U qalbimiz sadosi, borligʻimiz koʻzgusi. Ona tilimiz bizni eng qadim ajdodlarimiz bilan bogʻlab, kim ekanimizni, tomirlarimiz qaysi daryolardan suv ichganini eslatib turadi. Asrlar boʻroni, yillar silsilasidan omon chiqishning yoʻli bitta — tilni yoʻqotmaslik.
“Har
bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oyinai hayoti bu — uning milliy
tili va adabiyotidir”, deydi Abdulla Avloniy. Abdulla Qodiriy esa tilimizni
kambagʻal deguvchilarga bunday javob bergan: “Oʻzbek tili kambagʻal til emas,
balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz
nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”.
Mirtemirning
“Ona tilim” sheʼrini qayta-qayta oʻqir ekansiz, koʻz oʻngingizga oʻzbekning
bagʻridek keng yobonlari, cheksiz bogʻu boʻstonlari, serhosil dalalari, oqar
daryolari, onalar aytgan allalari, jon tomiringga singib ketgan buloqlari
keladi.
Faqat
oʻzbek tilida daryolar arslondek ayqiradi. Faqat oʻzbek tilidagi dostonlarda
mardlar Alpomishdek or talashib maydonga chiqadi. Oʻzbek tilining muqaddasligi
Oybarchin boʻlib sadoqatdan soʻzlaydi.
Dunyoning
eng yuksak minbari boʻlgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz
rahbari oʻzbek tilida maʼruza qilgan lahzalar tariximizga oltin harflar bilan
yozildi. Mamlakatimiz hayotida muhim oʻrin tutgan unutilmas maʼruza oʻzbek
tilida yangrashi tilimizning jahon maydonidagi salohiyatini, munosib oʻrni,
obroʻ-eʼtiborini, asriy orzu va armonlarini namoyishi boʻldi.
“Har
birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb,
davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb
bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu
olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan
boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, vatanga
mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”, degan edi Prezidentimiz
oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan
tantanali marosimdagi nutqida.
Milliy
tiklanishdan — milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan yurtimizda barcha
sohalarda davlat tilining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng
koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbek tili davlat tili sifatida siyosiy,
ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va maʼrifiy hayotimizda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlardan
baralla yangramoqda.
Mamlakatimiz
rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent
davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida yoʻqolib ketish arafasida turgan
folklorshunoslik yoʻnalishi qayta tiklandi. Dialektologiya, turkologiya,
matnshunoslik kabi unutilayotgan yoʻnalishlar ochilib, ilmiy ishlar uchun yangi
imkoniyatlar yaratildi. Mamlakatimizning barcha oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek
tili va adabiyotini oʻrganish boʻyicha oʻquv dasturlari, darslik va
qoʻllanmalar, risola hamda monografiyalar nashr etilib, ilmiy anjumanlar
oʻtayotgani ona tilimizning istiqbolidan dalolat beradi.
Adabiyotimizning
buyuk vakillari, oʻzbek tilining jonkuyarlariga Milliy bogʻ hududida tashkil
etilgan Adiblar xiyobonida qoʻyilgan yodgorliklar poyida oʻtayotgan adabiy
kechalar, yangi asarlar taqdimotlari, ilmiy-amaliy simpoziumlar ona tilimiz va
milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Respublika
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada
oʻtayotgan kitob taqdimotlariga, adabiy uchrashuvlarga mamlakatimizning
xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan
“Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari aʼzolari ham taklif etilayotgani
tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbek
tilidagi romanlar, qissalar, hikoyalar, dostonlar, gʻazallar, sheʼrlar,
ertaklar, maqollar orqali qadim tarixni oʻrganib, qayerdan kelayotganimizni
anglaymiz. Qoʻshiqlar, laparlar, aytishuvlar, termalar bilan tilimizni,
ongimizni, oʻy-xayollarimizni nurlarga chulgʻaymiz. Shu tilda
orzu-umidlarimizni bayon etamiz.
Toʻgʻri,
tilimizga eʼtibor katta. Lekin hali muammolar ham yetarli. Zero, ona tilimiz
oldidagi qarzimizni bir lahza boʻlsa-da unutishga haqqimiz yoʻq. Eslab koʻraylik,
21-oktyabr — oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun arafasida til
haqidagi fikru mulohazalarimiz, OAVdagi chiqishlarimiz, bosma nashrlardagi
muhokama, mulohaza, munosabatlarimiz qizigandan-qiziydi. Lekin til bayrami
oʻtishi bilan sekinlashadi.
