Bu masala Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University)da boʻlib oʻtgan ikki mamlakatning tegishli idoralari vakillari ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Tomonlar atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, monitoring tizimini takomillashtirish va transchegaraviy havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan qoʻshma amaliy chora-tadbirlarni koʻrib chiqdi.
Uchrashuv joriy yil 11 aprel kuni Buxoroda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev oʻrtasidagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi boʻldi. Davlat rahbarlari oʻshanda chegaraoldi hududlarda «Toza havo» loyihasini amalga oshirish muhimligini taʼkidlagan edi.
Muhokamalarda havo sifati monitoringi, atmosfera sirkulyatsiyasi jarayonlari hamda PM10 va PM2.5 mayda zarrachalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.
Oʻzbekiston tomoni yirik shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishining asosiy qismi antropogen manbalar hissasiga toʻgʻri kelishini, shu bilan birga atmosfera sirkulyatsiyasi va havo massalarining koʻchishi ham muhim omil ekanini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat olimlari ishtirokida qoʻshma ishchi guruh tuzish hamda transchegaraviy atmosfera ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida Qozogʻiston delegatsiyasi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan «Toza havo» umummilliy loyihasi bilan ham tanishdi. Xususan, delegatsiya Toshkent viloyatidagi issiqxonalarni Surxondaryo viloyatiga koʻchirish ishlarini, shuningdek, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida joriy etilgan zamonaviy gaz tozalash va chiqindilarni filtrlash tizimlarini koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, mehmonlarga avtotransport vositalari uchun joriy etilgan ekologik stikerlar tizimi ham taqdim etildi.