7–10-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan musobaqada 190 ga yaqin mamlakatning yuqori sinf oʻquvchilaridan iborat milliy jamoalari ishtirok etdi. Bu yilgi bellashuvlar «Innovatsiyalarni jonlantirish» mavzusiga bagʻishlandi.
Ishtirokchilar oʻrmon yongʻinlarining oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va yongʻindan keyingi tiklanish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishga moʻljallangan robotlarni loyihalash va boshqarish boʻyicha bellashdi. Musobaqa davomida jamoalar xalqaro alyanslar tarkibida birgalikda ishladi.
Final bahslarida Venesuela, Salvador, Oʻzbekiston va Moldova jamoalari birlashgan alyans tarkibida gʻolib chiqib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Gonkong va Lyuksemburg jamoalari ishtirok etgan alyans kumush, Xitoy, Turkmaniston, Kayman orollari va Turkiya jamoalari ishtirok etgan alyans esa bronza medalga sazovor boʻldi.
Shuningdek, Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqaning FIRST Global Grand Challenge Award nomli bosh mukofotida ham gʻolib boʻldi. Ushbu mukofot turnir davomida eng koʻp ball toʻplagan jamoaga beriladi. Xitoy kumush, Meksika esa bronza medalni qoʻlga kiritdi.
Musobaqada boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi. Jumladan, Meksika FIRST Global International dasturidagi eng yuqori natijalar uchun beriladigan Albert Eynshteyn nomidagi mukofotni qoʻlga kiritdi. Ruminiya kumush, Turkiya bronza medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, oʻrmon yongʻinlari muammosiga oid yangi texnologiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan Igniting Innovation New Technology Experience dasturi doirasida Kayman orollari oltin, Moldova kumush, Slovakiya esa bronza medalga sazovor boʻldi.
FIRST Global Challenge musobaqasi yoshlarning robototexnika va muhandislik sohasidagi bilimlarini sinovdan oʻtkazish bilan birga, turli mamlakatlar oʻquvchilari oʻrtasida xalqaro hamkorlik va tajriba almashish imkonini ham beradi.
Tadbir yakunida 2027-yilgi FIRST Global Challenge musobaqasi Ispaniyaning Madrid shahrida oʻtkazilishi eʼlon qilindi.