Davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, “Turkiy dunyoning integratsiyasi bu — xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor boʻlgan uzoq muddatli strategik masaladir”.

Darhaqiqat, dunyoning turli mintaqalarida oʻzaro ziddiyatlar tobora avj olayotgan, xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib borayotgan bir sharoitda Tashkilotga aʼzo davlatlarning oʻzaro hamjihatlikda ish yuritishi, uygʻun pozitsiyalarda boʻlishi muhim ahamiyatga ega.

Zero, turkiy makonning ahamiyati jahon logistikasidagi oʻzgarishlar fonida yanada kuchaymoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari Markaziy Osiyo, Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlarini bogʻlovchi eng yirik quruqlik hududlaridan birini shakllantirmoqda.

Tashkilot makonida 170 milliondan ortiq aholi yashaydi va u katta iqtisodiy salohiyatga ega. 2025-yilda TDT mamlakatlarining umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi, bu jahon iqtisodiyotining qariyb 2 foizini tashkil etdi. Xarid qobiliyati pariteti boʻyicha bu koʻrsatkich 6,2 trillion dollardan oshib, jahon YAIMining 3,4 foiziga teng boʻldi. Tashkilotga aʼzo davlatlarning umumiy tashqi savdo aylanmasi esa 1,2 trillion dollardan oshdi.

TDT mamlakatlaridagi tasdiqlangan gaz zaxiralari taxminan 19,9 trillion kub metrni, neft zaxiralari esa 38,2 milliard barrelni tashkil etadi. Bu esa mintaqani Yevroosiyoning yirik energetika markazlaridan biriga aylantiryapti.

Turkiy makon iqtisodiyotlari yuqori darajada oʻzaro bir-birini toʻldirishi bilan ajralib turadi. Turkiya va Vengriya rivojlangan sanoat hamda mashinasozlik bazasiga ega boʻlsa, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Turkmaniston yirik energetika resurs­lariga ega. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston esa qayta ishlash sanoati va agrosanoat sohasida oʻz pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.

Mazkur tendensiyalar fonida Oʻzbekiston mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri boʻlib turibdi. Soʻnggi besh yil ichida mamlakat Garvard universitetining Iqtisodiy murakkablik atlasi reytingida 28 pogʻona yuqorilab, 145 ta davlat orasida 70-oʻrinni egalladi. Eksportning oʻrtacha yillik oʻsishi 13,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, energetika bilan bogʻliq boʻlmagan eksport hajmi yiliga oʻrtacha 17 foiz oshib, mintaqaviy va jahon oʻrtacha koʻrsatkichlaridan yuqori surʼatni namoyon qildi.

Shu nuqtayi nazardan, TDT amaliy iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Savdo, transport, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar va raqamlashtirish yangi mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosiga aylanishi mumkin.

Savdo va sanoat kooperatsiyasi

Bugungi kunda Oʻzbekistonning TDT doirasidagi hamkorligi 35 dan ortiq yoʻnalishni qamrab olgan. Hamkorlikning iqtisodiy tarkibi ham tobora kuchayib ­bormoqda. Soʻnggi toʻqqiz yilda Oʻzbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi

2,7 barobar oshib, 2017-yildagi 4 milliard dollardan 2025-yilda qariyb 11 milliard dollarga yetdi. Eksport hajmi 1,2 milliard dollardan 3,8 milliard dollarga, import esa 1,8 milliard dollardan 7 milliard dollarga oshdi.

TDT doirasida Qozogʻiston va Turkiya Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlari boʻlib qolmoqda. Tovar aylanmasining 46 foizi yoki qariyb 5 milliard dollari Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri keladi. Turkiya­ning ulushi esa 28 foizni yoki taxminan

3 milliard dollar. Shuningdek, Turkmanis­ton va Qirgʻiziston bilan savdo hajmi ham sezilarli boʻlib, har biri bilan tovar aylanmasi 1,2 milliard dollarni tashkil etadi.

Savdo tarkibi ham oʻzgarmoqda. Oʻzbekis­tonning TDT mamlakatlariga eksportida sanoat mahsulotlari 28,2 foizni, mashina va transport uskunalari 19 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari 11,1 foizni, kimyo mahsulotlari 10 foizni, xizmatlar esa 12,7 foizni tashkil etmoqda. Tayyor mahsulotlar, xizmatlar va ishlab chiqarish kooperatsiyasi ulushi ortib borayotgani iqtisodiyotning yanada murakkabroq modeliga bosqichma-bosqich oʻtilayotganini koʻrsatadi.

