Korxonalarda ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘layotgan chiqindilar hajmi katta. Ular orasida qayta ishlash mumkin bo‘lgan materiallar bilan birga inson salomatligi va tabiat uchun xavfli moddalar ham bor. Ularni yillar davomida saqlash muammoni hal qilmaydi. Xavfli qismini zararsizlantirish, foydali tarkibini ajratib olish va iqtisodiy aylanmaga qaytarish zarur.
Davlatimiz rahbarining “Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada to‘planib qolgan masalalarni tizimli hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Hujjatda xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish, ularning noqonuniy muomalasiga yo‘l qo‘ymaslik, davlat nazoratini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Masalaning mohiyati birgina chiqindilarni zararsizlantirish bilan cheklanmaydi. Ishlab chiqarishdan qolgan har bir resursning keyingi taqdirini belgilash, undan inson va tabiatga zarar yetkazmagan holda foyda olish imkoniyatini izlash muhim. Xavfsizlik va iqtisodiy samarani bir nuqtada uyg‘unlashtirish soha oldidagi asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda.
Hujjatda tog‘-kon metallurgiyasi, kimyo sanoati, neft-gaz va energetika kabi sohalarda hosil bo‘layotgan xavfli, jumladan, radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash darajasini 20 foizga yetkazish, ular ustidan davlat nazoratini ta’minlash va noqonuniy muomalasining oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Korxonadan chiqqan xavfli chiqindini “olib ketdik, qayta ishladik” degan birgina gap bilan ish bitmaydi. Uning qayerda hosil bo‘lgani, tarkibida nima borligi, qaysi moddasi qanchalik xavfli ekani aniqlanmas ekan, keyingi qadamni belgilab bo‘lmaydi. Chiqindini saralash, maxsus transportda tashish, xavfsiz saqlash, zararsizlantirish va qayta ishlash — bir-biriga ulangan yagona zanjir. Shu zanjirning bir bo‘g‘ini ishlamasa, muammo yana boshqa joyda paydo bo‘ladi.
Buning yana bir oddiy sababi bor: chiqindi yo‘qolib ketmaydi. Bugun korxona hududining bir chetida uyulib yotgan chiqindi ertaga yer masalasiga, ekologik xavfsizlikka, keyin esa yana qo‘shimcha xarajatga aylanishi mumkin. Shu ma’noda, yillar davomida to‘plangan xavfli chiqindilarga endi shunchaki “eski qoldiq” deb qarashning o‘zi yetarli emas.
— Xavfli chiqindilar ko‘p yillardan beri qarovsiz holda yer maydonlarini egallab yotgan edi. Qarorda shu chiqindilarni olib, to‘g‘ri foydalangan holda iqtisodiyotga kiritish bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilab berildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — kelajak avlodga va aholiga musaffo ekologiya qoldirish, — deydi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivoj-lantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov.
Sanoatda ham samaradorlik faqat ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish bilan o‘lchanmaydi. Xomashyoning qancha qismi mahsulotga aylandi, qancha qismi chiqindi bo‘ldi, chiqindining qanchasini qayta iqtisodiy aylanmaga kiritish mumkin — bu savollar ham korxona faoliyati samaradorligiga daxldor. Xavfli chiqindilarni boshqarish tizimidagi yangi yondashuvning iqtisodiy ahamiyatini ham shu nuqtadan baholash kerak. Agar chiqindining xavfli qismi ajratib olinib, qolgan materialdan qayta foydalanish imkoni bo‘lsa, xarajatning bir qismi iqtisodiy qiymatga aylanishi mumkin. Masalan, xavfli sanoat chiqindilarini qayta ishlash jarayonida zaharli moddalar kimyoviy usulda ajratib olinib, qoladigan tuproq va boshqa materiallar qayta ishlanishi mumkin. Ulardan ikkilamchi qurilish materiallari olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu yondashuvda chiqindiga ishlab chiqarish jarayonining oxirida tashlab qo‘yiladigan qoldiq emas, keyingi ishlab chiqarish uchun xomashyoga aylanishi mumkin bo‘lgan resurs sifatida qaraladi.
