Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi, Ekopolitsiya boshlig‘i Aziz Abduhakimov raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda viloyatda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik nazoratni tashkil etishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ekologik nazoratning sustligi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan nazorat yetarli darajada tashkil etilmagani, ekologik ekspertiza xulosasisiz hamda daryolarni muhofaza qilish zonalarida ruxsatsiz faoliyat yuritayotgan obyektlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmagani qayd etildi.

Shuningdek, Chirchiq daryosi o‘zanida qum-shagal aralashmasining noqonuniy qazib olinishi va muhofaza hududlariga chiqindilar tashlanishi holatlari bo‘yicha nazorat samarasiz ekani ta’kidlandi. Har bir tuman va shahar faoliyati alohida tahlil qilinib, ekologik nazoratni tashkil etishdagi sustkashlik va mas’uliyatsizlik holatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Toshkent viloyati Ekopolitsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda sakkizta tuman va shahar bo‘limlari boshliqlari lavozimidan ozod etildi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati Ekologiya bosh boshqarmasiga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalariga ham Toshkent viloyati tajribasidan tegishli xulosa chiqarish, nazorat samaradorligini oshirish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ekologik nazorat respublika bo‘ylab kuchaytirilgan bo‘lib, bu sohadagi har qanday mas’uliyatsizlikka nisbatan keskin choralar qo‘llaniladi.