TDT mamlakatlaridan import, asosan, iqtisodiyotni modernizatsiyalash ehtiyojlari bilan bogʻliq. Import tarkibi asosini oziq-ovqat mahsulotlari, mineral yoqilgʻi, sanoat mahsulotlari, mashina va uskunalar tashkil etmoqda. Bu esa ishlab chiqarish aloqalari kengayib borayotganidan dalolat.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholariga koʻra, Oʻzbekiston TDT mamlakatlariga eksport hajmini qoʻshimcha 2,7 milliard dollarga oshirish imkoniyatiga ega. Eng katta amalga oshirilmagan eksport salohiyati Turkiya hissasiga toʻgʻri kelib, qoʻshimcha eksport hajmi 1,8 milliard dollarga baholanmoqda.

Eksportni kengaytirish salohiyati ­Oʻzbekistonning qator tovar yoʻnalishlaridagi raqobat ustunliklariga asoslanadi. Avvalo, bu quruq meva, sabzavot va yongʻoqlarni oʻz ichiga olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga taalluqli. TDT mamlakatlari agrar mahsulotlar bozori hajmi taxminan 72 milliard dollarga baholanmoqda va unda oʻzbek ishlab chiqaruvchilari allaqachon mustahkam oʻrin egallagan.

Tahlillarga koʻra, eksportning qoʻshimcha oʻsishi toʻqimachilik va elektrotexnika, qurilish, oziq-ovqat mahsulotlari, oʻgʻitlar, mis, etilen polimerlari hamda qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan boshqa tovarlar yetkazib berish hisobiga taʼminlanishi mumkin.

Sarmoyalar va logistik loyihalar

TDT doirasidagi savdo integratsiyasi investitsiya va ishlab chiqarish kooperatsiya­si chuqurlashuvi bilan birga kechmoqda. 2017-2025-yillarda TDT mamlakatlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami inves­titsiyalari hajmi 11,5 milliard dollardan oshdi. Shundan 3,8 milliard dollari faqat 2025-yilning oʻzida jalb qilingan. ­Investitsiyalarning asosiy qismi qayta ishlash sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi, qurilish va logistika sohalariga yoʻnaltirildi.

2026-yil aprel holatiga koʻra, Oʻzbekis­tonda TDT mamlakatlari kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Qoʻshma ishlab chiqarishlar, ­logistika loyihalari va kooperatsiya aloqalari tashkil etilmoqda. Ular ham mintaqaning ichki bozoriga, ham tashqi yoʻnalishlarga moʻljallangan.

Eng faol investor sifatida Turkiya yetakchilikni saqlab qolmoqda. 2025-yilda Turkiya investitsiyalari hajmi 2,4 milliard dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2,14 mingtaga yetdi. Turkiya biznesi sanoat ishlab chiqarishi, qurilish sohasi, toʻqimachilik tarmogʻi hamda transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

TDT mamlakatlari orasida Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkori hisoblangan Qozogʻiston ayni vaqtda investitsiyaviy hamkorlikning muhim ishtirokchilaridan biri boʻlib qolmoqda. Respublikada Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi 1,2 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishning muhim omili boʻldi. Natijada bugungi kunda Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 367 ta korxona ishlayapti.

Qirgʻiziston bilan har tomonlama strategik sheriklik formati esa qoʻshma korxonalar sonining 346 tagacha oshishiga xizmat qildi.

Vengriya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni nisbatan kam boʻlishiga qaramay, amalga oshirilayotgan loyihalar yirik haj­mi va texnologik xususiyati bilan ajralib turadi. Ular qatorida Sirdaryo viloyatida qiymati 165 million dollar boʻlgan parrandachilik klasterlarini tashkil etish hamda Yangi Toshkentda oqova suvlarni tozalash ­inshootlarini qurish boʻyicha 59 million dollarlik loyiha mavjud.

Qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha mexanizmi sifatida Turkiy investitsiya jamgʻarmasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yilda jamgʻarmaning ustav kapitali 500 million dollardan 600 million dollarga oshirildi. Bunda Oʻzbekistonning ulushi 100 million dollarni tashkil etdi. Kelgusida jamgʻarma TDT makonidagi ­infratuzilma, sanoat, logistika va raqamli loyihalarni moliyalashtirish vositalaridan biriga aylanishi mumkin.

Transportda oʻzaro bogʻliqlik

Toʻgʻridan toʻgʻri dengizga chiqish imkoniya­tiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston uchun transport oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish tashqi savdoni kengaytirish va xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuvning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu sharoitda transport sohasi TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.

Tashkilot mamlakatlari oʻrtasidagi savdo hajmi oʻsishi transport oqimlari sezilarli kengayishi bilan kuzatilmoqda. Eng yirik yuk tashuvlari Qozogʻiston bilan saqlanib qolmoqda. Chunki Oʻzbekistonning Rossiya, Kavkaz va Yevropa yoʻnalishidagi asosiy quruqlik yoʻnalishlari aynan Qozogʻiston orqali oʻtadi. 2025-yil yakunlariga koʻra, ikki mamlakat oʻrtasidagi yuk tashish hajmi 22,3 million tonnadan oshdi. Shundan 19,6 million tonnasi temir yoʻl transporti hissasiga toʻgʻri keldi.

Qirgʻiziston yoʻnalishida ham yuqori dinamika kuzatilmoqda. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, Qirgʻiziston bilan yuk tashish hajmi 22,4 foiz oshib, qariyb 5,4 million tonnaga yetdi. Bunda eksport yuklarini tashish hajmi barcha transport turlari boʻyicha ikki barobardan koʻproqqa oshdi.

Ozarbayjon va Turkiya bilan transport hamkorligi ham izchil kengayib bormoqda. 2025-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi yuk tashish hajmi 28,3 foiz koʻpaydi. Toshkent va Boku oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga 14 ta reys chastotasida amalga oshirilmoqda.

Turkiya bilan transport aloqalari ham yuqori faolligi bilan ajralib turadi. Ikki mamlakat shaharlari oʻrtasida haftasiga

97 ta muntazam aviareys amalga oshiriladi. Ular sakkizta, jumladan, Istanbul va ­Anqara yoʻnalishlarini qamrab oladi.

Turkmaniston mintaqaviy transport tizimining muhim yoʻnalishlaridan biri. Chegaraoldi savdoni soddalashtirish boʻyicha amaliy qadam sifatida “Shovot — Toshhovuz” qoʻshma savdo zonasi ishga tushirildi. 2025-yil yakunlariga koʻra, ikki mamlakat oʻrtasidagi yuk tashish hajmi 22,5 foiz oshib, qariyb 1,8 million tonnani tashkil etdi.

TDT doirasida tovar aylanmasi oʻsib borishi bilan mintaqa davlatlari oʻrtasida barqaror multimodal oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlash tobora dolzarb vazifaga aylanmoqda. Bu temir yoʻl, avtomobil, aviatsiya va dengiz infratuzilmasini birlashtiruvchi integratsiyalashgan transport koridorlari tizimini shakllantirishni talab qiladi.

Aynan shu nuqtayi nazardan Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi, yaʼni Oʻrta yoʻlak alohida ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzbekiston uchun mazkur yoʻnalish nafaqat tranzit yoʻnalishi, balki oʻz mahsulotlarini Ozarbayjon, Turkiya, Yevropa va Yaqin Sharq bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirish vositasi sifatida ham muhimdir.

Jahon logistikasidagi oʻzgarishlar fonida Yevroosiyodagi muqobil transport yoʻnalishlarini rivojlantirish dolzarbligi yanada ortmoqda. Geosiyosiy beqarorlik natijasida transport zanjirlarining qayta shakllanishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun transport xarajatlarining 30 foizgacha oshishi va yetkazib berish muddatining bir necha haftaga uzayishiga olib kelmoqda.

Bu sharoitda “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli loyihasini amalga oshirish strategik ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yoʻnalish Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi yangi transport yoʻlagini shakllantirmoqda. Uning ishga tushirilishi yuk yetkazib berish muddatini 10 kungacha qisqartirishi hamda yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatini yaratishi kutilmoqda.

