Bugun dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlarni bevosita kuzatish, ularga munosabat bildirish, oʻzaro qiyoslash imkoniyatiga egamiz. Ijtimoiy-siyosiy faollik hayotimizning muhim jihatlaridan biriga aylandi. Bunday sharoitda odamlarning xolis va haqqoniy axborot, chuqur va ishonchli tahlillarga ehtiyoji oshishi tabiiy. Bunda erkin matbuot, uning tezkor va xolisligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Matbuot
erkinligi soʻz, shaxs, vijdon erkinligi singari muhim siyosiy huquqlardan biri.
U OAVning erkin faoliyat yuritishiga hech bir toʻsiq boʻlmasligini, jamiyat
aʼzolari matbuotda fikr-mulohazalarini erkin ifoda eta olishini taʼminlaydi va
bundan matbuotning jamiyat hayotidagi muhim oʻrni kelib chiqadi.
“Erkin
matbuot haqiqatning xolis ovozi, adolatning koʻzi, jamiyatning vijdoni” degan
fikrda mubolagʻa yoʻq. Bunday matbuot har qanday davlatning intellektual
salohiyati va ichki demokratik taraqqiyotning asosiy ustuni boʻlmogʻi zarur.
Jamiyat oʻz vaqtida eʼlon qilinishi zarur axborotlarga qanchalik ochiq boʻlsa,
unda tinchlik, totuvlik boʻladi, ijtimoiy adolat yuzaga keladi.
Ommaviy
axborot vositalarining muhim vazifalaridan biri mamlakat hayotiga oid
axborotlarni yoritish bilan birga mamlakatlarning bir-biriga hamisha ham mos
kelavermaydigan siyosatlarini tahlil etishda ham xolislikka qatʼiy rioya
qilishdir. Bu holat OAVga doir qonunlarni qayta koʻrib chiqish, bugungi real
sharoitga moslashtirishni taqozo etadi.
Shunday
ekan, bu kasbni ixtiyor etgan qalam ahli oʻzining bevosita vazifalarini bajarish
bilan birga yuqorida keltirilgan dunyoviy jarayonlarga ham befarq boʻlishi
mumkin emas. Aks holda, axborot tarqatuvchi vositalar ham, tajribali
kasbdoshlarimiz ham zamon shiddati va talabidan chetda qolib ketishlari mumkin.
Negaki, hayotning eng muhim sohalari
bilan birgalikda jurnalistika ham betoʻxtov rivojlanib bormoqda, kechagi kun
bugunning oʻzida tarixga aylanmoqda, kechagi shov-shuvli yutuq, muhim ixtiro
bugun oddiy hayotiy reallikka aylanayotir.
Faqat
shu emas, ilmiy taraqqiyot ezgulik, yaratuvchanlik bilan birga qayta
tiklanadigan, tobora xavfli tus olayotgan
qurollanish poygasiga ham xizmat
qilayotgani hech kimga sir emas. Matbuotda “Falon dengiz yoki okeanda zamonaviy
harbiy qurollarning yirik sinov mashqlari boshlandi, falon joyda muvaffaqiyatli
yakunlandi, shartli dushman yakson qilindi”, degan xabarlar “Falon joyda
bugʻdoyga oʻroq tushdi, yangi bolalar bogʻchasi
foydalanishga topshirildi, daryo ustiga qurilgan koʻprik odamlarning
ogʻirini yengil qilmoqda” qabilidagi kundalik yangiliklar bilan yonma-yon eʼlon
qilinmoqda. Qurolli mojarolarning ayanchli oqibatlarini oddiy axborot sifatida
qabul qilish ajablanarli boʻlmay qoldi.
Bunday
sharoitda matbuot oʻzgarmasligi mumkin emas. Uning har bir soʻzi, eng avvalo,
tinch-totuvlik manfaatlariga xizmat qilishi, nifoqlashayotgan tomonlardan
birining manfaatini ifoda etib qolmasligi zarur. Buning uchun esa jurnalistika
dunyoviy, mintaqaviy voqea-hodisalarning asl mohiyatini toʻgʻri anglashga
qatʼiy harakat qilmogʻi talab etiladi. Ayni shu maqsadda samarali ijod
qilayotgan sharhlovchi hamkasblarimiz safi tobora kengayib borayotgani
quvonarli holdir.
