«9 soat»ning siri nimada?» sarlavhasi bilan yozilgan qaydlarda jurnalist Prezidentning vatandoshlar bilan uchrashuvida aytgan “Bilasizlarmi, Prezident boʻlib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!” degan soʻzlarini keltiradi.

Aziza Qurbonovaning yozishicha, Seul Toshkentdan toʻrt soat oldinda. 15-sentyabr kuni Oʻzbekistonda tonggi soat 6 boʻlgan paytda davlat rahbari Koreya Milliy Assambleyasida uchrashuv oʻtkazayotgan edi.

Jurnalist Prezident parlament spikeri bilan xayrlashayotganida “Ishlarimiz juda koʻp, soat 4 da uygʻonishga toʻgʻri kelyapti”, deganini ham qayd etgan.

Uning taʼkidlashicha, davlat rahbarining oʻsha kungi ish dasturida bir nechta uchrashuv va qabullar, Oʻzbekiston — Koreya biznes forumida nutq soʻzlash, hujjatlarni imzolash marosimi, Oʻzbekiston viloyatlaridagi 5 ta qoʻshma yangi loyihaga start berish, Koreyaning 10 ta yirik kompaniyasi bilan muzokaralar hamda vatandoshlar bilan uchrashuv bor edi.

Jurnalist protokol xizmati davlat rahbariga bir necha bor «9 soat boʻldi», deb eslatganini yozadi. Biroq Prezident vatandoshlar bilan muloqotni davom ettirgan.

Uchrashuvda Koreyada tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan oʻzbekistonliklar bilan mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar, ularning faoliyati va takliflari haqida suhbatlashilgan.

…Men mashinada koʻp yuraman, koʻchada bir-biri bilan muloqot qilib ketayotgan yoshlarni koʻrib oʻylayman: qani endi ular eng baxtli kunlari shu ekanini bilsalar…

Bilasizlarmi, Prezident boʻlib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!” degan Prezident muloqot chogʻi.

Qurbonova Koreyada tadqiqot olib borayotgan Yelena Chuyanova “ppalli-ppalli” — tezkorlik madaniyati haqida gapirganini ham keltiradi. Uning talqinida, bu taraqqiyotdan ortda qolmaslik, vaqtni nafaqat jismonan, balki maʼnan ham yengishni anglatadi.

Jurnalist bu yondashuvni Prezidentning «shoshilmasdan shoshilish» tamoyili bilan qiyoslaydi.

“Bir daqiqa ham vaqtlaringizni bekorga oʻtkazmanglar. 5-yil oʻtadi, 10-15-yil oʻtadi. Kim boshqaradi Oʻzbekistonni? Sizlar. Toʻgʻri, sogʻinch qiynaydi. Vatan sogʻinchi alamida koʻproq ilm olinglar, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilinglar”, — degan Prezidentning soʻzlarini keltiradi jurnalist.

Qurbonovaning yozishicha, vatandoshlar bilan uchrashuvdan keyin ham davlat rahbarining ish kuni davom etgan. 16-sentyabr kuni Markaziy Osiyoning besh davlati va Koreya Respublikasi ishtirokida sammit oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

“Qachon rahbar dam oladi — bu savolga javob topish butun delegatsiya uchun hozircha jumboq”, — deb yozadi jurnalist.

U oʻz qaydlarini Prezidentning «Oʻzimniyam qiynayman, sizlarniyam, ishlamaguningizcha qoʻymayman, bizga 40 million xalq qarab turibdi. Ularni rozi qilishimiz kerak», degan soʻzlari bilan yakunlaydi.