Prezidentimiz sammitdagi nutqida “Oʻrta koridorning strategik rolidan kelib chiqib, biz uni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli bilan bogʻlashga katta eʼtibor qaratamiz”, dedi.

Kelgusida mazkur yoʻnalishning Oʻrta yoʻlak va Transafgʻon yoʻnalishi bilan bogʻlanishi Yevroosiyoning yangi transport konfiguratsiyasini shakllantirishi mumkin. Bunday tizimda Oʻzbekiston nafaqat tranzit hudud, balki oʻz yuklari, logistika markazlari, transport kompaniyalari va sanoat maydonlari orqali qoʻshilgan qiymatning mintaqaviy zanjirlarida toʻlaqonli ishtirokchiga aylanish imkoniyatiga ega boʻladi.

Raqamli tizim imkoniyatlari

Turkistonda oʻtgan sammit mavzusi sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga bagʻishlangani iqtisodiy kun tartibi bilan bevosita bogʻliq. Zamonaviy savdoda raqobatbardoshlik endi faqat mahsulot sifati yoki bozorgacha boʻlgan masofa bilan belgilanmaydi. Rasmiylashtirish tezligi, logis­tika shaffofligi, raqamli tizimlarning oʻzaro mosligi hamda biznesning axborotga kirish imkoniyatlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

TDT mamlakatlari uchun raqamli integratsiya hamkorlikning eng amaliy yoʻnalish­laridan biriga aylanishi mumkin. Elektron savdo standartlarini uygʻunlashtirish, raqamli hujjatlarni oʻzaro tan olish, bojxona axborot tizimlarini integratsiya qilish va biznes uchun raqamli reestrlarni yaratish tranzaksion xarajatlarni kamaytirish hamda kompaniyalarning hamkor davlatlar bozorlariga chiqishini soddalashtirish imkonini beradi.

Bu, ayniqsa, kichik va oʻrta biznes uchun muhim ahamiyatga ega. Koʻplab kompaniyalar tarif toʻsiqlaridan koʻra koʻproq hamkorlar, talablar, sertifikatlash, logistika va toʻlov instrumentlari haqidagi maʼlumotlar yetishmasligiga duch kelmoqda. TDT mamlakatlari biznesi uchun yagona raqamli platforma yaratilishi savdoni kengaytirishning amaliy vositasiga aylanishi mumkin. Ayniqsa, bu chegaraoldi va mintaqaviy taʼminot zanjirlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda davlat xizmatlari va biznes muhitini raqamlashtirish boʻyicha katta tajriba toʻpladi. Ushbu tajriba Tashkilot doirasida, ayniqsa, elektron xizmatlar, raqamli platformalar, bojxona maʼmurchiligi va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohalarida talab yuqori boʻlishi mumkin.

Xulosa

Turkiy davlatlar tashkiloti bosqichma-­bosqich iqtisodiy hamkorlikning yanada amaliy modeliga oʻtmoqda. Oʻzbekiston uchun mazkur jarayon eksport salohiyatini kengaytirish, sanoatni rivojlantirish va tashqi bozorlar bilan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga qaratilgan iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichiga toʻgʻri kelmoqda.

TDT doirasida iqtisodiy hamkorlik chuqurlashib borishi bilan Oʻzbekistonning mintaqaviy savdo, transport va ishlab chiqarish aloqalarini shakllantirishdagi roli ham ortib bormoqda.

Sammitda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda joriy etish masalasi bosh muhokama mavzusiga aylangani mintaqa davlatlarida iqtisodiy hamkorlikning zamonaviy formatlariga talab ortib borayotganini koʻrsatdi. Avvalo, gap savdo va logistikani raqamlashtirish, elektron xizmatlarni rivojlantirish, infratuzilma yechimlarini integratsiya qilish hamda mintaqa ichidagi tranzaksion xarajatlarni qisqartirish haqida boryapti.

Shu tariqa Oʻzbekistonning TDT norasmiy sammitidagi ishtiroki tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etyapti. Savdoni kengaytirish, multimodal transport yoʻlaklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, investitsiyaviy hamkorlik va raqamli oʻzaro bogʻliqlik kuchayishi Yevroosiyoning mintaqaviy ishlab chiqarish va logistika zanjirlariga yanada chuqur integratsiyalashuv uchun asos yaratmoqda.

Jaʼfar Xidirov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

shoʻba mudiri