Markaz uchun Nurafshon shahri tanlangani bejiz emas. Bu yerda faoliyat yuritayotgan “Cyber University”da kiberxavfsizlik va axborot himoyasi bo‘yicha qariyb 1 ming nafar yuqori malakali mutaxassis tayyorlanmoqda. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna bo‘ladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi.
Klasterda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya, sun’iy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri tashkil etiladi. Himoyalangan kompyuterlar, ma’lumot uzatish qurilmalari va yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi hamda dron va robototexnika uchun maxsus sinov poligoni faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi. Markaz 5 megavattli energetika quvvatlari bilan ta’minlanib, bu yerda 5 mingdan ortiq yuqori malakali ish o‘rni tashkil etiladi.