Tilimizni
asrash haqida gap ketganda, koʻpchiligimiz shahar va qishloqlarimiz,
yoʻllarimiz, devoru darvozalarimiz peshlavhalarida ajnabiy soʻzlar va yot
tillardagi yozuvlar koʻpayib ketgani, hatto ayrim joylarda oʻzbek tilidagi
yozuvlar orqa oʻringa oʻtib, past qatorga tushib qolayotgani haqida achinib
gapiramiz. Aslida, bunday muammolar koʻp...
Ona
tilimizga eʼtiborsizlikning boshlanish joyi maktab darsliklarimizdagi
kamchiliklarda. Oʻzbek tili va oʻzbek adabiyoti dars soatlari kamayib
ketganida. Har uch yilda oʻzgarib turgan darsliklarda uchraydigan xatolar,
gʻalizliklar barchani chalgʻitib tashladi. Adabiyot darsliklarida sheʼriyatga
oid dars soatlari kam ajratilgan. Oʻquvchi sheʼr yodlash orqali soʻz yodlaydi.
Sheʼr yodlash orqali xotirasi mustahkamlanadi. Sheʼr yodlash tufayli unda
fikrlarni jamlash koʻnikmasi ortadi.
Ming
afsuski, hozir aksariyat 8-sinf oʻquvchilari 8 ta sheʼr bilmaydi. Oʻrta
maktabni bitirib chiqayotgan minglab oʻquvchilar vatan haqida bitta ham sheʼr
bilmasligini oddiy hol deb qabul qilish mumkinmi? Vatanparvarlik oʻz tilida,
oʻz onasi va oʻz yurti haqidagi satrlarni qalbiga qasamdek joylashidan
boshlanmaydimi?
Oʻzimizning
goʻzal soʻzlarimiz oʻrniga ajnabiy soʻzlarni qoʻllashga odatlandik. Darslar
rus, ingliz tillarida oʻtiladigan maktablarimiz soni koʻpayib bormoqda. U
maktablardagi aksariyat oʻzbek bolalar oʻzbek tilini tushunmaydi. Chunki bunday
maktablardagi ona tilidan dars oʻtayotgan baʼzi oʻqituvchilarning oʻziga ham
oʻzbek tili qoidalarini oʻrgatish kerak. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan
maktablardagi oʻzbek tili darslaridagi maʼlumotlar oʻzbek tilli maktablar
darsliklaridagi maʼlumotlarga toʻgʻri kelmasligi ham muammolar keltirib
chiqarmoqda.
XX
asr boshida olti — oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan
alloma Isʼhoqxon Ibratning quyidagi hikmatli soʻzlarini unutmaylik:
“Bizning
yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval
oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz
tiliga sadoqat bu — vataniy ishdir”.
Hech
bir jabhada tilga eʼtiborsizlik kechirilmasligi kerak. Bugun davlat roʻyxatidan
oʻtib olib, oʻz uyidan bosmaxona ochgan, gʻij-gʻij xatolar bilan “kitoblar”
chop etayotgan “tadbirkor”larning bozori chaqqon. Xususiy nashrlarda chop etilayotgan
asarlardagi qoʻpol xatolar uchun kimdir javobgarlikka tortilmas, ular ustidan
nazorat oʻrnatilmas ekan, kitobdan yoppasiga bezish davom etadi.
Oʻzbek
tili shevalari koʻpligi, jozibadorligi bilan olamda yagona. Shevalar ham til
sandigʻimizning xazinasi. Ming afsuski, shevalarimiz ham yoʻqolib bormoqda.
Shevalar yoʻqolishi ham til fojiasidir.
Vodiyda
shamchirogʻim, pahlavonim, koʻzgavharim, vohada moʻngʻim, oynam, dono qushim,
aqljonim, aqlmirzom, girgittonim, norittonim kabi sheva soʻzlar unutilib bormoqda.
Hozirgi yoshlar bu shevalarni bilmaydi ham, tushunmaydi ham. Qoraqalpogʻiston,
Xorazm tomonlargagina xos boʻlgan shevalar shu qadar shirinki, bunday durdona
kalomlar faqat donoyu donishmandlar kamol topayotgan maskanlarda yangrashi
aniq. Afsuski, qoraqalpoqcha, xorazmcha shevalarni rus tilidan kirib kelgan
soʻzlarga qoʻpol ravishda almashtirib, davrlar nafasi, ajdodlarning betakror
ovozlarini befarqlik toʻzonlariga tashlamoqdamiz.