Yaqinda
Fargʻonada “Zamonaviy jurnalistikaning dolzarb muammolari” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro anjumanda ayni
shu xususda jiddiy bahs-munozara boʻldi. Dunyoning oʻndan ortiq mamlakatidan
kelgan soha mutaxassislari, amaliyotchi olimlar, taniqli jurnalistlar, media
maydoni kuzatuvchilari bu yigʻinda tahliliy mushohadalari, mavjud muammolar
yechimiga doir joʻyali takliflarini bayon qildi. Bugungi talatoʻpli davr
xurujlari jurnalistikaga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani yakdillik bilan eʼtirof
etildi.
Jumladan,
notiqlar axborot olamining haddan tashqari tezlashishi, qisqalik va “oʻta
qisqalik” axborotlar mohiyatini toʻgʻri anglashda muayyan mavhumliklarni yuzaga
keltirayotgani haqida bahs yuritdi. Yirik media tuzilmalari daromad ortidan
quvib, jurnalistikaning ijtimoiy masʼuliyati va axloqiy qoidalarini
mensimayotirlar. Baʼzi joylarda matbuot turli bosim va tazyiqlar ostida
faoliyat yuritmoqda. Buning oqibatida nashrlar oʻz oldidagi maʼnaviy burchidan
chekinmoqda ham.
Keyingi
oʻn yillikning eng muhim, eʼtiborga molik natijalaridan biri — mamlakatimiz
yopiqlik, fikrsizlik illatidan xalos boʻlish pallasiga kirdi. Jamiyatning
xalqni eshitish, muammolarni tinglash quloqlari ochildi, odamlarning ijtimoiy
faolligi, mamlakat va millat taqdiriga daxldorligi kuchaydi. Bugun Oʻzbekiston
dunyoning izchil rivojlanayotgan, aniq maqsad yoʻlida qatʼiy ishonch bilan
harakatlanayotgan, koʻp sohalarda dunyoga oʻziga xos ibrat namunalarini
koʻrsatayotgan davlatlardan biri. Bu —
oʻzimizning emas, dunyo hamjamiyatining fikri.
Dunyo,
odamlar, yashash tarzlari, orzu-umidlar oʻzgarib bormoqda. Bir qarashda hammasi
joyidadek. Ammo bugungi shiddat taʼsirida necha ming yillar davomida
shakllangan madaniy-axloqiy qadriyatlar oʻrnini zamonaviylik niqobi ostida
soxta, toʻqima qadriyatlar — yalpi raddiya, voz kechishlik, mensimaslik
kayfiyati egallamoqdaki, bunga beparvo qarab boʻlmaydi. Bu holat turli
davlatlar, yirik xolding va korporatsiyalar, siyosiy, harbiy birlashmalar,
mediatuzilmalarning shaxsiy manfaati bilan bogʻliqligiga hech kim shubha
qilmasa kerak.
Hamma
oʻz yoʻlini toʻgʻri deb hisoblaydi, boshqa fikrga ishonchsizlik bilan qaraydi.
Siyosatdonlar, iqtisodchilar, inson huquqi himoyachilari va hatto madaniyat, axloq-odob targʻibotchilari
faoliyatida ham bu qusur koʻzga tashlanadi. Davlatchilik, oʻzaro manfaatli
hamkorlik munosabatlarida yuzaga keladigan muammolarning oldini olish uchun, xalqona
til bilan aytganda, “doʻppini boshdan olib ochiqchasiga dardlashish” zarurligi
unutilmoqda.
Davlatimiz
rahbarining xalq bilan muloqot, el ichida boʻlish, uni tinglash siyosati
endilikda xalqlar, davlatlar, yaqin qoʻshnilarning bir maqsad yoʻlida birlashib
harakat qilish siyosatiga aylandi. Bu siyosat qanday ulugʻ natija berayotganiga
faqat biz emas, boshqa tomonlar ham guvoh boʻlib turibdi. Demak, matbuot
sahifalarida ayni shu masala va muammolarga oid tanqidiy-tahliliy maqolalar ham
boʻlishi kerak.
