuvor yoʻnalish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar belgilab berildi. Xususan,
tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, soliq tizimini takomillashtirish,
turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish, biznes uchun maʼmuriy toʻsiqlarni
qisqartirish kabi muhim yoʻnalishlar qamrab olingan.
Mazkur farmon
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida mustahkam huquqiy poydevor yaratib
berdi. Unga muvofiq, sohada 23 ta qonun, 6 ta farmon, 19 ta qaror hamda
hukumatning 29 ta qarorini ishlab chiqish belgilandi. Bu keng qamrovli
islohotlar meʼyoriy bazani takomillashtirish bilan birga tadbirkorlik muhitini
mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Natijada
yurtimizda ishbilarmonlik muhiti yanada jozibador tus olib, yangi loyihalarga
keng yoʻl ochilmoqda, investitsiyaviy faollik ortib bormoqda. Eng asosiysi,
tadbirkor iqtisodiyot tayanchi sifatida eʼtirof etilib, uning manfaatlari
amalda ishonchli himoya qilinmoqda.
Zamonaviy boshqaruv amaliyotida ijro intizomi faqat
topshiriqlarni bajarish emas, balki ularning natijadorligiga erishishni ham
nazarda tutadi. Shu maʼnoda, ijro jarayonini tashkil etishda yagona “texnologik
zanjir” tamoyili muhim ahamiyat kasb etadi.
Davron VAHOBOV,
Savdo-sanoat palatasi raisi