Toshkent shahri va uning atrofidagi hududlarda havo ifloslanishi, ayniqsa, tungi paytda harorat keskin pasayib, shamol esmagan sharoitda kuchayishi mumkin. Bunday vaziyatda atmosferada yuzaga keladigan harorat inversiyasi ifloslantiruvchi moddalarning yerga yaqin qatlamda toʻplanishiga olib keladi.

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, koʻmir yoqadigan issiqxonalardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar yuzasidan fuqarolarning murojaatlari koʻpaygan. Jumladan, Yunusobod tumani aholisi havo sifati yomonlashgani va issiqxonalarni koʻmir bilan isitish natijasida noxush hidlar paydo boʻlayotganidan shikoyat qilgan.

Murojaatlar boʻyicha joylarda oʻrganishlar oʻtkazilib, havodan namunalar olingan. Bu orqali ifloslantiruvchi moddalarni atmosferaga chiqarayotgan manbalarni aniqlash va qoidabuzarlarga nisbatan chora koʻrish uchun maʼlumotlar toʻplanmoqda.

Issiqxonalar qanday talablarga javob berishi kerak?

Maxsus ishchi guruh issiqxona xoʻjaliklarini zamonaviy va ekologik xavfsiz isitish tizimlariga oʻtkazish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqdi.

Unga koʻra, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan issiqxonalarda quyidagi energiya manbalaridan foydalanish taklif etilmoqda:

  • tabiiy va suyultirilgan gaz;
  • elektr energiyasi;
  • geotermal va quyosh energiyasi;
  • issiqlik elektr stansiyalarida hosil boʻladigan ikkilamchi issiqlik energiyasi.

Agar ushbu manbalardan foydalanish imkoniyati boʻlmasa, koʻmirda ishlaydigan isitish tizimlariga ham ruxsat berish taklif qilinmoqda. Biroq bunda issiqxonalar belgilangan ekologik meʼyorlarga javob beradigan zamonaviy, sertifikatlangan qozonlar va chiqindi gazlarni tozalash filtrlari bilan jihozlanishi shart.

Shuningdek, videokuzatuv tizimlarini oʻrnatish hamda tegishli maʼlumotlar va videotasvirlarni Milliy ekologik monitoring markaziga uzatish nazarda tutilmoqda.

Filtrlar sinovdan oʻtkazildi: natija talabga javob bermadi

Issiqxona xoʻjaliklari vakillari Xitoy texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan qozonxona uskunasi hamda filtrlardan iborat tizimning tajriba namunasini taqdim etdi.

30-sentyabr va 8-oktyabr kunlari ushbu qurilma orqali atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori bir necha bor oʻlchandi. Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, sinov natijalari chiqindilar miqdori aholi salomatligi uchun xavfsizlik talablariga muvofiq emasligini koʻrsatgan.

Kelishuvga muvofiq, issiqxona xoʻjaliklari filtr namunasini takomillashtirishi, shundan soʻng ishchi guruh uni qayta sinovdan oʻtkazishi belgilangan.

Ayni paytda issiqxona qozonlari filtrlari uchun xavfsiz chiqindi meʼyorlarini belgilashga qaratilgan hujjat loyihasi ham tayyorlangan.

«Yashil issiqxonalar» uchun imtiyozlar berilishi mumkin

Ekologik toza texnologiyalarga oʻtishni rejalashtirayotgan issiqxona xoʻjaliklari uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlari paketini joriy etish ham nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxonalarning poytaxt mintaqasida faoliyat yuritishiga nisbatan taqiq saqlanib qoladi.

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda issiqxona xoʻjaliklari ustidan doimiy ekologik monitoring olib borishini maʼlum qildi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga nisbatan amaldagi moratoriy talablariga rioya etilishi lozim.

Hozircha issiqxonalar uchun taklif etilayotgan talablar, subsidiyalar va soliq imtiyozlari masalalari koʻrib chiqilmoqda. Demak, koʻmirda ishlaydigan barcha issiqxonalarga cheklovsiz ruxsat berilmoqda, degan xulosa chiqarishga asos yoʻq.