Radioaktiv chiqindilar bugun ko‘plab davlatlar uchun oson hal bo‘ladigan masala emas. Atom energetikasi, uran qazib olish, tibbiyot va ilmiy tadqiqotlar rivojlan¬gani sari bunday chiqindilarni xavfsiz bosh¬qarishga ehtiyoj ham ortib bormoqda. Shu sababli mamlakatlar radioaktiv chiqindilarni shunchaki saqlab qo‘yish emas, uning butun mavjudlik siklini nazorat qilishga qaratilgan turli yechimlarni ishlab chiqmoqda.
Ayrim davlatlarda qayta ishlash texnologiyalari rivojlantirilib, radioaktiv materiallarning qayta foydalanish imkoniyati bo‘lgan qismlari ajratib olinmoqda. Ayrim joylarda esa chiqindi hosil bo‘lganidan tortib, uni saqlash yoki yakuniy joylashtirishgacha bo‘lgan har bir bosqich raqamli tizimlar orqali kuzatib boriladi.
Qarorga asosan, O‘zbekistonda ham radio¬aktiv chiqindilar bilan ishlash tizimini shu talablar asosida takomillashtirishga qaratilgan vazifalar belgilangan. Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazining Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivoj¬lantirish agentligi tizimiga o‘tkazilishi, xavfli chiqindilarni boshqarish va ularni qayta ishlash direksiyasining tashkil etilishi sohada ilmiy va amaliy yondashuvni kuchaytirish uchun zamin yaratadi. Endi radioaktiv chiqindilarni saqlash bilan bir qatorda ularni o‘rganish, saralash, qayta ishlash va xavfsiz utilizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ham kun tartibiga chiqmoqda.
— Bugungacha radioaktiv chiqindilar bo‘yicha ilmiy ishlar deyarli qilinmagan. Bunga asosiy sabab olimlarni moddiy rag‘batlantirish bo‘lmaganidadir. Endi qaror natijasida kelgusida radioaktiv chiqindilar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazamiz va bu jarayonga olimlar hamda yoshlarni jalb qilamiz. Bu iqtisodiyotimiz ravnaqi uchun katta turtki bo‘ladi. Sababi bu yangi soha. Ishni yo‘lga qo‘yib olsak, kelajakda radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash, saralash, utilizatsiya qilish borasida muammo bo‘lmaydi, — deydi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi direktori Azizbek Boltaboyev.
Radioaktiv materiallarni saralash, qayta ishlash va zararsizlantirish texnologiya¬lari tayyor holda kelavermaydi. Ularning bir qismi mahalliy sharoitga moslashtirilishi, ayrimlari esa o‘zimizda ishlab chiqilishi kerak. Bu esa ilmiy tadqiqotlar, yangi mutaxassislar va yoshlarning ushbu sohaga kirib kelishini talab etadi.
— Olim sifatida bu qaror meni g‘ururlantirdi. Xalqaro tadbirlarga tajriba almashgani borganimizda biz rivojlangan davlatlarda radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash, saralash, utilizatsiya qilish keng amalga joriy qilinganini ko‘rardik. Bizda ham bu jarayon yo‘lga qo‘yilishini orzu qilardik. Qarorni o‘qib, juda xursand bo‘ldik. Sababi orzularimiz amalga oshadigan bo‘ldi. Boisi, ushbu qarorda bizda ham radioaktiv chiqindilarni saralash, utilizatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi, — deydi Azizbek Boltaboyev.
Aslida, bugun dunyoda ekologik xavfsizlik bilan iqtisodiy manfaatni bir-biridan ajratib qarash tobora qiyinlashmoqda. Chunki chiqindini nazoratsiz qoldirishning o‘zi ham iqtisodiy zarar. Yer maydonidan samarasiz foydalanish, uni saqlash, monitoring qilish, keyinchalik zararli ta’sirlarni bartaraf etish uchun sarflanadigan mablag‘ — bularning barchasi hisobga olinishi kerak. Shuning uchun chiqindini qayta ishlashga sarflangan mablag‘ni faqat bugungi xarajat sifatida baholash bir tomonlama yondashuv bo‘ladi.
Ba’zan iqtisodiy samara ishlab topilgan pulda emas, keyin sarflanishi mumkin bo‘lgan mablag‘ni tejashda ko‘rinadi. Ba’zan esa u ikkilamchi xomashyo, yangi mahsulot, yangi texnologiya yoki yangi ish o‘rni shaklida namoyon bo‘ladi. Xavfli chiqindilarni qayta ishlash sohasining rivoji ham ana shunday ko‘p qirrali samara berishi mumkin.
