Loyiha doirasida Toshkent Sayilgohi, unga tutash xiyobonlar, yashil hududlar, piyodalar yo‘laklari va shahar infratuzilmasi obyektlarini kompleks rivojlantirish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, Sayilgoh ko‘chasi — Toshkent Brodveyi poytaxtning eng mashhur sayr maskanlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda tarixan rassomlar, musiqachilar, shahar aholisi va mehmonlari ishtirokida jonli ko‘cha muhiti shakllangan.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, hudud nafaqat piyodalar qismi, balki unga tutash yashil maydonlar, o‘tish yo‘laklari, yoritish tizimi, irrigatsiya va tashqi infratuzilmani ham bosqichma-bosqich yangilashni talab qilmoqda.
Loyiha Yagona dizayn-kod va hududni kompleks rivojlantirish tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Tayyorlov jarayonida aholi va mutaxassislar takliflari ham o‘rganiladi.
Taʼkidlanishicha, hudud ochiq shahar muhiti xususiyatini saqlab qoladi. Ko‘cha rassomlari va ijodiy jamoatchilik vakillari mazkur makonning ajralmas qismi bo‘lib qolaveradi.
Loyiha doirasida yo‘l va piyodalar yo‘laklari qoplamasini yangilash, piyodalar harakatini yaxshilash, to‘siqsiz muhit yaratish, yoritish tizimini modernizatsiya qilish, ko‘kalamzorlashtirish va irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, favvoralar rekonstruktsiya qilinib, o‘rindiqlar, chiqindi qutisi va boshqa kichik arxitektura shakllari o‘rnatiladi. Peshlavha va reklamalar Yagona dizayn-kod talablari asosida tartibga keltiriladi, noqonuniy qurilmalar esa demontaj qilinadi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida videokuzatuv va monitoring tizimlarini joriy etish ham rejalashtirilgan.
Maʼlum qilinishicha, hududdagi mavjud daraxtlar mutaxassislar nazoratida ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, kamida 1000 tup yangi daraxt, buta va manzarali o‘simlik ekish rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi — hududning o‘ziga xos muhiti va qiyofasini saqlab qolgan holda, uni poytaxt aholisi va mehmonlari uchun yanada qulay, yashil va xavfsiz maskanga aylantirishdan iborat.