Toshkent shahri hokimligining maʼlum qilinishicha, murojaatlar Mirzo Ulugʻbek tumanida 6 ta, Yashnobod tumanida 3 ta, Shayxontohur tumanida 4 ta, Mirobod tumanida 3 ta, Yakkasaroy tumanida 1 ta, Olmazor tumanida 2 ta, Chilonzor tumanida 2 ta hamda Yunusobod tumanida 2 ta manzil boʻyicha kelib tushgan.

Tegishli xizmatlar maʼlumotiga koʻra, 10 may kuni yogʻingarchilik miqdori 35 millimetrni tashkil etgan. Uning asosiy qismi ikki soatdan kam vaqt ichida yogʻib oʻtgan boʻlib, bu oʻrtacha oylik meʼyorning yarmidan koʻprogʻiga teng.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi mavjud yomgʻir suqlarini chiqarish tizimi bir kecha-kunduzda 20 millimetrgacha yogʻingarchilikni qabul qilishga moʻljallangan. Bosh rejaga muvofiq, ushbu quvvatni bosqichma-bosqich 36 millimetrgacha oshirish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, kuchli va qisqa muddatli yomgʻir paytida shaharning suv chiqarish infratuzilmasi yuqori yuklamaga duch kelgan. Ayrim hududlarda kelgan suv hajmi mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlar oʻtkazuvchanligidan oshib ketgani sababli suv toʻplanish holatlari yuzaga kelgan.

Shuningdek, ayrim joylarda chiqindilar sabab suv chiqarish tizimining tiqilib qolishi, oʻzboshimchalik bilan qurilgan inshootlar hamda ariq va irrigatsiya tarmoqlarining toʻsib qoʻyilishi vaziyatni yanada murakkablashtirgani aytildi.

Oqibatlarni bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, drenaj-kollektor tizimlari, kommunal xizmatlar va boshqa tegishli tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan. Hududlarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishlagan.

Koʻrilgan choralar natijasida suv toʻplanishi bilan bogʻliq holatlar bir soat ichida toʻliq bartaraf etilgan.

Har bir manzil boʻyicha ishchi guruhlar tomonidan vaziyat birlamchi tarzda oʻrganilib, zarur choralar belgilandi. Xususan, quyidagilar koʻrib chiqilmoqda:

— 5 ta manzilda irrigatsiya tizimini qurish;
— bitta hududni loyihachilar bilan birgalikda qayta oʻrganib chiqish;
— qoʻshimcha 3 ta dyuker oʻrnatish;
— bitta obyektda diametri 800 mm boʻlgan, boshqa bir qator hududlarda esa diametri 500 mm boʻlgan quvurlarni oʻrnatish;
— qoʻshimcha nasos agregatlarini oʻrnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish;
— 6 ta qoʻshimcha suv qabul qilish panjarasini montaj qilish;
— tizimning ayrim qismlari oʻtkazuvchanlik quvvatini kuchaytirish.

Ishlar manzilli davom ettiriladi. Asosiy eʼtibor yomgʻir suvlarini chiqarish tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, muammoli hududlarning oʻtkazuvchanlik quvvatini oshirish va kelgusida lokal suv toshishi xavfini kamaytirishga qaratiladi.