Tadbirni universitet rektori Feruza Madraximova ochib berdi. Rektor oʻz tabrik nutqida universitetning ilmiy-maʼrifiy salohiyatini yanada yuksaltirish, yosh avlodga puxta bilim va munosib tarbiya berishda ustoz va murabbiylarning beqiyos oʻrni borligini alohida taʼkidlab, universitet jamoasini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Bayram tadbirida Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzod Berdiyev hamda Xorazm viloyati prokurori oʻrinbosari Xudayberdi Norqobilov ishtirok etib, professor-oʻqituvchilar va murabbiylarni bayram bilan qutladilar hamda ularga ezgu tilaklarini bildirdilar.
Tadbir davomida taʼlim va ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh professor-oʻqituvchilar munosib taqdirlandi. Ularga “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni, Xorazm viloyati hokimining Faxriy yorliqlari, Xorazm viloyati prokurorining Faxriy yorligʻi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipovning Faxriy yorliqlari, Urganch davlat universitetining Faxriy professor diplomlari hamda rektorning Faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi.
Bayramning badiiy qismida Oʻzbekiston xalq hofizi, professor Ochilbek Matchanov, “Shuhrat” medali sohibasi Xurshida Eshniyazova, “Shuhrat” medali sohibi Ulugʻbek Bobojonov, xonanda Hilola Bobojonova, shuningdek, universitet Sanʼat kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan kuy-qoʻshiqlar ijro etilib, yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashildi.
Tadbirning eng hayajonli va unutilmas lahzalaridan biri universitet madhiyasining ilk bor ijro etilishi boʻldi. Madhiya universitetning “JAYHUN” orkestri hamda professor-oʻqituvchilar ijrosida yangrab, tantanaga oʻzgacha ruh va koʻtarinkilik bagʻishladi.
Tantanali tadbirdan soʻng ustoz va murabbiylar uchun bayram dasturxoni yozildi. Samimiy suhbatlar, kuy-qoʻshiqlar va raqslar bayram shukuhini yanada oshirib, ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.