Zamon
oʻzgargani sari matbuot oldida yangi-yangi vazifalar paydo boʻlaveradi.
Gazetxon atalmish har yangi avlod rost soʻzni, voqea-hodisalarning rost
talqinini, yangi dunyo, yangi jamiyatning yangi qiyofasi, maʼnaviy-axloqiy
qadriyatlariga doir sharhlarni kutadi. Gazetaning har bir sonida oʻquvchi uchun
yangi soʻz aytish, gazetxon ong-shuuriga taʼsir koʻrsatish, uning koʻnglida ham
muayyan fikrlar uygʻota olish oson emas. Chunki u ham xuddi siz kabi dunyoni
kuzatib turibdi, shu bezovta dunyo ichida quvonchu muammolarga, ixtiroyu
xatoliklarga, buyuk yangilanishlarga guvoh boʻlib yashamoqda.
Shoʻrolar
zamonida gazetaning har aytgan soʻzi, har bildirgan fikri, bahosi va hatto oddiy ishorasi ham haqiqatga
mengzalardi. Gazetada chiqdimi, bas, boshqacha fikrga oʻrin qolmasdi. Bugungi
matbuot, ne baxtki, bunday qozilikdan,
oqlash va qoralash, odamlar taqdirini hal etish funksiyasidan xalos boʻldi.
Endi u jamoatchilikning erkin minbari. Endi unda boshqalar ham fikrini
bildirishi, bahsga kirishishi, fikrini dadil aytishi mumkin.
Bugun tanqid avvalgidek odamlarning taqdirini u
yoki bu tomonga hal qiluvchi dahshatli qurol emas, endi u sizga, menga —
hammamizga yordam qoʻlini choʻzadi, nuqsonlaringizni koʻrsatib beradi. Istiqlol
matbuotining shoʻrolar zamoni matbuotidan farqi shunda.
Shu
oʻrinda bir necha muhim mulohazani oʻrtaga tashlash zarurati paydo boʻlmoqda.
Birinchisi, matbuotimiz faoliyatidagi yutuqlar haqida yana koʻp gapirish
mumkin. Bunga arzirli asoslar bor. Bu sohada uzoq yillar ter toʻkib, katta
tajriba orttirgan keksa avlod safiga teran va bizdan koʻra erkin fikrlaydigan,
jurʼatli yosh hamkasblar qoʻshilayotgani gʻoyat quvonarli.
Qator
tahririyatlarda qalami qayralgan, fikri tiniq ustozlarning mahorat maktablari
faoliyat yuritmoqda. Ayrim “donishmand”larning yaqin-yaqinlardagi “Bosma nashrlarga
ehtiyoj qolmadi, internetda hamma axborot bor, obuna degan tashvishdan
qutuldik”, degan “bashorat”lari puch boʻlib chiqdi: koʻplab gazetalarning
oʻquvchilari safi asta-sekin oshib bormoqda.
Buni
sezmaslik mumkin emas. Bu yutuqni yanada mustahkamlashning samarali yoʻllaridan
biri — matbuotda bahs-munozaraning mavjudligi. Ilmiy jihatdan qaraganda, har
bir fikrda muayyan nisbiylik bor. Turfa
muammolarning yechimi bahs-munozarada topiladi. Sogʻlom bahs tufayligina
shunday boʻladi.
Demoqchimizki,
bugun gazetalarimizda ayni shu masalada oqsash bor. Bu matbuot sahifalari
asosan bahsli maqolalardan iborat boʻlishi kerak degani emas. Gap biror umumiy
maqsadga erishishning turli yoʻllari, usullari, shakllari haqida bormoqda.
Jamiyatda chinakam oshkoralik muhitini yuzaga keltirish bilan beistisno hamma
shugʻullanishi kerak.
