Har kuni bu ishlarga o‘rtacha 4,5 mingta maxsus texnika va 10 mingdan ortiq xodim jalb etilmoqda. Natijada bir kunda 30–40 ming tonna chiqindi olib chiqilmoqda.

40 kun davomida esa jami 1 million 400 ming tonna qattiq maishiy chiqindi hamda 2 ming tonna qurilish chiqindisi olib chiqilib, utilizatsiya qilindi.

Hozirga qadar respublikadagi 8 150 ta mahallaning 7 674 tasi tozalik aksiyalari bilan to‘liq qamrab olindi.

Ishlarni muvofiqlashtirish uchun Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, uning hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlarida maxsus shtablar tashkil etilgan. Mas’ul xodimlar hududlarga biriktirilib, kecha-yu kunduz navbatchilik va doimiy monitoring yo‘lga qo‘yilgan.

Texnikalarning uzluksiz ishlashini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Aniqlangan 64 ta nosozlikning 52 tasi tezkor bartaraf etildi, 12 ta texnika almashtirildi. Favqulodda holatlar uchun yana 155 ta texnika zaxirada saqlanmoqda.

Tozalik tadbirlari davomida qonunbuzarliklarga qarshi nazorat ham kuchaytirildi. Chiqindilar bilan bog‘liq 97 ta huquqbuzarlik aniqlanib, qoida buzarlarga jami 165,4 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Ayni paytda bozorlar, savdo majmualari, bog‘lar va dam olish maskanlarida tozalikni ta’minlash ishlari kuchaytirilgan. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’mirlashdan hosil bo‘lgan chiqindilar ham tezkor olib chiqilmoqda.

Shu bilan birga, aholIdan kelib tushgan 327 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ularning 275 tasi joyida hal etilgan, 52 tasi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Qisqasi, bayram kunlari dam olishga chiqqanlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Ammo yurt tozaligi uchun mas’ul minglab insonlar xizmatda. «Dolzarb 40 kunlik» doirasidagi ishlar esa tasdiqlangan reja asosida izchil davom etmoqda.