Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Andijon viloyatiga tashrifi davomida mazkur loyihalarni ishga tushirish va ularning qurilishiga start berilgan edi.

Shu munosabat bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidayatov viloyatda faoliyat yuritayotgan quruvchilar, tadbirkorlar, loyiha va pudrat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammolarni o‘rtaga tashlab, ularning yechimi bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Vazir investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda qurilish tashkilotlarining mas’uliyati yuqori ekanini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish bilan birga, qurilishda sifat va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish zarurligi qayd etildi.

«Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini bevosita eshitish va amaliy yechimlar topish biz uchun juda muhim. Vazirlik har doim tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘lishga tayyor», — dedi Sherzod Hidayatov.

Vazirning ta’kidlashicha, qurilish sohasida inson omilini minimallashtirish, jarayonlarni shaffoflashtirish va xizmatlarni raqamlashtirish vazirlikning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish hamda mavjud muammolar yuzasidan amaliy choralar belgilashga kelishib olindi.