Tilimizdagi
ena, nana, biyi, acha, oya, buva, boʻla, buvak, jezda, jijji, jorqin kabi
minglab sheva soʻzlarning yaqin orada yoʻqolishga yuz tutayotgani bor gap.
Shevalar ham davrlarni oʻziga xos rishtalar bilan bogʻlab turadigan tilla
zanjirlar ekanini unutmaylik. Agar sekin-asta shevalar boy berilsa, ularning
oʻrnini toʻldiradigan soʻzlarni hech qachon topolmaymiz.
Alifbodagi
oʻlda-joʻlda islohotlar, darsliklardagi sifatsizliklar soʻnggi yillardagi
talaffuzimizu toʻgʻri yozish qoidalarimizgacha buzib tashlamoqda.
Ism-shariflarda Nahalov — Naxalov, Xoltoʻrayev — Xalturayev, Jumayev —
Djumayev, Boltaboyev — Baltabayev, Gʻoziyev esa Gaziyev boʻlib ketgani,
Razzakov, Aksakalov, Tuxliyev, Erdankulov, Kurkmasov kabi familiyalarning
qanday paydo boʻlib qolganiga qiziqsangiz, barisida oʻzbek tiliga behurmatlik
va shafqatsizlik hosilasini koʻrasiz.
Yana
bir gap. Mafkura insonning goʻdakligida tafakkuriga nima eksa, oʻsha bilan bir
umr yashab qoladi. Bola maktabi nomi bilan atalgan adib, olim, mutafakkirning
kimligini bilgach, uni ulugʻlaydi, u bilan gʻururlanadi, unga oʻxshagisi keladi.
Mustaqillikdan keyin maktablarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Mirzo Ulugʻbek, Furqat, Muqimiy, Qori Niyoziy, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon va
boshqa oʻzbek adiblari, olimlari nomi bilan yuritila boshlandi. Hozir esa
maktablarimizdan nomlar olib tashlanib, raqamlab qoʻyildi. Bu qanchalik
toʻgʻri, bilmadim?
Menimcha,
maktablarimizni oʻz ulugʻlarimiz nomi bilan atasak, bu, eng avvalo, millatimiz
maʼnaviyatiga, fanimiz, adabiyotimiz, tariximizga, tilimizga hurmat boʻlar edi.
Oʻquvchi birinchi sinfdaligidayoq maktab darvozasi peshtoqida buyuklarimiz
nomini tilimizda oʻqisin, faxrlansin va ularga oʻxshashni orzu qilsin. Oʻzbek
bolasining tili oʻz ulugʻlarimizning nomi va asarlari bilan charxlansin.
Atoqli
shoir va adiblarimiz nomidagi ijod maktablarida tahsil olayotgan
isteʼdodlarning oʻz maktablari nomi bilan gʻururlanishini ular bilan
suhbatlarda eshitib, quvonchga toʻlamiz.
Muhammad
Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin
Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf
nomidagi ijod maktablarining oʻquvchilari erishayotgan yutuqlarda ham milliy
adabiyotimizga yuksak hurmat va sadoqat mujassam.
Umumtaʼlim
maktablarini ham vatan va millat manfaati yoʻlida umrini tikkan olimlarimiz,
millatimiz fidoyilari nomi bilan atashimiz yoshlarda ona tilimiz, adabiyotimiz,
tariximiz, milliy qadriyatlarimizga mehru muhabbatni yanada oshirishga xizmat
qilgan boʻlur edi.
Muxtasar
qilib aytganda, ona tilimiz sofligini birgalikda asrab qolishimiz shart va
zarur!
Davlatimiz
yetakchisining “Ona tilimiz — milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas
bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish
barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.
Davlat
tiliga boʻlgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik mamlakatimizda bundan buyon ham
izchil davom ettiriladi”, degan soʻzlari har birimizga katta masʼuliyat
yuklaydi.
Oʻzbek
tili asrlardan asrlarga oʻtib kelayotgan maʼnaviy xazinadir. Bu xazinani asrash
hamda avlodlarga sofligicha yetkazish uchun har birimiz masʼulmiz. To hayot
ekanmiz, bu masʼuliyatni sharaf deb bilmogʻimiz shart.
Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan madaniyat xodimi,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi