Hujjatga muvofiq, “Malik — Sirdaryo” hamda “Oq oltin — Selinniy” avtomobil oʻtkazish punktlarining maqomi ikki tomonlamadan xalqaro (koʻp tomonlama) maqomga oʻzgartiriladi.

Shuningdek, mazkur oʻtkazish punktlari endi faqat kunduzgi vaqtda emas, balki sutka davomida 24 soat ishlaydi.

Yangi tartibga koʻra, “Oq oltin — Selinniy” oʻtkazish punkti orqali yengil avtomobillar, boʻsh yuk mashinalari, shuningdek, yirik hajmli va ogʻir vaznli yuklar harakatlanishi mumkin boʻladi.

“Malik — Sirdaryo” oʻtkazish punkti esa yengil avtomobillar hamda boʻsh yuk transportlari uchun xizmat qiladi. Ushbu punkt orqali tijorat maqsadida yuk va tovarlar oʻtkazilishi nazarda tutilmagan.

Qayd etilishicha, mazkur oʻzgarishlar hamda chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida transport hamda yoʻlovchilar oqimini yanada samarali taqsimlash, chegaradan oʻtish jarayonini yengillashtirishga xizmat qiladi.