Ikkinchisi,
xalqimizda “Ot — minilsa, kiyim — kiyilsa, taom — yeyilsa yaxshi”, degan gap
bor. Bu naqlni matbuotga ham mengzasa boʻladi: “Gazeta, jurnal obunachilarga
vaqtida yetib borsa, oʻqilsa, oʻquvchi biror yangilikka ega boʻlsa yaxshi”. Bunday deyayotganimning
boisi, bugun pochta xizmatidan koʻpchilik mamnun emas. Fidoyi pochtalyonlar
qolmadi hisob. “Matbuot tarqatuvchi” nomi bilan ataladigan tashkilotning ishini
qoniqarli deb boʻlmaydi. Uning viloyat boʻlimlarida ahvol yanada yomon.
Uchinchisi,
bugun mamlakatimizning oʻndan ortiq oliy oʻquv yurtida jurnalist kadrlar
tayyorlanmoqda. Bu ish bilan xususiy universitetlar ham shugʻullanayotir. Bir
qarashda yomon joyi yoʻq. Ammo ularda boʻlajak hamkasblarimizga bugungi
talablarga javob beradigan darajadagi malakali ustozlar bormi? Hamma
bitiruvchilar ham oʻz sohalarida ishlamoqdami? Konservatoriyaga ovozi bor,
musiqani tushunadigan isteʼdodli yoshlar qabul qilinadi, ularga bir emas, bir
necha cholgʻu asbobini mukammal chaladigan ustozlar saboq beradi.
Jurnalistikada ham shunday deb ayta olmaymiz.
Oʻqishga
yoppa qabul qilinayotgan talabalarning koʻpida ijodkorlikka moyillik, ijod
qalami, yozuv-chizuvi, aniq bir maqsad yoʻq, mamlakatimizda nashr etilayotgan
gazeta-jurnallar toʻgʻrisidagi tasavvurlari sust. Baʼzan: “Men gazeta
oʻqimayman, chunki jurnalist boʻlmoqchi emasman, falon tashkilotning matbuot
xizmatida ishlayman”, degan ham kulgili, ham achinarli izhorlarni eshitib
turamiz.
Oʻzlarida
qiziqish boʻlmagan yoshlarni toʻrt yil ichida yetuk jurnalist qilib tarbiyalash
oson ish emas. Ustozlarga kelsak, oliy oʻquv yurtida jurnalist mahoratidan
saboq berish, isteʼdodli talabalarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash,
ijodkorlikda namuna koʻrsatishi uchun ular, birinchi navbatda, mahoratli
jurnalist boʻlishi, matbuotda tez-tez koʻrinib turishlari, maqola, xabar,
ocherk, esse, reportaj, hisobot qanday
yozilishini amalda bilishi kerak. Qoʻllariga jurnalist diplomini olib,
tahririyatlarga ishga borayotgan yoshlar haqida ish beruvchilarning salbiy
bahosi behuda emas va bunga befarq qarab boʻlmaydi.
Nima qilish kerak? Oʻzbekiston Milliy
universiteti va jurnalist kadrlar tayyorlaydigan boshqa oliy oʻquv yurtlari
mavqeini har taraflama kuchaytirish, bu yerda boʻlajak jurnalistlar bilan birga
ularga saboq beradigan mahoratli ustozlar ham tayyorlanishi, yaʼni qayta
tayyorlanishiga erishish zarur.
Toʻrtinchisi, milliy taraqqiyotga yuz
tutishning muhim sharti erishilgan yutuqlarni xolis baholash, yoʻl qoʻyilgan nuqsonlarni
chuqur tahlil qilish, sabab va oqibatlarini oʻrganish, har bir holatni oʻz nomi
bilan atash, takror xato qilmaslik yoʻllarini belgilashdan iborat. Shunday
qilinsagina jamiyat rivojlanadi. Bu ish bilan, birinchi navbatda, ommaviy
axborot vositalari shugʻullanishi kerak. Jamiyatning xolis koʻzgusiga
aylanishning boshqa yoʻli yoʻq. Jurnalistikada xabardorlik, mahorat, til
boyligi, mavzuni puxta bilish, fikrni taʼsirchan ifodalash bilan birga mualliflik jurʼati, qatʼiyat, tirishqoqlik
ham talab etiladi. Muharrirlar bu fazilatlarni qoʻllab-quvvatlasa, yosh
hamkasblarimizning shashti qaytarilmasa, matbuot yana oʻqishli va taʼsirchan
boʻladi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan jurnalist