Marhamat tuman hokimligi maʼlumotiga ko‘ra, voqea 10 iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasa hududida xizmat vazifalarini bajarish jarayonida yuz bergan. Oqibatda texnik xodimlar I. Nishonov, M. Matxoliqov, Q. Mamajonov hamda L. Qosimov vafot etgan.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, suvlar oqimini taʼminlash tizimida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish uchun avval chuqurga santexnik tushgan. Chuqurda havo yetishmasligi sababli uni qutqarish maqsadida elektrik, bog‘bon hamda axlat tashish mashinasi haydovchisi ham pastga tushgan. Biroq to‘rtala xodim ham havo yetishmaydigan muhitda hushidan ketib, vafot etgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam samara bermagan.

Viloyat hokimining topshirigʻiga asosan voqea joyiga zudlik bilan viloyat hokimining ikki nafar o‘rinbosari yetib borib, holatni o‘rgangan. Shuningdek, marhumlarning har bir xonadoniga tashrif buyurilib, oila aʼzolariga viloyat hokimi nomidan hamdardlik bildirigan. Dafn marosimini tashkil etish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar hal etilgan.


Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan har tomonlama va xolisona tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.

Shuningdek, hodisadan so‘ng Andijon viloyati sog‘liqni saqlash muassasalarida mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi hamda xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarda ishlarni tashkil etish talablariga rioya etilishi yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish va nazorat tadbirlari kuchaytirilgan.

Mutasaddi tashkilotlar maʼlum qilishicha, holat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, tergov harakatlari yakunida voqeaning barcha sabab va omillariga huquqiy baho beriladi.