Eng koʻp eʼtibor qimor va bukmekerlik xizmatlari reklamasiga qaratilgan. Qoʻmita monitoringlari davomida totalizator va bukmekerlik reklamasi bilan bogʻliq 82 ta holat qayd etilgan.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni targʻib qiluvchi 76 ta veb-sayt boʻyicha ularni bloklash yuzasidan vakolatli organlarga soʻrovlar yuborilgan. Natijada 50 dan ortiq sayt faoliyati cheklangan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi monitoringlar davomida esa katta auditoriyaga ega sahifalarida qimor va bukmekerlik xizmatlarini targʻib qiluvchi sahnalashtirilgan videolarni joylashtirgan 3 nafar bloger aniqlangan. Ularga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “Melbet” brendi orqali qimor oʻyinlarini targʻib qiluvchi videoroliklarni joylashtirish bilan bogʻliq holatlar aniqlangan. Bu holatlar boʻyicha fuqarolar maʼmuriy javobgarlikka tortilib, tegishli materiallar sudga yuborilgan.

Qonunbuzarliklar faqat qimor reklamasi bilan cheklanmagan. Qoʻmita qariyb 250 ta holatni oʻrganishda 54 tasida tamaki, alkogol, elektron sigareta va pivo kabi taqiqlangan mahsulotlar reklamasi joylashtirilganini aniqlagan.

Dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar reklamasi boʻyicha oʻtkazilgan 545 ta oʻrganishning 51 tasida ham qonun talablari buzilgan.

Shuningdek, ayrim dori vositalari va tibbiy buyumlar reklamalarida milliy va oilaviy anʼanalar, axloq va maʼnaviyatning umum qabul qilingan normalariga zid boʻlgan shakl, ibora va obrazlardan foydalanilgan holatlar aniqlangan.

Umuman, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha 83 ta subyektga nisbatan taʼsir choralari qoʻllangan.

Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, reklama ekspertizasi va tahlili jarayonida 18 mingdan ortiq reklama oʻrganilgan. Ularning 25 foizi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga nomuvofiqligi boʻyicha xulosalar berilgan.

Bundan tashqari, OAV, Telegram kanal va guruhlari, “.uz” domenidagi veb-saytlar maʼmurlari, reklama agentliklari, reklama beruvchi va tarqatuvchilarga qonunchilik talablariga rioya etish boʻyicha 10 mingga yaqin ogohlantirish va soʻrovlar yuborilgan.

Raqobat qoʻmitasi reklama bozorida qonun talablariga rioya etilishini nazorat qilish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha monitoringlarni davom ettirmoqda.