Telekanal xabar berishicha, neft narxi Donald Tramp Eron bilan kelishuv hamda AQShning ushbu mamlakatga qarshi dengiz blokadasi tugatilganini ma’lum qilganidan so‘ng pasaydi.

Brent rusumli neft narxi 3,9 foizga tushib, bir barreli taxminan 84 dollarni tashkil etdi. Amerika nefti narxi esa 4,8 foizga pasayib, bir barreli qariyb 81 dollarga yetdi. Agar neft narxi shu darajada saqlanib qolsa, bu 2026-yil 4-martdan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich bo‘ladi.

“Juma kuni neft narxi urushning birinchi haftasidan beri birinchi marta bir barrel uchun 90 dollardan pastga tushdi. Shunga qaramay, narxlar AQSh va Isroilning Eronga hujumlaridan oldin hali 70 dollardan pastga yetmagan edi”, — deb ta’kidladi nashr.

Bu borada mutaxassislar neft bozorida neft oqimini barqaror holatga keltirish uchun hali ham ancha ko‘p ish qilinishi kerakligini ta’kidladilar. Buning uchun Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni barqarorlashtirish, bo‘g‘ozga kirish va chiqishda to‘siqsiz kemalar harakatini ta’minlash, Yaqin Sharqda neft ishlab chiqarishni tiklash, neftning favqulodda zaxiralarini to‘ldirish hamda zarar ko‘rgan energetika obyektlarini ta’mirlash zarur.

Neft tahlilchilari umumiy hisobda neft narxi bir muddat yuqori darajada saqlanib qolishini ta’kidlashmoqda. Narx dastlab pasayishi mumkin bo‘lsa-da, talab qaytadan oshishi, ayniqsa favqulodda zaxiralar to‘ldirilganidan so‘ng, uning yana tiklanishi kutilmoqda, deb xabar berdi Kazinform.

Mutaxassislar shuningdek, Yaqin Sharqdagi neft quduqlari urush vaqtida asosan to‘xtab qolganini va ular qayta ishga tushirilgandan keyin ishlab chiqarishni tiklash bir necha hafta davom etishi mumkinligini ta’kidladilar.