Avvalroq, “Cannes Film Festival” doirasida oʻtkazilgan mazkur nufuzli festivalda oʻzbekistonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” nomli qisqa metrajli film eng oliy mukofotga sazovor boʻlgani haqida xabar bergan edik.
Hatto ushbu yutuq Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham alohida eʼtirof etilib, yosh ijodkorlarni taqdirlash toʻgʻrisidagi farmon qabul qilindi. Unga muvofiq, gran-pri sohibi boʻlgan ijodkorlarni “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlash belgilangan.
20 may kuni boʻlib oʻtgan kutib olish marosimida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Prezident administratsiyasi vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, kino ixlosmandlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan kinorejissyorlar Suhrob Qodirov va Dilshodbek Usmonovga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.