Maʼlum qilinishicha, 2025-yil avgust oyida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar va Bojxona idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyati Paxtaobod tumanida harakatlanayotgan “Matiz” rusumli avtomashina toʻxtatib tekshirilgan.

Tekshiruv davomida 1984-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyat uchun sudlangan shaxsga tegishli qariyb 2 kilogramm “gashish” moddasi hamda elektron tarozi aniqlangan.

Shuningdek, u jinoiy guruh yetakchisi ekani maʼlum boʻlib, uning yashash manzilidan yana 2 kilogrammdan ortiq “gashish” topilgan.

Tezkor tadbirlar davomida guruhning 1975, 1976 va 1993-yillarda tugʻilgan yana 3 nafar aʼzosi ham ushlanib, ulardan jami 391 gramm “gashish” va 542 gramm marixuana musodara qilingan.

Tergovda aniqlanishicha, guruhning yana 1981, 1984 va 1989-yillarda tugʻilgan aʼzolari Qirgʻiz Respublikasidagi narkosavdogarlardan giyohvandlik vositalarini qabul qilib olish, chegara orqali olib oʻtish va belgilangan manzilga yetkazish bilan shugʻullangan.

Maʼlumotlarga koʻra, jinoiy guruh faoliyati davomida qariyb 10 kilogramm “gashish” moddasini noqonuniy aylanmaga kiritgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Izboskan tuman sudi hukmiga koʻra, guruh aʼzolari Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan aybli deb topilib, 8-yildan 11-yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.