Bu jarayonda nazorat masalasi ham chetda qolmasligi kerak. Xavfli chiqindi qayerda paydo bo‘ldi, qancha miqdorda hosil bo‘ldi, qayerga olib ketildi, kim qabul qildi, qanday usulda qayta ishlandi yoki zararsizlantirildi — bu savollarning har biri aniq javobga ega bo‘lishi lozim. Aks holda, eng zamonaviy texnologiya ham to‘liq samara bermaydi.
Shu bois, 2027-yil 1-yanvarga qadar xavfli chiqindilarning raqamli pasporti hamda birinchi-uchinchi xavflilik sinfiga mansub chiqindilarning har bir tonnasi hosil bo‘lgan obyektdan boshlab utilizatsiya qilinadigan joygacha real vaqt rejimida monitoring qilinishi imkonini beruvchi axborot tizimini ishlab chiqish belgilangan. Oddiy qilib aytganda, xavfli chiqindining “qayerdan chiqqani va qayerga ketgani” noma’lum bo‘lib qolmasligi kerak.
2026-yil 1-oktabrdan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlarning statistika hisobotlarini yil yakuniga ko‘ra shakllantirib borishi va ularda nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarning bajarilishi ustidan nazorat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — “eko-politsiya” tomonidan amalga oshiriladi.
Albatta, sanoat chiqindisi bilan maishiy temir-tersakni bir qatorga qo‘yib bo‘lmaydi. Ayniqsa, xavfli va radioaktiv chiqindilarda har bir qadam hisob-kitob, texnologiya va qat’iy nazoratni talab qiladi. Uni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish muammoni hal qilmaydi. Chiqindi qayerda paydo bo‘lganidan tortib, qanday saqlangani va oxirida qanday zararsizlantirilganigacha bo‘lgan jarayon nazoratda turishi kerak.
Shu bilan birga, chiqindiga faqat xavf manbai sifatida qarash ham masalaning bir tomonini ko‘rishdir. Uning tarkibida qayta ishlash orqali iqtisodiy aylanmaga qaytarish mumkin bo‘lgan materiallar bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa ilm, zamonaviy texnologiya, eng muhimi, ishlab chiqarish madaniyati o‘zgarishi kerak.
Qabul qilingan qarorning ahamiyati ham ana shu yerda namoyon bo‘ladi. Xavfli chiqindilarni hisobga olish, ularning harakatini kuzatish, radioaktiv chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha ilmiy salohiyatni kuchaytirish, qayta ishlash va utilizatsiya tizimini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar bir-biridan alohida choralar emas. Ular xavfli chiqindi bilan ishlashning yagona tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bu tizim to‘g‘ri ishlasa, natija faqat toza hudud yoki kamaygan chiqindi bilan o‘lchanmaydi. Kamroq xomashyo isrof bo‘ladi, ikkilamchi resurs paydo bo‘ladi, korxonaning keyingi ekologik xarajatlari qisqaradi, yangi texnologiya va mutaxassislarga ehtiyoj tug‘iladi. Ya’ni ekologik vazifa iqtisodiy jarayonning o‘ziga kirib boradi.
Tabiatga yetkazilgan zararni keyin bartaraf etishdan ko‘ra, oldini olish arzonroq va oqilona qaror. Chiqindini ko‘zdan yiroq qilish bilan muammo yo‘qolmaydi. Uni nazorat qilish, xavfsiz boshqarish va imkoni bor joyda qiymatini qayta tiklash ham tabiatga, ham iqtisodiyotga xizmat qiladi.
Shu bois, bugun chiqindini kamaytirish bilan cheklanib bo‘lmaydi. Gap unga munosabatni o‘zgartirishda. Kecha chiqindi deb chetga surilgan narsaga bugun resurs sifatida qarash, xavfli qismini esa mas’uliyat bilan boshqarish kerak. Ana shu qarash qarorda belgilangan vazifalarni amaliyotga aylantirsa, ekologik xavfsizlik iqtisodiy samaraning raqobatchisi emas, uning yangi tayanchiga aylanadi.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri