Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-oktyabrdagi PF–217-son «Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonida hukumat tuzilmasini oʻzgartirish va taʼlim, ilm-fan hamda sogʻliqni saqlash sohalaridagi boshqaruv samaradorligini oshirish choralari belgilandi.
Hujjatga koʻra, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri lavozimi joriy etildi.
Shuningdek, 12 ta shtat birligidan iborat Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilinadi.
Kotibiyatning beshta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻlimi hisobidan, qolgan yettita shtat birligi esa qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi.
Farmonga muvofiq, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziriga Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda ular tizimidagi tegishli agentliklar, qoʻmitalar va inspeksiyalar biriktiriladi.
Shuningdek, uning vazifalari doirasiga Fanlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining muayyan yoʻnalishlari ham kiradi.
Xususan, Ichki ishlar vazirligiga taʼlim muassasalarida, oʻquvchi va talabalar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishi, tazyiq hamda zoʻravonlik jinoyatlarining oldini olish masalalari boʻyicha vazifalar biriktirilgan.
Yoshlar ishlari agentligi esa oʻquvchi va talabalarning zamonaviy bilimlar va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoʻnalishida ishtirok etadi.
Yangi lavozim egasi oʻz vakolatlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohalariga oid vazifalari bajarilishiga umumiy rahbarlik qiladi hamda ular faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Farmonda Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya bilan hamkorlik yoʻnalishlari ham belgilangan. Ular oʻquvchi va talabalarni zararli oqimlar taʼsiridan himoya qilish, vatanparvarlik va sogʻlom turmush tarzini targʻib etish kabi masalalarni qamrab oladi.
Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vazirining funksional vazifalari hamda kotibiyat toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi qaror qabul qilishi kerak.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻlimi Madaniyat va sport masalalari boʻlimi deb qayta nomlanadi.
Hujjatda Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida boshqaruv xodimlari soni 243 nafar etib belgilangan.
Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda farmondan kelib chiqadigan qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash topshirilgan.
Farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklangan.