Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqining orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi.
Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidentining sa’y-harakatlari tufayli bugun mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan dadil ilgarilab, xalqaro maydondagi nufuzini izchil mustahkamlab borayotganini alohida ta’kidladi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Tojikiston Prezidentining joriy yil 26-27-mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini muhokama qildilar.