O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida barpo etilgan yangi o‘quv binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirok etib, yangi bino universitet hayoti, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, shuningdek, yoshlar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ochilish marosimida Xorazm viloyatining ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat sohalari vakillari, universitet rektori Feruza Madrahimova boshchiligidagi Kengash a’zolari, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Yangi bino universitetning 9-o‘quv binosi hisoblanadi. Unda Intellektual ilmlar va texnologiyalar fakulteti faoliyat yuritadi.
Ayniqsa, binoda tashkil etilgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter ilmlari va IT yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan faxriy ustozlar mustaqillik yillarida ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilgan islohotlar, yoshlar ta’limi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarni alohida qayd etdilar.