Hozir oʻttiz nafardan koʻproq nevaram, yigirma nafar chevaram bor. Ularning qurshovida baxtli hayot kechirmoqdamiz.
Toʻqsonga kirgan turmush oʻrtogʻim
menga suyov. Bir-birimizga, nevara-chevaralarga ovunamiz. Yaratganga shukr,
shuncha yoshga kirgan boʻlsak ham sogʻligimiz yaxshi. Farzandlarimiz
hamrohligida boʻlsa-da toʻy-maraka, marosimlarga boramiz. Odam zahrini odam
oladi-da. Boʻlmasa kun oʻtishi qiyin.
Gazeta oʻqishga koʻzim boʻlmaydi,
ammo telekanallarni koʻraman. Koʻrganda ham soatlab koʻraman. Prezidentimiz
Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni televizorda,
amalda Zangiota tumani misolida oʻz koʻzim bilan koʻrib qalbim faxr-iftixorga
toʻladi. Shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar keltiraman.
Birgina biz yashab turgan Zangiota
tumani Nazarbek hududini olaylik. Ayniqsa, keyingi oʻn yil ichida bu yerda juda
katta ishlar qilindi. Qancha yoshlar ishli, qancha uy-joysiz, qiynalib yurgan
oilalar “kichik vatanli” boʻldi. Toʻqsoninchi yillar 3-4 mahallaga bitta doʻkon
boʻlardi. Hozir esa har mahallada yetarlicha savdo nuqtalari, xizmat koʻrsatish
shoxobchalar ishlab turibdi.
Avvallari qishda loy, yozda chang,
tunda zimiston boʻladigan koʻchalarimiz asfaltlandi, ravon va chorogʻon
yoʻllarga aylandi. Yashirmayman, bir paytlar mahallamizda elektr enargiya, suv
va gaz taʼminotida jiddiy muammolar mavjud edi. Endi bu borada kamchilik yoʻq.
Bularni, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va
imtiyozlarni koʻrib yigit boʻlib qolgim keladi.
Toʻgʻrisi, baʼzan oʻz oilamizdagi
muammoni yechishga qiynalamiz. Endi salkam 40 millionli mamlakat aholisining
kundalik hayoti bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etishni oʻylab koʻring.
Bu gaplarni gapirish oson. Davlat rahbariga yengil tutmang. U kishi boshchiligida keyingi yillarda amalga
oshirilayotgan ulkan islohotlarni–ishlarni koʻrib, toʻgʻrisi, aqlim shoshadi,
yuragim hapriqadi. Nazarimda, yetib boʻlmaydigan orzular ushalayotgandek.
Inson qadri ulugʻlanayotgan Yangi
Oʻzbekistonda yashayapmiz. Mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlar, katta
islotlar boshlangani, Uchinchi renessans poydevoriga asos solingani xalqaro
ekspertlar tomonidan etirof etilmoqda.
Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon.
Baxtli yashash uchun bundan boʻlak yana nima kerak. Buning uchun Yaratganga
shukronalar keltirib, ana shunday baxtni–imkoniyatlarni bizga–xalqimizga muhayyo etgan
Prezidentimizga ming rahmat degim keladi.
Aminjon Qodirov,
pensioner