Mazkur festival mashhur “Cannes Film Festival” doirasida, u bilan parallel ravishda o‘tkaziladigan mustaqil inklyuziv kinofestival hisoblanadi. Unda Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyo davlatlaridan kinoijodkorlar ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilgi kino mavsumi uchun 600 dan ortiq film arizasi qabul qilingan bo‘lib, ulardan 20 dan ziyod film hakamlar hay’ati tomonidan saralab olingan. Saralangan ishlar orasida “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” filmi gran-pri mukofotiga munosib deb topildi.
Film Daun sindromi bilan tug‘ilgan Yusuf ismli bola haqida hikoya qiladi. Asarda uning musiqaga muhabbati, hayotga ishonchi va onasi Zilolaning farzandining jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun kurashi ta’sirchan tarzda aks ettirilgan.
Ushbu yutuq milliy kinematografiya uchun muhim voqea bo‘lib, film o‘zining mazmuni, badiiy ifodasi va insonparvarlik g‘oyalari bilan xalqaro ekspertlar e’tiborini qozongan.
ENTRE DEUX CANNES xalqaro inklyuziv kinofestivali nogironligi bo‘lgan insonlar, tenglik, insonparvarlik va jamiyatdagi inklyuziya mavzularini yorituvchi filmlarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan. Festival doirasida badiiy, hujjatli, qisqa metrajli va animatsion filmlar namoyish etiladi.