Toshkent markazida qad rostlagan, moviy gumbazlari quyosh nurida jilolanayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki me’moriy inshoot emas, balki xalqimizning o‘zligi, ildizlari va yuksak e’tiqodining muhtasham ramzidir.

Ushbu maskan — bobolardan qolgan qadimiy qo‘lyozmalarning zarhal sahifalaridan taralayotgan ziyo bilan kelajak avlodning shiddatli intellektual salohiyati uchrashadigan tabarruk ostona. Uzoq davom etgan qishki uyqudan so‘ng maysalar quyoshga talpingani kabi millat tafakkuri ham ushbu markaz timsolida o‘zining Uchinchi Renessans bahorini qarshilamoqda. Bu yerdagi har bir naqshda Beruniyning nigohi, har bir ravokda Xorazmiyning mantig‘i va har bir g‘ishtda buyuk ajdodlarimizning “Ilm — najotda” degan o‘lmas da’vati yashirin.

Nurlı manzilning barpo etilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ma’rifatning yangi qutbi bo‘lib xizmat qiladi. Zero, bu binoning poydevori faqat g‘isht va marmardan emas, balki Prezidentimizning qat’iy irodasi, xalqimizning asriy orzulari va ilmga cheksiz ehtiromi bilan yo‘g‘rilgan.

Prezidentimiz markazning ochilish marosimida so‘zlab, “Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-ma’rifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman. Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!” dedi.

Markaz asrlar davomida o‘zligini namoyon etishga intilgan, ammo turli bosqinlar va siyosiy to‘siqlar sababli o‘z madaniy xazinasini to‘liq ko‘rsata olmagan bobolarimizning haq-huquqi tiklanganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari markazni tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat maydoni deb atab, uning yoshlar tarbiyasidagi mavqeini shunday ta’rifladi: “Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, o‘zining qanday ulug‘ meros egasi ekanini his etib, qalbi g‘urur va iftixorga to‘ladi”.

Prezidentimiz islom dinining gumanistik mohiyati deganda, uning markazida inson qadri va ilmi turishini nazarda tutmoqda. Markaz yoshlarga dinni qo‘rquv yoki mutaassiblik emas, balki yuksak madaniyat, san’at va odob-axloq majmuasi sifatida ko‘rsatadi. Bu yoshlar ongida radikal qarashlarga qarshi tabiiy immunitet hosil qiladi. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi ­ma’naviy genofondni shakllantiruvchi laboratoriyadir. Davlatimiz rahbari ushbu maskanni bilim va ma’rifat maydoni deb atar ekan, uni shunchaki o‘tmish xotirasi emas, balki kelajakni qurish uchun ma’naviy quvvat sifatida baholamoqda.

Tarixiy asoslarga nazar tashlasak, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston zaminining ming yillik merosini zamonaviy nuqtai nazardan qayta gavdalantiradi. Qadimiy So‘gd, Xorazm va Farg‘ona vodiysi sivilizatsiyalari islomgacha davrda ham ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lgan. Islom davrida esa Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalar dunyoga ilm nurini tarqatgan. Markazning eksponatlari orasida Usmon Mushafi, qadimiy qo‘lyozmalar va xorijiy mamlakatlardan olib kelingan noyob artefaktlar mavjud. Bu nafaqat o‘tmishni saqlash, balki Birinchi va Ikkinchi Renessansdan Uchinchi Renessans sari ko‘prik qurishdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan loyiha bugun xalqaro miqyosda BMT va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda rivojlanmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi yosh olimlar yetishtirishning yangi platformasi hamdir. Shu bois, markazni talabalar uchun amaliy tadqiqot maydoniga aylantirish, Farg‘ona davlat universitetining ilmiy markazlari bilan hamkorlikda yangi loyihalar, masalan, Farg‘ona vodiysining islomgacha va islom davridagi merosini raqamlashtirish, yoshlar uchun maxsus darsliklar yaratish va xalqaro konferensiyalarni birgalikda o‘tkazish kabi rejalarimiz bor. Bu markazni butun mamlakatimiz universitetlari uchun ochiq ilmiy-ma’rifiy maydonga aylantirishda qo‘l keladi.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Farg‘ona davlat universiteti rektori
Hamkorlik materiali