Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qildi.

Shuningdek, Yakkasaroy tumanidagi biznes markazining 11-qavatida joylashgan yana bir «Call-markaz»da 34 nafar shaxs faoliyat yuritgani, ularning 3 nafari chet el fuqarolari ekani aniqlandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, koll-markazlarda boshqaruvchilar, tashkilotchilar, jamoa sardorlari va operatorlar oyiga 70 foizgacha daromad va’da qilingan soxta investitsiya takliflari aks etgan fishing havolalarini tayyorlagan. Ular Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Niderlandiya, Daniya va boshqa davlatlar fuqarolariga soxta raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilib, treyderlik niqobi ostida kriptoaktivlarga investitsiya kiritishga undagan.


Xodimlar ishga qabul qilinishida maxfiylik qoidalariga qat’iy amal qilingan. Ularga taxalluslardan foydalanish bo‘yicha alohida yo‘riqnoma berilgan, binoga kirish esa maxsus qo‘riqchilar nazorati ostida amalga oshirilgan.

Tezkor tadbirlar davomida jinoyiy faoliyatda foydalanilgan 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 320 ta telefon apparati, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, 2 ta seyf va boshqa texnik vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.


Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, jinoyiy sxemani chet el fuqarosi 1978 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bilan hamkorlikda tashkil etgan. Hozirda mazkur ikki rahbar va koll-markazlar faoliyatining asosiy gumonlanuvchilari bo‘lgan yana 8 nafar shaxs qamoqqa olingan.

Shuningdek, yana 10 nafar gumondorga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanilgan, qolgan 111 nafar shaxs bilan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.

Dastlabki surishtiruvlar ushbu jinoyiy tarmoqning Rossiya, Gruziya, Ukraina va Ozarbayjonda ham koll-markazlari faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Kelgusida ushbu davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda xalqaro jinoyiy tarmoq faoliyatiga barham berish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi hamda Interpol Milliy markaziy byurosi orqali Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlariga tegishli so‘rovlar yuborilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qayd etishicha, mazkur operatsiya nafaqat bitta jinoyiy guruhni fosh etish, balki minglab insonlarning moliyaviy yo‘qotishlarining oldini olish, O‘zbekiston hududining xalqaro kiberfiribgarlik markaziga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini himoya qilishga qaratilgan muhim chora hisoblanadi.