Prezidentimiz Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakatimiz transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam, deb atadi.

So‘nggi 10 yilda 78 trillion so‘m hisobidan jami 128 ming kilometr yo‘lda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Davlatimiz rahbari bugun sohada tom ma’noda yangi davr boshlanayotganini ta’kidladi.

Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi quriladi.

Yo‘lga og‘ir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkoni yaratiladi, zamonaviy xavfsizlik yechimlari va raqamli qulayliklar yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytiradi.

Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazadi, yuk tashish tannarxi esa 20-24 foizga pasayishi kutilmoqda.